Obama qo‘riqchilari yomon xulqi tufayli Kolumbiyadan qaytarilgan

Image copyright AFP
Image caption Kolumbiyadagi sammit Obama uchun shundoq ham oson kechmasligi kutilayapti

Prezident Obamani Kolumbiyaga safari chog‘ida himoya qilish vazifasi topshirilgan maxsus agentlar yomon xulqi tufayli AQShga qaytarib yuborilganlar.

Maxfiy xizmat agentligi mazkur agentlar aynan nima qilganlarini ochiqlamadi, ammo matbuotda paydo bo‘lgan xabarlarga ko‘ra, Obama qo‘riqchilari fohishalar xizmatidan foydalanganlar.

Agentlik ortga qaytarilgan qo‘riqchilarning aniq soni borasida ham ma‘lumot bermayapti, biroq xabarlarda ular o‘ndan ortiq ekani aytiladi.

Maxfiy xizmat agentligi voizi Edvin Donovan BBCga agentlar almashtirilgani va Obama janoblari xavfsizligiga hech qanday xavf yo‘qligini aytdi.

Washington Post gazetasida yozilishicha, 12 nafar agent ortga qaytarilgan, va ulardan kamida bir nafari fohishalar xizmatidan foydalanganlikda gumon qilinadi.

Kartaxena shahrida bo‘lib o‘tayotgan Amerika davlatlari sammitiga 30dan oshiq davlat rahbarlari kelishgan. Sammit iqtisodiy siyosat va savdo masalalarini muhokama etadi.

BBC muxbiri Arturo Uollesning xabar qilishicha, AQSh agentlari atrofidagi mojarosiz ham AQSh uchun bu sammit oson kechishi kutilmaydi. Unda giyohvand moddalarni qonuniylashtirish va Kubaga qarshi sanktsiyalar muhokama qilinadi.

Ekvador Prezidenti Rafael Korrea yig‘inga Kuba vakillari taklif qilinmagani tufayli uni boykot qilmoqda. Venesuela Prezidenti Ugo Chavesning ham ishtirok etishi savol ostida.

Avvalroq Kartaxena politsiyasi ikkita portlash yuz berganini ma‘lum qilgan, biroq portlashlar katta zarar yetkazmagan.

Portlashlardan avval Kolumbiya poytaxti Bogotadagi AQSh elchixonasi yaqinida kamida bir portlovchi modda ishga solingan. Bu holatda ham talafon yo shikast yetkazilmagani aytiladi.