O‘sh markazida keksa odam o‘ziga o‘t qo‘ygan

Image caption Rasmiylarga ko‘ra, Qanibek Sayitbekov mamlakatdagi tinimsiz namoyishlarga qarshi norozilik sifatida O‘shdagi Lenin haykali oldida o‘ziga o‘t qo‘ygan

O‘shlik nafaqaxo‘r Qanibek Sayitbekov shahar markaziy maydonida o‘ziga o‘t qo‘ygan.

Qirg‘iziston rasmiylariga ko‘ra, Oloy tumanidan bo‘lgan 65 yashar otaxon yakshanba oqshom kasalxonada olamdan o‘tgan.

Mamlakat Ichki ishlar vazirligi Qanibek Sayitbekov Qirg‘izistondagi namoyishlariga qarshi norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘yganini aytmoqda.

Rasmiylar voqea joyida marhumning kiyim-kechak va daftari topilganini, unda o‘z joniga qasd qilish sababi yozilganini da‘vo qilishmoqda.

"Mening o‘limimga sabab - Qirg‘izistondagi mitinglar jonimga tegib ketdi" - kabi bitiklar bor, deb aytadi Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari.

So‘nggi haftalar davomida parlamentdagi muxolifat Qirg‘izistonning turli mintaqalarida aksilhukumat namoyishlarini tashkil etib kelishadi.

Ammo Qirg‘izistondagi BBC jurnalistiga ko‘ra, marhum Sayitbekovni yaqindan bilgan odamlar uning o‘z joniga qilishi sababi aslida siyosiy emas, deb aytishgan.

Xususan, uning shaxsiy hayotidagi qiyinchiliklar va ijtimoiy muammolar bu qadamga undagan bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

Ammo hozirgacha marhumning shaxsiy hayoti borasida ko‘p tafsilotlar aniq emas.

Uning ismi, yoshi va qayerlik ekani haqidagi ma‘lumotlarni esa kasalxonaga keltirilgan payti shifokorlarga o‘zi aytgan, deyiladi. Ayni damda, rasmiylar uning jasadi dafn etish uchun yaqinlariga qaytarilganini aytishmoqda.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi vebsahifasidagi xabarda yozilishicha, uning yon daftarchasida yana bir iltimos bitilgan bo‘lgan.

"Imkoni bo‘lsa mening keksa rafiqamga yordam qilinglar, iltimos".