O‘zbekiston Islomiy Harakatining o‘nlab a‘zolari hukm etildi

Image caption Aksariyat ayblanuvchilar o‘zlariga qo‘yilgan ayblarga iqror bo‘lishmagan. Ularga ko‘ra, ko‘rsatmalar qiynoqlar ostida olingan

Shimoliy Tojikistondagi mahkama O‘zbekiston Islomiy Harakatiga a‘zolik va aloqadorlikda ayblangan 34 kishi ustidan hukm chiqargan.

Barchasi So‘g‘dning Isfara tumanidan bo‘lgan ayblanuvchilarga 8 yildan to 28 yilgacha qamoq jazolari belgilangan.

Bu - O‘zbekiston Islomiy Harakatiga doir Tojikiston ko‘rib chiqqan eng yirik jarayonlardan biridir.

Bugungi yakuniy mahkama jarayoni ham yopiq eshiklar ortida o‘tgan.

Biror bir jurnalist yoki inson huquqlari faollarining kirishlariga izn berilmagan.

O‘tgan yil yozida boshlangan va shu kunga qadar davom etgan mahkama jarayoni davomida ayblanuvchilar hammasining ham O‘IH a‘zolari emasliklari aniqlangan.

Ammo ular harakat a‘zolariga yordam berish va faoliyatlarida ko‘mak berishda ayblanishgan.

Ayblanuvchilar o‘tgan yil So‘g‘d viloyati markazi Xo‘jand shahrida amalga oshmay qolgan ikki portlash hodisasini tekshirish chog‘ida qo‘lga olinganlar.

O‘shanda tuman xavfsizlik xizmati va tashqi ishlar bo‘linmasi binolari oldida portlovchi moddalar yuklangan ikkita avtoulov topilgandi.

Mahkamaga tortilgan shaxslar terrorizmga aloqador ayblar bilan hibsga olinishgandi.

Ammo ayblanuvchilarning ko‘pchiligi o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni rad etganlar.

Ularning aytishlaricha, ko‘rsatmalar qiynoqlar ostida olingan.

Mahkama hukmi ortidan, sudlanuvchilarning himoyachilari shikoyat arizasi bilan chiqish istagida ekanliklarini bildirishgan.

Shu paytgacha O‘zbekiston Islomiy Harakatiga qo‘shilishda ayblangan o‘nlab tojikistonliklar jazoga tortilganlar.

Ammo, Dushanbedagi muxbirimizga ko‘ra, o‘ttizdan ortiq kishining O‘zbekiston Islomiy Harakatiga a‘zolikda ayblanib, uzoq yilga hukm etilishi ilk bor kuzatilayotgan voqeilikdir.