Olimpiya xiyoboniga sayohat yoki gapning po‘stkallasi qanaqa bo‘ladi?

Image caption Mana bu Akvopark Olimpiya xiyobonidagi eng yirik sport inshootlaridan biridir

Kirish so‘zimning o‘zidayoq gapni po‘stkallasidan boshlay qolay:

Olimpiada O‘yinlariga "mezbonlik qilish", ustiga ustak, uni yoritishing kerakligi hech xayolingga kelganmi, deydigan bo‘lsangiz, ishoning, bunday o‘y xayolimning tor ko‘chasi uyoqda tursin, kengidan ham o‘tgan emas. Chunki bundan buyog‘idagi hikoyamni nazarda tutsam, "Hayotda nimalar bo‘lmaydi", deb yana bir bor taqdirning qanchalar jumboq ekaniga iymon keltirib yuborasan kishi. "Har qanday ehtimol"ni o‘zida tashuvchi "nimalar"ning ibtidosi London Yozgi Olimpiada O‘yinlariga naq 100 kun qolay deganda muharririmning, "Boshqa xizmatdagi hamkasblaring bilan O‘yinlar sathiga bir borib kelsang, yomon bo‘lmasdi", degan kutilmagan taklifidan boshlandi. – "Shu bahona, o‘yinlarni turib, yoritishing kerak bo‘lgan studiyang bilan ham tanishib olarding...". So‘zlarimga ishoning, Olimpiada qishloqchasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish "dardi"ga hali sakkiz yosh ekanim chog‘imda, Moskvada kechgan 1980 yilgi Yozgi Olimpiada O‘yinlari chog‘ida chalinganman. Dardimning "og‘irligi" shunchalikka borganki, oradan o‘ttiz yil o‘tsa ham, ko‘zlari o‘ynoqlab, qorinchasi "do‘ppayib" turgan ayiqchani belidagi kamarining so‘nggi chiziqlarigacha qog‘ozga tushirib bera olaman. Shunday ekan, bo‘lajak safar oldidan menga o‘xshagan "dardmand"ning dardini yaxshigina his qilayotgan bo‘lsangiz kerak...

Ammo yana bir iqror

Londonda uncha ko‘p bo‘lmasa-da, hamkasblar, tanish-bilishlaringiz yo‘q emasmi, buyog‘i yana kasbingiz taqozosi, to‘yu aza yoki biror bir tadbir bahona shaharning goh shimoli, goh g‘arbida bo‘lgan esam-da, aynan Yozgi Olimpiada O‘yinlari bo‘lib o‘tajak sharqiy qismiga hech bir yo‘lim tushmagan. Shahar ham hayhotdek emasmi, tezyurar poyezdga tushib, buyog‘iga safaringizni metroda davom etdirsangiz-da, bir uchidan narigi uchiga yetib olishingiz uchun kamida ikki soat kerak bo‘ladi. Ustiga ustak, poyezd uchun olgan chiptangizning metroda o‘tmasligini ayting... London naqliyot chiptalarining kishini qanchalik "chaqishi"ni his etish uchun esa, narxiga qiyo boqishingizning o‘zi kifoya – deylik, tonggi soat 9.30 ga qadar amalda bo‘lgan bir kunlik metro chiptasining bahosi qariyb 20 AQSh dollariga teng...Siz yemaysizmi, ichmaysizmi, buyog‘i morgaj yoki ijara haqi...Shunday ekan, safaringizni asoslovchi "arzirli" bahona bo‘lmaguncha, yo‘lga chiqish yo‘q.

