Qirg‘iziston vaziri: Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari bu yil ham o‘zbek tilida topishiriladi

Image caption Oxirgi vaqtlarda Qirg‘izistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarini o‘zbek tilida o‘tkazishni bekor qilish talablari yangray boshlagan.

Qirg‘iziston Maorif va Fan vaziri Qanot Sodiqov o‘zbekzabon maktablari bitiruvchilari bu yil ham oliy o‘quv yurtlariga imtihon va sinovlarni ona tillarida topshirishlari mumkinligini bildirdi.

Bu yil Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablarini yetti mingga yaqin o‘quvchi bitirmoqda. Ulardan taxminan bir yarim ming bitiruvchi oliy o‘quv yurtiga kirish rejasiga ega ekanligini bildirgan.

Oxirgi vaqtlarda "Qirg‘iz yoshlar kengashi" va "Intimak" kabi tashkilotlar o‘zbek tilida imtihon topshirish huquqi boshqa milliy ozchiliklar huquqlarini cheklash bilan barobar, deya bekor qilishni talab qilib chiqqandilar.

Bir haftacha avval poytaxt Bishkekga O‘sh shahridan bir guruh qirg‘iz yoshlari kelib, Maorif va Fan vazirligi hamda Oliy Kengash binolari qarshisida norozilik namoyishi o‘tkazgandilar. Ular o‘zbek tilida imtihon va sinovlar o‘tkazishni taqiqlash talabini ilgari surgandilar.

Lekin Qirg‘iziston parlamenti qo‘mitasida ushbu masalaning muhokamasi vaqtida gapirgan xalq vakili Natalya Nikitenkoga ko‘ra, Qirg‘iziston Konstitutsiyasida mamlakatdagi milliy ozchiliklar huquqlari ochiq-oydin yozilgan va o‘zbek tilidagi imtihon-sinovlarni bekor qilish inson huquqlari va Konstitutsiya moddalarining buzilishini anglatadi.

Umumrespublika miqyosida imtihon va sinovlar Qirg‘izistonda o‘n yildan beri o‘tkaziladi.

Maorif vazirligi rasmiylarining bildirishlaricha, 2002 yildan beri umumrespublika imtihon-sinovlar qirg‘iz, rus va o‘zbek tillarida o‘tkazilmokda.

Lekin kirish imtihonlarini o‘zbek tilida topshirgan bilan oliy ta‘limni o‘zbek tilida olish imkoni Qirg‘izistonda mavjud emas.