Ruslan Chagayev Billi Zumbrunga qarshi ringga tushadi

Image copyright AFP

Professional boksning WBA tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni, o‘zbekistonlik dongdor bokschi Ruslan Chagayev navbatdagi reyting jangini 21 aprel kuni amerikalik raqibiga qarshi o‘tkazadi.

"Bolakay" laqabi bilan tanilgan Billi Zumbrunga qarshi sakkiz raundlik jang Olmoniyaning Shverin shahrida bo‘lib o‘tadi.

Bu – Ruslan Chagayevning o‘tgan yil jahon chempionligi uchun kurashda rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga yutqazib qo‘yishi ortidan o‘tkazayotgan ikkinchi jangidir.

Ruslan jahon chempionligi kamari uchun qariyb tengma-teng kechgan o‘sha jangda ham Aleksandr Povetkinga faqat ochkolar hisobiga mag‘lub bo‘lgandi, xolos.

O‘zbekistonlik taniqli bokschi so‘nggi mag‘lubiyati ortidan shu yilning yanvar oyida ringga tushgan va trinidad va tobagolik raqibi Kertson Mensuell ustidan mutlaq g‘alaba qozongandi.

Bo‘lajak raqib

Amerikaning Yuta shtatidan bo‘lgan 39 yoshli Billi Zumbrun professional boksdagi 12 yillik faoliyati davomida faqat bir marotaba chetda jang o‘tkazgan.

Olmoniyaning Dyusselьdorf shahrida bo‘lib o‘tgan o‘sha jangda ham Billi Zumbrun asli ukrainalik raqibi Aleksandr Dmitrenkoga ochkolar hisobiga yutqazib qo‘ygan.

Uning professional ringda ja‘mi 38 jang o‘tkazgani, shuning 25 tasida g‘alaba qozonib (15 tasida nokaut qilib), 12 tasini boy bergani aytiladi.

Bitta janggi esa, durang natija bilan yakunlangan.

Ruslan Chagayev bo‘lajak raqibidan 6 yosh kichkina.

Ikkovlon bundan avval hech qachon bir-birlariga qarshi ringga tushishmagan.

Chempionlik da‘vosi

O‘zbekistonlik dongdor bokschi WBA tasnifida o‘z reytingini yaxshilab, shu yil oxiri yo kelasi yil boshlarida yana jahon chempionligi kamari uchun bellashmoqchi.

U ana shu maqsadda bu yil yana qator janglar o‘tkazish rejasida.

Ruslan Chagayev bundan besh yil burun rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan edi.

Buning ortidan, o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya etishga ham muvaffaq bo‘lgandi.

Ammo 2009 yilning iyun oyida WBO va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni ukrainalik raqibi Vladimir Klichkoga yengilib, chempionlik kamaridan butkul mosuvo bo‘lgandi.

Ruslan Chagayev professional ringda ja‘mi 31 ta jang o‘tkazib, shundan 28 tasida g‘alaba qozongan.

Ruslan o‘z vazn toifasida ham professional va ham havaskor boksda dunyodagi eng kuchli bokschilardan biri sifatida tan olinadi.

U bir necha yildan buyon Olmoniyaning Universum Box-Promotion klubida shug‘ullanib keladi.

Billi Zumbrun bilan jang klub uyushtirayotgan yirik boks kechasi doirasida bo‘lib o‘tadi.