Sharqiy London

Ammo shuni aytishim kerakki, Sharqiy London (East End) qirollik saroylari, hukumat binolari, hashamatli teatr, qimmatbaho do‘konu restoranlar joylashgan va yashash uchun dunyodagi eng qimmatlaridan sanaluvchi G‘arbiy London (West End)ning tamom teskarisi sifatida ko‘riladi. Mintaqa asrlarki, Londonning eng tirband, kambag‘allar va muhojirlar yashaydigan qismi bo‘lib kelgan. Shu boismi, shaharning boshqa hududlari bilan taqqoslaganda, tarixida ham, bugunida ham bu yerda ishsizlik, bechoralik va jinoyatchilik hollari keng tarqalgan. Qator shov-shuvli qotillik hollari va mahalliy aholining zo‘ravon norozilik chiqishlari ham aynan shu yerda kuzatilgan. Shu boismi, mintaqa so‘nggi yillarda britan hukumatining "xos e‘tiboriga tushmay qolmagan". Har gal mezbon davlat uchun o‘ziyam bir necha milliard dollarga tushuvchi Olimpiada O‘yinlarining aynan shu yerda o‘tkazilish qarori ham buning isboti kabi. "Etagingizdan to‘kilgan barchasi qo‘njingizga tushsa", yomonmi?

London sharqiga qarab...

Image caption 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlari bahona Stratford shahrining qiyofasi butkul o‘zgargan

Avvaliga buning qanchalar yomon emasligiga meni ishontirgandek tuyulgani yangi Olimpiya xiyoboni joylashgan sharqiy Stratford shahriga boshlovchi metro bekati bo‘ldi. Londondagilari naq "San‘at asari" bo‘lishga da‘vo qiluvchi, deylik, Toshkent metro bekatlarining tamom teskarisi, shu boismi, Stratford bekatining yangicha hashamati tom ma‘noda "boshingizdan do‘ppingizni tushirmay" qo‘ymaydi. Aynan Olimpiada O‘yinlari bahona bekat yaqindagina ta‘mirdan chiqarilgan emasmi, naq 125 million funt sterling sarflangani shundoqqina ko‘rinib turibdi. Poyezd yo‘llari orasidagi yo‘laklar ham birov qo‘polroq turtib yuborsa, boshingiz bilan platformaga tushib ketishingiz tayin bo‘lgan markaziy bekatlarinikidan farq qiladi. Avvallari ikkita kishi zo‘rg‘a siqqan eskalatorlarga qo‘shimcha eni bir necha metrga cho‘zilgan yangi betonlilari qo‘shilgan. Bittasi sizni quyosh tig‘ida ko‘zingizni qamashtiruvchi rang-barang do‘konlari tiqilib ketgan hashamatli savdo markaziga yetaklasa, boshqasi sizni shundoqqina Olimpiya xiyoboniga eltuvchi yo‘lga solib yuboradi. Aytilishicha, shuuuncha ta‘mirdan so‘ng, Stratford metro bekati Olimpiya xiyoboni qaydasan, deb, olisu yaqindan yo‘lga tushganlarning teng yarmiga xizmat ko‘rsata oladi. Ya‘ni Yozgi Olimpiada O‘yinlari bo‘lib o‘tajak iyul-avgust oylarida 120.000 kishi ushbu metro bekatidan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Biz esa, guruhimiz bilan ana shu metro bekati eshigi tashqarisida uchrashishga qaror qilgandek.

Qorishiq manzara

Image caption Olimpiya xiyoboni shundoqqina mahallanining qoq markazida qad rostlagan

