Arab Amirliklari: "Facebook" foydalanuvchisi Islomni tahqirlashda ayblanmoqda

Image caption Bu ijtimoiy tarmoq saytidagi birinchi shakkoklik ayblovi emas

Abu-Dabida o‘zining "Facebook"dagi sahifasida Islomni tahqirlaganlikda ayblanayotgan shaxs ustidan mahkama jarayoni boshlangan.

Xabarlarda ayblanuvchining ismi-sharifi tilga olinmaydi, faqat uning arab ekani aytilgan.

Mahkamaga taqdim etilgan tibbiy hisobotda ayblanuvchining ruhiy nosog‘lom ekani aytiladi.

Emirates24/7 vebsaytining xabar berishicha, seshanba kungi mahkamada ayblanuvchiga nisbat berilgan va Islomga qarshi deb ta‘riflangan rasmlar hamda yozuvlar namoyish etilgan.

Xabarda aytilishicha, ayblanuvchi ularning o‘ziga tegishli ekanini tan olgan.

"Avvalgi mahkamada hakam undan biron-bir ruhiy muammosi bormi, deya so‘raganida u "ha, deb javob berdi. Shundan so‘ng hakam ayblanuvchini tibiby ko‘rikdan o‘tkazishga buyurdi", deb yozadi "Emirat Alyoum daily" nashri.

Xabarga ko‘ra, seshanba kuni mahkamaga taqdim etilgan tibbiy xulosada ayblanuvchining o‘z harakatlari uchun mas‘ul emasligi" aytilgan.

Mahkama hukmining 1 mayda e‘lon qilinishi aytilgan.

"Shakkok sahifalar"

Bu ijtimoiy tarmoq sahifasi bilan bog‘liq birinchi mahkama ishi emas.

O‘tgan yil mayida "Facebook"dagi sahifalardan birida foydalanuvchilardan Muhammad Payg‘ambarni mazax qiluvchi rasmlarni yuborish so‘ralgan yozuv musulmonlarning g‘azabnok chiqishlariga sabab bo‘lgan.

Pokiston rasmiylari "Facebook"ni yopib qo‘yishgan.

Pokistonning Federal Jurnalistlar Uyushmasi 19 maydan 31 mayga qadar davom etgan taqiqni qo‘llab quvvatlagan.

"So‘z erkinligi hech kimga o‘zgalarning diniy va boshqa hissiyotlari, yo-da jamiyatdagi normalar bilan bilan o‘ynash huquqini bermaydi", deb aytgan Uyushma o‘z bayonotida.

Xalqaro matbuot tashkilotlari taqiqni qoralashgan.

Keyinroq taqiqni bekor qilish haqida qaror chiqargan Lahordagi Yuqori Mahkama hukumatni butun-boshli saytni emas, balki shakkok deb ko‘rilgan alohida sahifalarni to‘sib qo‘yishga imkon beruvchi tizimni ishlab chiqishga chaqirgan.

Ammo Parijdagi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti shakkoklikka qarshi kurash shiori ostida internetni filtrlovchi tizim ishlab chiqilishi ehtimolidan xavotir bildirgan.