Leninni qayta dafn qilish tarafdorlari yanada ko‘paygan

Image copyright AP
Image caption Leninning yerga qo‘yilishi borasidagi munozara 1980-yillardan beri davom etib keladi

22 aprelda Vladimir Leninning 142-tavallud kuni nishonlanishi kutilar ekan, Rossiyaning Ijtimoiy fikr jamg‘armasi yana bir bor uning qayta dafn etilishi borasida rossiyaliklar fikrlarini o‘rgangan.

Sotsiologlar xulosasiga binoan, Leninni qayta ko‘mish fikrini tobora ko‘p rossiyaliklar qo‘llab-quvvatlashmoqda. Oxirgi olti yilda ularning soni deyarli 10 foizga oshgan.

Rossiyada hozirda Leninni qayta ko‘mish tarafdorlari 56%, qarshilar esa atigi 28%.

"Bu tushunsa bo‘ladigan jarayon. Biz ijtimoiy va madaniy inqilobni boshdan kechirmoqdamiz", - deydi siyosatshunos Dmitriy Oreshkin BBCga.

Rossiya parlamentidagi kommunistlarning KPRF partiyasi a‘zosi Yuriy Afonin bu kabi so‘rovlarga shubha bilan yondoshishini aytadi. Uning aytishicha, so‘rovlar natijasi "iqtidordagi hukumatning xohish-istaklariga qarab belgilanadi".

"Uning ustiga, hatto Leninni dafn qilishni istayotgan odamlarning aksari uchun bu masala muhim masala emas. Ular mamlakatdagi qashshoqlik, ijtimoiy strukturalarning barbod bo‘lgani va korruptsiya ustida qayg‘urayaptilar. Bu hukumat mavzoleyni tinch qo‘yib, shundoq ham yetib turgan haqiqiy muammolarni yechsa bo‘lardi", - deydi janob Afonin.

Lenin va din

SSSRda Lenin tanasini abadiylashtirish fikri xalqdan chiqqani, hamda ishchishlar va kommunistik partiya a‘zolari Lenin merosxo‘rlaridan shuni so‘rashganiga ishonilardi.

Ko‘p zamonaviy tarixchilarning fikrida, bu murojaatlar ortida Stalinning o‘zi turgan, chunki u o‘sha davrning o‘zidayoq bir tarixiy paradigmani qayta tiklashga tayyorlangan: u ham bo‘lsa, xalqqa xudoni Lenin siymosida qaytarmoqchi bo‘lgan, o‘zini esa podshoh sifatida.

Image copyright Reuters
Image caption Lenin mavzoleyi va Qizil Maydon SSSR poytaxtiga safar qilgan har qanday sayyoh uchun muhim ziyoratgoh bo‘lgan

Leninni mumiyalash taklifi bilan rasman Stalin emas, balki Mixail Kalinin chiqqan. Unga faqat Trotskiy qarshi chiqib, mazkur fikrni "jinnilik" deya tasvirlagan.

Yangi din haqidagi fikr ko‘pgina yuqori darajali bolьsheviklar orasida keng tarqalgan.

Bu fikr asosida naqadar nasroniylik, balki undan ancha qadimiyroq an‘analar yotgan. Hukmdorlarni mumiyalash urfi Qadimiy Misrda mavjud bo‘lgan, Moskvadagi mavzoley esa shakli jihatidan Bobil zikkuratini eslatadi.

1924 yilning yanvaridan Lenin mavzoleyi oldida 24 soatlik qo‘riqchilar o‘rnatilgan. Post №1 deya tanilgan bu qorovullarning Kreml kurantlarining bong urushi ostidan har soatda yuz beradigan teatrlashgan almashinuvlari Moskvaga kelgan sayyohlar ro‘yxatidagi asosiy tomoshalardan biri edi.

1993 yil oktyabrida qo‘riqchilarning bu tartibi osonlashtirilgan.

Leninni mavzoleydan boshqa joyga ko‘chirish borasidagi munozara 1980-yillar oxiridan beri davom etib keladi. UNESCOning madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan mavzoleyni butkul yiqish masalasi ko‘tarilmagan.

Uning ko‘chirilishi tarafdorlari Leninning mavzoleyda qolishi Rossiya qonunchiligiga zid deb bilishadi. Dafn borasidagi qonunlarga binoan jasad bilan bog‘liq har qanday tibbiy yo biologik tajribalar marhumning o‘zi yo qarindoshlari roziligi bilan amalga oshirilishi kerak.

Lenin va uning yaqinlari esa yozma ravishda bunday tajribaga rozilik bildirishmagan.