"Qirg‘izistondagi siyosiy kuchlar etnik masaladan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishlari mumkin"

Image copyright BBC World Service

Qarorgohi Bryusselda joylashgan Alisher Navoiy tadqiqot markazi chiqargan yangi hisobotda Qirg‘izistondagi tang vaziyat manzarasida siyosiy kuchlar yana etnik masaladan foydalanib qolishlari mumkinligi haqida ogoh yangradi.

Hisobotda aytilishicha, oxirgi vaqtlarda mamlakat janubida qator norozilik chiqishlarini uyushtirib kelgan muxolif harakatlar, shuningdek, qudratdagi kuchlar ham kezi kelganda hodisalarni o‘z foydalariga burish yo‘lida bunga qo‘l urishlari ehtimoli bor.

Qirg‘iziston janubidagi o‘zbek jamoasi yakkalanib borayotgani haqida Xalqaro Inqiroz Guruhi ham yaqinda hisobot chiqargandi, lekin siyosiy kuchlarning bu muammodan foydalanib qolish xulosasiga kelishga nima asos beradi?

Hisobot muallifi Suhrob Ismoilovning BBC bilan suhbatda aytishicha, Qirg‘izistondagi vaziyat o‘zining xavflilik darajasi bo‘yicha 2010 yil iyul oyi hodisalaridan avval bo‘lgan holatga hozirda juda o‘xshashdir.

"Bundan tashqari 2010 yilgi zo‘ravonliklar qurbonlari, asosan o‘zbek jamosi vakillari uchun adolatning hanuz ta‘minlanmagani, ularning aksariga nisbatan noqonuniy qamoqqa olishlar, asossiz ravishda jinoyat ishlari ochib, pul talab qilishlar, millatchilik asosida tazyiqqa olish holatlari kabi omillar bilan bu vaziyat yanada og‘irlashmoqda", dedi tahlilchi.

Suhrob Ismoilovga ko‘ra, Qirg‘izistondagi siyosiy vaziyat ham juda qaltis.

"Millatchi siyosatchilar vaziyatni yanada chigallashtirishga harakat qilmoqdalar. Muxolifat yana hokimiyatni o‘zgartirish ilinjida ekan, ikkala tomon ham "o‘zbeklar masalasini" o‘rtaga solish bilan o‘zlarini hokimiyatga yaqinlashtirish yoki hokimiyatdagilar uni ushlab qolishga urinishlari mumkin", deya ilova qildi Suhrob Ismoilov.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, Qirg‘iziston janubida qurolli to‘qnashuvlardan ham toymaydigan shaxslar bor. Bundan tashqari hukumat tarkibida ham norasmiy qurolli guruhlarni ishga solishdan qochmaydigan odamlar ham bor.

Ushbu hisobot yuzasidan O‘sh shahar hokimi matbuot xizmati bayonot chiqarib, unda aytilgan hamma nuqtalarni rad etgan.

"O‘sh shahar hokimiga tegishli 300 kishidan iborat qurolli guruhning Papan suv ombori mintaqasida tayyorgarlikdan o‘tkazilayotgani borasida hisobotda keltirilgan ma‘lumot mutlaqo asossizdir. Biz nohukumat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini u yerga borib bunga ishonch hosil qila olishlari uchun safar tashkil etishga tayyormiz", deyilgan ushbu bayonotda.

Alisher Navoiy tadqiqot markazi chiqargan hisobot mualliflari esa bu kabi ma‘lumotlar o‘ta ishonchli manbalardan olinganligini aytadilar.

Muallif Suhrob Ismoilovning aytishicha, avvalgi zo‘ravonliklarda aybdorlarning javobgarlikka tortilmagani siyosatchilarni bu yo‘ldan yana bir bor foydalanishga unadayotgan omillardan biridir.

"Bizning maqsadimiz Qirg‘iziston jamiyatida ro‘y berayotgan tendentsiyalarni ko‘rsatishdir. Bizning asosiy tomonlar va xalqaro hamjamiyatga ogohimiz va hadigimiz shundan iboratki, Qirg‘izistondagi joriy holatni nazardan qochirmaslik kerak. Va agradaki yana xavfli vaziyat takrorlanadigan bo‘lsa voqealar boshlanishidan avval yoki dastlabki soatlaridayoq aralashib, insoniy talofatlarning oldini olib qolishga tayyorlik va siyosiy iroda mavjud bo‘lish kerak", dedi tahlilchi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi