Murray: "London Gulnora Karimova elchi bo‘lib kelishiga rozi bo‘lmagan"

Image caption Craig Murray 2002-2004 yillarda Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lgan. U O‘zbekistondagi inson haqlari vaziyatini tanqid qilishi ortidan lavozimidan chetlatilgan

Britaniya matbuotida bot-bot chop qilinayotgan maqolalar va mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, oxirgi vaqtda Britaniya hukumati a‘zolari O‘zbekistonga tez-tez safar qilib turishibdi, biroq aynan qanday masalalar haqida o‘zaro kelishilayotgani sir tutilmoqda.

Bir hafta avval Britaniya hukumatining nufuzli a‘zosi, iqtidordagi konservatorlar partiyasi raisdoshi Baronessa Varsi O‘zbekistonga uch kunlik safarini yakunlagan.

Toshkentda Tashqi Ishlar Vaziri Abdulaziz Komilov va Iqtisod Vaziri Galina Saidovalar bilan uchrashgan Varsi xonim o‘z muzokaralari borasida BBC bilan suhbatlashishdan bosh tortdi.

Undan avvalroq, 28 fevralda Britaniya Mudofaa Vaziri Filip Hammond Toshkentga safar qildi. Biroq bu safarning ham tafsilotlari ochiqlanmadi.

Britaniyaning O‘zbekiston bilan aloqalari 2005 yil Andijon voqealari ortidan sovuqlashgan.

Britan-o‘zbek aloqalari bo‘yicha mutaxassis, Toshkentdagi mubohasali sobiq britan elchisi Craig Murrayning o‘z sahifasida yozishicha, hozircha ikki hukumat o‘rtasida qizg‘in muzokaralar ketmoqda va o‘z qadrini bilgan Toshkent britanlarni tiz cho‘kib, bo‘sag‘asiga bosh urib kelishiga majburlamoqda.

BBC bu iddaolar borasida janob Marreyga murojaat qildi.

Murray: Britaniya hukumati o‘zbek hukumatiga hozirda katta e‘tibor qaratmoqda, chunki Britaniya Afg‘onistonda ishlatgan harbiy jihozlarni O‘zbekiston orqali olib chiqmoqchi. Britan askarlarining deyarli barchasi havo parvozlari orqali vatanga qaytishadi, lekin britan armiyasi Afg‘onistonda ko‘p sonli og‘ir harbiy mashinalar va jihozlarga ega va bular O‘zbekiston orqali olib chiqiladi. Britaniya olib chiqishi mo‘ljallayotgan harbiy jihozlari 16 mingta vagonga teng deyilmoqda. Afsuski, Pokiston bilan bugungi munosabatlarni va Afg‘oniston-Pokiston chegarasidagi xavfli vaziyatni hisobga oladigan bo‘lsak, britan harbiy jihozlarini u tomondan olib chiqishning umuman iloji yo‘q. O‘zi aslida bu jihoz va mashinalar Pokiston orqali kiritilgandi, lekin olib chiqishning imkoni yo‘q.

BBC: Lekin, O‘zbekiston tranzit yo‘llaridan foydalanish yo‘llari ko‘pdan beri muhokama qilinayapti, hamda NATO va AQSh bu borada Toshkent bilan kelishib bo‘lgan. Britan hukumati a‘zolarining hadeb Toshkentga boraverishiga nima hojat bor?

Murray: NATO qo‘shinlari borasida umuman olganda kelishuvga erishilgan bo‘lsada, har bir hukumat bilan alohida, individual ravishda tranzit shartnomalari tuzilishi kerak. Har bir mamlakat o‘z harbiy jihozlari tranziti uchun pul to‘lashga mas‘uldir. Bu to‘lovlar NATO tomonidan markazlashgan ravishda amalga oshirilmaydi. Shuning uchun ham britan hukumati tranzit bo‘yicha Toshkent bilan ikki-tomonlama kelishuvga erishishi kerak. Shu sababdan ko‘p sonli britaniyalik yuqori darajali mulozimlar Toshkentga safar qilib turishibdi.

BBC: 16 mingta vagon bu ancha ko‘p harbiy jihoz...

Murray: Bu juda ko‘p jihoz. NATOning o‘zi Afg‘onistonda umumiy hisobda 12 mingdan oshiq mashinalarga ega. Bularning barini olib chiqish kerak. Bu faqat mashinalarning soni, va ularning aksari harbiy mashinalardir. Bu juda-juda ko‘p yuk. Shuni yodda tutish kerakki, bu yuklar Afg‘onistonga birdaniga olib kirilmagan, balki 10 yil davomida olib kirilgan. Lekin ana shu 10 yil ichida olib kirilgan yuklar endi uch oy ichida olib chiqilishi kerak bo‘ladi. Shularni hisobga olsangiz, bu naqadar qiyin vazifa ekanini tasavvur qilsangiz bo‘ladi.

BBC: Britaniya hukumati Toshkentga O‘zbekiston orqali tranzit uchun qancha pul to‘lashi kerak bo‘ladi?

Murray: Naqliyot uchun to‘lanadigan haqiqiy to‘lovlardan ko‘ra, tranzit to‘lovlari doirasida yuz millionlab dollar to‘lanadi. Mana shu to‘lovlar hozirda o‘zbek hukumati bilan muhokama qilinayotgan masalalarning biridir. Men sizni ishontirib aytishim mumkin, Prezident Islom Karimov oilasi bundan bevosita katta foyda ko‘radi.

Image copyright gulnarakarimova.com
Image caption Gulnora Karimova xalqaro san‘at, moda, biznes va siyosat doiralarida muntazam ravishda ko‘rinish berib keladi

BBC: Siz o‘z veb sahifangizda pul to‘lovlaridan tashqari Prezident Karimov britan hukumati oldiga ba‘zi siyosiy talablarni ham qo‘yayotganini aytgansiz. Bu qanday talablar?

Murray: Ha, albatta. O‘zbekiston hukumati bu fursatdan foydalanib, imkonqadar ko‘p siyosiy ochkolar to‘plab qolishga ham harakat qilayapti. Toshkent allaqachon NATOdan O‘zbekistonga qarshi barcha sanktsiyalarning bekor qilinishiga erishdi. Cheklovlar bekor qilinishi ortidan, Britaniya o‘ziga o‘zbek zobitlarini taklif qilib, ularni harbiy tayyorgarliklardan o‘tkazishni yana boshladi. Britaniya va Amerikadan O‘zbekistonga qurol-aslaha va harbiy jihozlar yuborilishi boshlandi. Shuningdek, Prezident Karimovning xalqaro imidjini yaxshilashga harakat qilinmoqda. O‘zbekiston tarafi Britaniyadan Prezident Karimovning Londonga rasmiy ravishda taklif qilinishini talab qilmoqda. U Britaniyaga hech qachon rasmiy safar bilan kelmagan, chunki u bu yerda diktator deya sanaladi. Mana shu kabi safar hozir Karimovning talablari ro‘yxatida eng yuqori o‘rinlarda turgan talablardan biridir. Undan tashqari, Britaniya tashqi ishlar vazirligiga o‘zbek prezidentining qizi Gulnora Karimova Londonga elchi etib tayinlanishi borasida so‘rov kelib tushgan. U bu lavozimni o‘zi juda istayapti ekan, chunki bu yerda Rossiyaning ko‘p oligarxlari yashashadi. Va bu talab ham, albatta, Britaniya hukumati yechishi juda qiyin bo‘layotgan masala bo‘lib turibdi.

BBC: Biz Gulnora Karimovaning Britaniyaga elchi etib tayinlanishi masalasi borasida Britaniya tashqi ishlar vazirligiga murojaat qildik, lekin vazirlik bunday kelishuv yo so‘rovnoma bo‘lganini rad qildi. Siz Britaniya hukumati a‘zosi emassiz. Bu kabi ma‘lumotlarni qayerdan olayapsiz? Nimaga sizga ishonish kerak?

Murray: Men tashqi ishlar vazirligi a‘zosi sifatida Britaniya hukumatining ham a‘zosi bo‘lib 20 yildan oshiq ishlaganman. Shuningdek, men olti yil davomida tashqi ishlar vazirligidagi yuqori darajali boshqaruv tizimining a‘zosi bo‘lganman. Men o‘sha davrda birga ishlagan hamkasblarim orasida hali ham ko‘p do‘stlarimga egaman. Ular nimalar bo‘layotgani borasida menga ma‘lumot berib turishadi. Bir narsani urg‘lamoqchiman, britan hukumati Gulnora Karimovaning elchiligi talabiga rozi bo‘lmagan va bu borada kelishuvga erishilmagan. Lekin bunday so‘rovnoma yo talab bo‘lmadi degan ma‘lumot yolg‘on ma‘lumot. Bunday so‘rovnoma Toshkentdan Britaniya tashqi ishlar vazirligiga yuborilgan.

Image caption Britan Bosh Vaziri David Cameron oldida o‘z qo‘shinlari va harbiy jihozlarini vatanga qaytarishdek qiyin vazifa turibdi

BBC: Lekin, Gulnora Karimova agar Britaniyadek davlatda elchi bo‘lish istagida bo‘lganida, shu kunlarda pop musiqiy alьbom chiqarmasdi, shunday emasmi?

Murray: Ba‘zilar fikrida, nafaqat Britaniyadagi elchi, balki o‘z mamlakatining prezidenti bo‘lishni istayotgan odam uchun ham pop musiqiy alьbomni chiqarish bir beo‘xshov qadam bo‘lishi mumkin. Lekin, aftidan Karimov oilasi Gulnora Karimova oddiy xulq-atvor me‘zonlariga bo‘ysunishiga majbur emas degan fikrda.

BBC: Siz o‘z veb sahifangizda nafaqat Prezident Karimov Londonga safar qilishni istayotgani, balki Britaniya Bosh Vaziri Deyvid Kameronning ham Toshkentga rasmiy safar qilishini so‘ramoqda deb aytgansiz. Bu ikki safar amalga oshishining ehtimoli qancha deb o‘ylaysiz?

Murray: Mening fikrimcha, britan hukumati bu talabga javob berishga kelganda, Toshkentga yon bosadi. Men deyarli to‘la ishonch bilan ayta olamanki, biz kelasi yil Deyvid Kameronning Toshkentga safari qilishiga guvoh bo‘lamiz. Va o‘ylashimcha, Karimov ham Londonga taklif qilinadi. Lekin uning safari davlat safari bo‘lmaydi va unga Qirolicha Yelizaveta II mezbonlik qilmaydi. Bu bosh vazir mezbonlik qiladigan rasmiy safar bo‘ladi, xolos. Menga britan tashqi ishlar vazirligidagi manbalarimning aytishlaricha, Karimovga ana shunday safar tanlovi taklif qilinayapti.