Biz turgan yerdan Olimpiya xiyoboni kaftdek ko‘rinib turadi emasmi, hali sathga qadam bosmay turib, yig‘ilgan barchani birdek hayratga solgani uning qanchalar turar-joy binolariga qorishib ketgani bo‘ldi. "Shuncha bino ichidan studiyangni topib ko‘r-chi", der ekan, bizdagi hayrat, hatto, guruhboshimizni ham chetlab o‘tmagani aniq edi. Olimpiya O‘yinlarining ochilish va yopilish marosimlariga mezbonlik qiluvchi stadionning o‘zi esa, naq mahalla markazida joylashgan. Yana hayhotdek Akvoparkning ham aynan shu yerda qurilganini ayting. Buyuk Britaniyadagi shu paytgacha jamoatchilik e‘tiboriga havola etilgan eng yirik san‘at asari namunasi bo‘lishi kutilayotgan kungaboqardek bosh egib turgan metal "Orbita"-chi? Unga chiqqan odam qozoningizda qanday ovqat pishayotganini aytib bermasa, men kafil. Markaziy Olimpiya stadionining shundoqqina biqinida joylashgan yangi studiyamizga yo‘l ham shundoqqina mahallalar orasidan o‘tarkan. O‘yinlar chog‘ida bu yerga qancha odamning oqib kelishini nazarda tutib, guruhimizdagi birov, "So‘qmoqdek mana bu yo‘l kimni sig‘diradi", desa, boshqasi, "Voy tavba, bu yerdagi odamlar shuncha shovqin-suronning ostida qanday yasharkin-a", deb qiziqqan. Kimga qaratilgani noma‘lum bo‘lgan savollarga ham istagan o‘zicha javob bergan, "Agar men bu yerda yashaganimda, uyimni ijaraga bergan bo‘lardim, daromadni ko‘ring, daromadni...". "Uni-buni qo‘ying, aynan o‘yinlar sathida yashashgani uchun ham, mahalla ahliga tekinga chipta ham berilarmish...". "Yo‘g‘-ey...", "Ha, ha, ishonavering...". Boyagina bu yerda yashashni tasavvur ham qilolmayotganlar negadir jimib qolgan... Kimdir xayolga berilgan, boshqa birimiz gapga, 10 daqiqacha deganda yangi studiyamiz - 21 qavatli turar-joy binosiga yetib keldik.

Uy studiya

Oh-ho, bu 21 qavatli uyi qanaqa bo‘ldi ekan, yana Londonda bo‘lsa, deb qiziqayotgan bo‘lsangiz, hafsalangizni pir qilaman, deb qo‘rqaman. London Uy bozorlarida eng qiyinchilik bilan sotiluvchi, olayotgan odam ham aksaran ijraga beruvchi yoki shahar kengashlariga chetdan kelgan muhojirlarni joylashtirishda nihoyatda qo‘l keluvchi uylar aynan ana shu ko‘pqavatlilari hisobiga to‘g‘ri keladi. Ustiga ustak, Londonning falonchi mavzesidagi ko‘pqavatli uylarning birida fistonchi jinoyat sodir etibdi, qabilidagi xabarlar ham mahalliy ommaviy-axborot vositalarida kunda-shundalik tusini olgan. Shuning ta‘siridami, 45 yoshlar chamasidagi erkak hamkasbimning navniholdek ayol guruhboshimizdan uy ostonasida so‘ragan savoli, "Masalan, siz tungi soat 12:00da bu yerda bexavotir yura olasizmi?", bo‘ldi. Bir necha soniyaga gangib qolgan guruhboshimiz, "Men bu soatda Londonning Sitisida ham xavotirsiz yurolmayman", deya, gapni chirt kesishi, savolga ochilgan qolgan og‘izlarni ham sekingina yumdirmay qo‘ymadi.

"Titanik"

Image caption Mana bu ko‘pqavatli uyning eng yuqori ikki qavati Olimpiada O‘yinlari chog‘i bizga vaqtinchalik studiyalar vazifasini o‘taydi

Bo‘lajak studiyalarimiz 21 qavatli uyning eng yuqori ikki qavatida joylashgan emasmi, liftning yordamisiz u yerga ko‘tarilishga oramizdagi manaman degan sog‘lomining ham yuragi dov bermasligi aniq edi. O‘ttizlar chamasi odammiz, liftga navbat ham shunga yarasha tizilib ketdi. Ustiga ustak, sayohat vaqtimiz ham cheklangan emasmi, bor-yo‘g‘i to‘qqiz kishi sig‘adigan liftga siqilishib, tiqilishib, o‘ndan ortig‘imiz bir amallab chiqib oldik. Naq qansharimiz qansharimizga tegib turgan holatimiz oramizdagi birimizga cho‘kish arafasida turgan "Titanik" kemasini eslatib yubordi shekilli, "Ana endi "Titanik"dagilarning ahvolini tushundim", deb qoldi. O‘ziyam shu kunlarda "Titanik" kemasi halokatining 100 yilligi ommaviy-axborot vositalari qolib, buyog‘i cherkovlargacha, bor rasmu rusmlari bilan nishonlanayotgan emasmi, hech birimizning ortiqcha tasavvurga berilishimizga ham hojat qolmagandi. "O‘laman", deganda, "Kulish"ning gashti qanaqa bo‘lishini o‘shanda sezdim.

