"Chegarada o‘zbek ma‘murlari o‘zbek erkaklarini kaltaklashadi"

Image copyright none

"Chegaradagi O‘zbekiston ma‘murlari qo‘llarida maxsus yo‘nilgan o‘qloqlar, ular bu tayoqlar bilan uzun navbatda turgan odamlarni kaltaklab, noinsoniy muomala qilishmoqda".

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi "Buyuk Ipak Yo‘li" (sobiq Chernyayevskiy) asosiy chegara o‘tish maskanidagi ahvolni kuzatgan o‘zbekistonlik faol Nodir Ahatov ko‘rganlarini ana shunday tasvirlaydi.

"Chegaradagi bedodliklar va huquqbuzarliklar borasida ko‘p shikoyatlar eshitdim va shundan keyin bu da‘volar qanchalik asosli, deb o‘z ko‘zim bilan ko‘rishga qaror qildim".

"Borsam, aynan O‘zbekistonlik erkaklar haq-huquqlari u yerda eng ko‘p toptalayotgan ekan" - deydi Nodir Ahatov - "Ovro‘po irqiga mansub va yo xorijiylar ancha tez o‘tib ketishadi. Lekin boyoqish mehnat muhojirlari chegaraning narigi tomoniga o‘tolmay, bir necha kunlab navbat kutishmoqda".

Hozir O‘zbek-Qozoq chegarasining eng tig‘iz davri. Chunki kunlar isib, Qozog‘iston dalalari va qurilishlarida o‘zbek muhojirlari uchun mavsumiy ishlar imkoniyati ko‘payadi.

"Men borganda chegaradan o‘tishga intilayotganlar soni bir necha mingni tashkil qilardi. Navbat esa juda uzun edi. Chegaradan o‘tishga harakat qilayotganlarning aksarisi mehnat muhojirlari ekan".

Lekin bu odamlarni chegaradan o‘tkazayotgan o‘zbek ma‘murlari ayollar, erkaklar va xorijiylar uchun turlicha o‘tish yo‘laklari tashkil etishgan.

"Bular ichidan eng ko‘p navbat kutadigan va kaltagu tahqirlarga giriftor bo‘layotganlar esa - o‘zbek millatiga mansub erkak O‘zbekiston fuqarolari".

Shikoyat, kaltak va avtomatli soqchi

Nodir Ahatov ushbu maskandan turib, Toshkentdagi Bojxona qo‘mitasiga shikoyat bilan qo‘ng‘iroq qilganini, ammo "tepadan qandaydir amaldor kelgach" navbatdagilarga qarshi haqoratu kaltaklar battar kuchayib ketganini aytadi.

"Odamlar shikoyat qilisha olmaydi. Men shikoyat qilavergandim, yaqinimga avtomatli bir soqchini keltirib qo‘yishdi" - Nodir Ahatov.

Huquq faoliga ko‘ra, chegara o‘tish nuqtasidagi ayrim holatlar bu yerda korruptsiya yo‘qmi, degan savollarga ham yetaklashi mumkin.

"Masalan, mashhur o‘zbek xonandasi keldi-yu, navbatsiz lip etib, panjaradan o‘tib ketdi".

"Bir ovro‘pocha kiyingan ayol yuztacha Tojikiston fuqarosini keltirdi-da, ichkari kirib chiqqach, o‘shancha odamni bir zumda narigi tarafga olib o‘tkazdi" - deb aytadi o‘zbek faoli.

Nodir Ahatovga ko‘ra, ba‘zi o‘zbek ma‘murlari narigi tarafdagi qozoq chegarachilari odamlarni sekin o‘tkazayotgani uchun shu kabi uzun navbatlar yuzaga kelgan, deb aytishgan.

Qozoq-O‘zbek chegarasidan o‘tib turadigan Qozog‘istondagi jurnalistga ko‘ra, darhaqiqat, qozoq chegarachilari ham o‘zbekistonliklarni uzoq tekshirishadi va ba‘zan qo‘pol munosabat qilishadi. Yetakchisi bo‘lgan va gaplashilgan muhojir guruhlari har ikki taraf chegarasidan ham oson o‘tadilar.

"Ba‘zan chegarada o‘rtakashlar kelib, pul bersangiz, tezda o‘tkazib qo‘yamiz, deb taklif qilishadi" - deydi vaziyatdan xabardor Olma-Otadagi muxbirimiz Shodiyor Saif - "Mehnat muhojirlarini kaltaklashganini shaxsan ko‘rganim yo‘q, Lekin O‘zbekiston tomoni ularni odatda xizmatga ketayotgan askarlardek alohida joyga to‘plab, uzoq vaqt ushlab turadi".

"Bu kabi muomalani odatda faqat mehnat muhojirlariga nisbatan qo‘llashadi. Ular ham hammasiga chidashadi va, baribir, chegaradan o‘tadilar" - deydi muxbirimiz.

"Boshqa mamlakat chegarasida bizning fuqarolarga shunday yomon munosabat ko‘rsatishsa ham "millatchilik qilishayotgandir" deb chidarding" - deydi Nodir Ahatov - "Lekin O‘zbek ma‘murlari o‘z o‘zbeklarini shunday kaltaklab, tahqirlashsa, boshqalardan nima kutish mumkin?"