Janoo‘zen mahkamasi: Guvohlar tergov ko‘rsatmasidan voch kechishmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Janoo‘zen mahkamasida ayblanayotgan odamlar qiynoqqa tutilgani haqida da‘volar o‘rtaga chiqqan

"Tergov payti bizni urishgan va bosim o‘tkazishgan. Shu bois yolg‘on ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganmiz".

Qozog‘istonning Janoo‘zen shahrida o‘tayotgan mahkamada gapirgan guvohlar ana shunday da‘volar bilan chiqib, tergov paytidagi ko‘rsatmalaridan voz kechishgan.

Janoo‘zenga borgan BBC O‘zbek Xizmati muxbiri Shodiyor Saifga ko‘ra, ayni fikrlarni bir nechta guvohlar ta‘kidlashgan. Ular ayblanuvchilar "muayyan gapni aytgani va yo bankomatni o‘g‘irlagani" haqidagi ilk ko‘rsatmalarini tasdiqlay olmasliklarini bildirganlar.

Janoo‘zendagi mahkama jarayoni ochiq, deb e‘lon qilingan. Biroq muxbirimizga ko‘ra, jurnalistlar faqat qo‘shni xonada turib, video orqali jarayonni kuzatishlari mumkin.

"Audio va yo videoga yozish mumkin emas. Faqat umumiy manzarani suratga olishga izn berilgan" - deydi Shodiyor Saif.

Inson huquqlari guruhlari bu jarayonni Qozog‘istondagi asr mahkamasi, deb aytishmoqda. Biroq Janoo‘zendagi muxbirimizga ko‘ra, oddiy odamlar mahkamadan yaxshi xabardor emas.

O‘tgan dekabr o‘rtasida yarim yildan ko‘proq vaqt davomida ish tashlagan neftchilar, ularning tarafdorlari va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar chiqqandi.

Namoyishchilar va ish tashlaganlarga qarshi qurol qo‘llangan. Mazkur voqealarda 16 inson halok bo‘lgan.

Hukumat tartibsizliklarni keltirib chiqarish va ularda ishtirok etish hamda davlat mulkiga zarar yetkazish kabi holatlarga oid ayblovlar bilan 37 kishini mahkamaga tortmoqda.

Ammo xalqaro inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, namoyishchilarga qarshi qurol qo‘llab, ularni jazolashga tushib ketgan Qozog‘iston hukumati demokratik tamoyillardan chekinmoqda.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti esa o‘zining so‘nggi bayonotida Janoo‘zen mahkamasida ayblanayotgan odamlar qiynoqqa tutilgan, degan da‘volar ortidan Qozog‘istonni ushbu jarayonni to‘xtatishga va qaytadan tekshiruvlar o‘tkazishga chaqirmoqda.