Lekin bu hali hammasi emas...

Bir amallab qavatimizga ham chiqib oldik. Bizga bo‘lajak "studiya"larimizni ko‘rsatisharkan, liftdagi hangomamiz boshqa bir yangisiga ulandi. Ko‘chib ketishar ekan, xonadon egalari so‘nggi mixlarigacha sug‘urib olgan xonalar shiftlarining ohaklari ko‘chgan, yarmigacha o‘pirilib tushgan gulqog‘ozlar asl rangini egasidan boshqa bilmaydigan alfozda, eshigi lang ochiq yotgan hojatxonalarida esa, chetlari sarg‘ayib ketgan unitazlar shundoqqina bo‘y ko‘rsatib turardi. Xonada taralab turgan hidni ayting...O‘yinlarga sanoqli oylar qolgan emasmi, "Ey, unitazi tortmasa ham mayli, o‘yinlargacha gulqog‘ozlarini yangilab berishsa bo‘ldi", deb qoldi ingliz hamkasblarimizdan biri. Yana qah-qah kulgu ko‘tarildi. Uyning eng kattasining eniga nari borcha 1.5, bo‘yicha 2 metrcha bo‘lgan xonalari esa, oramizda "jonimizni kuydirgan" boshqa bir suhbat mavzusiga aylangandi. Kimdir xonaga nechta stol-stul ketishi kabi "professional" qayg‘uda bo‘lsa, boshqasi odamzodning bundayin tor joyda qandayin yashashi mumkinligi kabi sof insoniy savoliga javob topolmay hayron. Savolning ustiga savol, biri tashkilotchilarga, boshqasi esa, o‘ziyu boshqa jurnalist qalamdoshlariga qaratilgan...

Qorin qayg‘usi

Image copyright BBC World Service
Image caption Yozgi Olimpiada O‘yinlari bahona dunyodagi eng yirik Makdonalds yemakxonasi ham Londonda ochiladi

Vaqt tushlikka yaqinlashib qolgan emasmi, ochiqqanlik hissi guruhimizdagi boshqasini uyning bor-yo‘g‘i faqat bir kishining kirib-chiqishiga mo‘ljallangan oshxonasiga yetaklagan. Oshxonaga safar qilib qaytganlar esa, negadir halidanoq qanday qilib bir oyga qorinni to‘qlashning rejasini tuzishga kirishgan. "Bir amallab ikki kamerali muzlatgich o‘rnatib berishsa bo‘lgani, huv Akvopark yonboshidagi Marks&Spencer do‘konidan yarim tayyor ovqatlarni olib kelib, bostirib tashlardik...". Chetdan ularning suhbatlariga quloq tutib turgan guruhboshimiz esa, barchaning e‘tiborini Olimpiya stadionining o‘ng tomonidagi binoga tortdi: "Mana bu – dunyodagi eng yirik "Makdonalds" restorani bo‘ladi". Uning so‘zlaridan qanchalar hayratga tushganini yashirmagan "rejalovchilar"dan biri esa, "Qo‘lingda burgeru, og‘zingda "chips" bilan Olimpiada O‘yinlarini tomosha qilsang. Sport sog‘lomlikka chorlashi kerak emasmi?", deya sezdirmaygina labini burgan... Ammo BBC London qariyb bir asr deganda yana mezbonlik sharafiga erishgan Yozgi Olimpiada O‘yinlarini yoritish uchun ulkan loyihaga qo‘l urgan emasmi, guruhboshlarimizning 100 kun ichida hammasi joyida bo‘lishiga ishonchlari komil edi. Lekin, shunda ham, hali u, hali bu deyishdan og‘zimiz charchamaskan, bir soatlik sayohatimizning qanday poyoniga yetganini hech birimiz sezmay qolgandik...