O‘zbek maxsus xizmatlari Ucell abonentlarini nazorat qiladi

Image copyright bbc
Image caption TeliaSonera O‘zbekistonda 2007 yildan buyon faoliyat olib boradi

Shved matbuoti O‘zbekistonda Usell sho‘‘ba korxonasiga ega Shvetsiyaning eng yirik telekommunikatsiya shirkati TeliaSonera ni O‘zbekiston doxil qator sobiq sovet davlatlarining maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda ayblagan.

Shvetsiyaning TT xabar agentligiga ko‘ra, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Belarusda josuslik xizmatlari ovoz yozuvchi jihozlarni joylashtirishda TeliaSonera tarmog‘idan foydalanishmoqda.

Xabarda aytilishicha, SORM yoki Tezkor Tekshiruv Ishlari Tizimi, jumladan, O‘zbekiston rasmiylariga Shvetsiyaning telekommunikatsiya tizimiga to‘la va uzluksiz bog‘lanish imkonini beradi.

Bu tizim vositasida ular abonentlarning qo‘ng‘iroqlari, data va SMS larini nazorat qila oladilar.

Shved xabar agentligining yozishicha, TeliaSonera abonentlarining telefon muloqotlarini tinglash yo‘li bilan bir necha hibsga olishlar amalga oshirilgan.

O‘zaro manfaatli

Shvetsiyada chiqadigan Aftonbladet nashrining yozishicha, bu kabi hamkorlikdan shved-fin shirkatining o‘zi ham manfaatdor.

Shirkat sobiq sovet davlatlaridagi faoliyatidan katta daromadlar oladi.

Nashrning ta‘kidlashicha, mobil aloqasi operatorlarining yordami bilan hukumatlar siyosiy muxolifat a‘zolarining nafaqat yozishma va qo‘ng‘iroqlari, shuningdek, turgan joylari va harakatlanishlari haqida batafsil ma‘lumot oladilar.

Shved jurnalistlari buning yaqqol misoli sifatida 2010 yil dekabrida Belarusda yuz bergan voqealarni keltirishadi.

Ularning uqtirishlaricha, o‘shanda mobil aloqasi operatorlari o‘z mijozlari uchun muxolifat vebsaytlariga qisman to‘siq qo‘yishgan va maxsus xizmatlarga muxolifat faollarining telefon muloqotlarini eshitish imkonini berishgan.

Operatorlar, shuningdek, o‘z foydalanuvchilari haqidagi ma‘lumotlarni oshkor etganlari va natijada yuzlab tinch namoyishchilar hibsga olingani aytiladi.

Dagens Nyheter nashri TeliaSonera O‘zbekiston kabi davlatlarda ko‘rsatayotgan xizmatning texnik sifatini e‘tirof etadi.

"Agar demokratik davlatlarda telefonlarni eshitish va ta‘qib etish texnologiyasi politsiya tomonidan prokuror sankitsyaisi bilan qo‘llanilsa, Belarusda u maxsus xizmatlarga ishlaydi va norozilarni qo‘rqitish hamda jazolashda yordam beradi", deb yozadi nashr.

Matbuot bu borada shvetsiyalik ekspertlarning fikrlarini ham keltirgan.

Ularga ko‘ra, TeliaSonera nodemokratik davlatlarning bozorlariga kirib borarkan, diktaturalarga istagan muloqotini va istagan vaqtida eshitishda yordam berishga majbur ekanini avvaldan yaxshi biladi.

Geterborg universiteti professori Erika Stromning aytishicha, arab inqilobidan so‘ng o‘z aholisini uyali aloqa vositasida nazorat qilishga intilayotgan hukumatlar soni ko‘paygan.

"Foydalanuvchini topish va eshitish hecham muammo emas. Qolaversa, TeliaSonera, aniqrog‘i ularning Belarus, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Qozog‘istondagi sho‘‘ba korxonalarida "qora quti" dasturi bor va bu davlatlarning maxsus xizmatlari unga bog‘langan", -deb aytgan shvetsiyalik ekspert.

Mahalliy qonunlar

TeliaSonera ning o‘zi O‘zbekiston va boshqa sobiq sovet davlatlari hukumatlari bilan hamkorligini inkor etmagan.

Shirkat buni o‘zi faoliyat olib borayotgan davlatlardagi mahalliy qonunlarga rioya etishi kerakligi bilan izohlagan.

"Politsiya jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun ma‘lumot olish haqqiga ega", deb aytgan shirkat so‘zchisi.

TeliaSonera vakilining aytishicha, ovoz yozish jihozlarini o‘rnatish borasida turli davlatlar turlicha siyosat olib borishadi.

"Shvetsiya doxil barcha davlatlarda maxsus xizmatlar ma‘lum sharoitlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida ovozlarni yozib olish haqqiga ega. Bu narsa milliy qonunchilik bilan nazorat qilinadi va biz o‘zimiz ishlayotgan boshqa davlatlarda ham bu qonunlarga amal qilishimiz kerak", - deya shirkat vakilining so‘zlarini keltiradi TT agentligi.

Ayni paytda Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Karl Bildt TeliaSonera ning O‘zbekiston va boshqa sobiq sovet davlatlaridagi shartnomalarini himoya qilgan.

"Umumiyatla, bizning turli davlatlardagi telekommunikatsiya tarmoqlarining rivojlanishida ishtirok etayotganimiz ijobiy hol. Belarusda mobil telefoniga ega bo‘lish tuzumdan ko‘ra ko‘proq muxolifatga foyda keltiradi", - deb aytgan janob Bildt.

Ayni paytda inson huquqlari faollari shved shirkatining O‘zbekiston kabi davlatlardagi ish uslubini "mojaroli" deb ta‘riflashgan.

TeliaSonera 2007 yilda O‘zbekistondagi COSCOM shirkatining asosiy hissalarini sotib olgan.

2008 yilda shirkat O‘zbekistondagi savdo yorlig‘ini Ucell deb o‘zgartirgan.

O‘tgan yili shirkat abonentlari soni 8 mililon kishiga yetgan.

O‘zbekiston hukumati arab davlatlaridagi inqiloblar ortidan mamlakatdagi mobil shirkatlari faoliyatini yanada qattiqroq nazorat ostiga olgani xabar qilingan.

Ucell ga yaqin manba‘ning BBCga aytishicha, o‘zbek maxsus xizmatlarining telefon muloqotlari va yozishmalarni nazorat qilishi "odatiy hol".

"Shirkatning oddiy xodimlari bundan bexabar bo‘lishlari mumkin, chunki bu narsa shirkat rahbariyati bilan kelishuv asosida amalga oshiriladi. Ucell ning borgan sari kengayib borayotganidan bu hamkorlikning qaysi darajada ekanini tasavvur qilsa bo‘ladi", - deydi nomi oshkor etilishini istamagan manba‘.

O‘zbekistonlik mijozlar Ucell tariflarining arzonligi va xizmat ko‘rsatish sifatining yaxshiligini ta‘kidlashadi.