Afg‘oniston: 100dan ortiq o‘quvchi qizlar "zaharlangan"

Image caption 2001 yilda Tolibon ag‘darilishi ortidan afg‘on xotin-qizlari maktablarga qaytishgan.

Afg‘oniston shimoli-sharqida 100dan ortiq o‘quvchi qizlar zaharlanganlikda gumon qilinib, shifoxonaga yotqizilgan.

Tahhor viloyatining sog‘liq boshqarmasi boshlig‘iga ko‘ra, qizlar maktabda suv ichganlaridan so‘ng o‘zlarini yomon his qilishgan.

Kobuldagi maorif vazirligi mulozimining aytishicha, dastlabki tekshiruv natijalari suv zaharlanganini ko‘rsatgan.

Tahhordagi mahalliy rasmiylardan biri hodisa uchun qizlarninng ta‘lim olishiga qarshi bo‘lgan odamlar mas‘ul ekanini aytgan.

Bu kabi hodisalar haqida avval ham xabarlar olingan, ammo pirovardida zaharlanishni tasdiqlovchi dalillar qo‘lga kiritilmagan.

Mahalliy rasmiyga ko‘ra, 40 nafar o‘quvchi qizlar davolanib, shifoxonadan chiqarilgan, ammo ko‘ngil aynishi, boshog‘riq va bosh aylanishidan shikoyat qilgan yana 100 kishi shifoxonada qolmoqda.

Ular orasida muallimalar ham bor.

Suv namunasi tahlil uchun laboratoriyaga yuborilgan, rasmiylar to‘laqonli tekshiruv o‘tkazishni so‘rashgan.

Tahhordagi ta‘lim boshqarmasi mulozimining aytishicha, zaharlanganlikda gumon qilinganlarning yoshi 14-30 orasida.

Mulozim hodisa ortida qizlarning ta‘lim olishiga qarshi bo‘lgan "mahdud odamlar" turganini aytdi.

2001 yilda Tolibon ag‘darilishi ortidan afg‘on xotin-qizlari maktablarga qaytishgan.

Ammo hanuz o‘quvchi qizlar, o‘qituvchilar va maktab binolariga hujumlar yuz berib turadi.

Bu kabi hujumlar, ayniqsa, aholisi an‘anador bo‘lgan mamlakat sharqi va janubida bot-bot yuz beradi.

Avvalroq afg‘on hukumati tinchlik muzokaralarida mo‘‘tadilroq yuzini ko‘rsatishga urinayotgan Tolibon xotin-qizlarning ta‘lim olishiga muxolifligidan voz kechganini aytgan edi.

Ammo Tolibonning o‘zi hech qachon bu borada ochiq bayonot bilan chiqmagan.