BBC navigation

Domodedovoda tandir, mavqei oshgan o‘zbek tili va istarasi isiyotgan Rossiya

Сўнгги янгиланиш 23 апрел 2012 - 11:20 GMT

Domodedovo havo qo‘nalg‘asi ikkinchi qavatidagi "Uzbechka" restoranida ko‘mirda non yopib, doshqozonda palov damlashadi

Rossiya sizni tamomila o‘zbekcha kutib oladi. Kutish zalida aksar markaziy osiyocha qiyofalar. Kim kimni chaqirgan, birovning qo‘lida ko‘rpa, boshqasi qovun ko‘targan. Atrofda Andijonu Farg‘ona, Buxoroyu Termez shevalarini eshitasiz.

Bugun Domodedovodagi avtomat mashinalarda O‘zbekiston bayrog‘i aksi tushirilgan tugmachalar: Ularni bosib, pul olish va yoki biletingizni tekshirish uchun kerakli ma‘lumot hamda yo‘riqnomani o‘zbek tilida o‘qiy olasiz.

Dindorlar uchun esa masjid bor. Yo‘l ko‘rsatuvchi belgida namoz o‘qiyotgan odam aksi tushirilgan. Dunyodagi eng yirik pravoslav mamlakatning eng katta aeroportida ibodatxonani bugun xoch va yo cherkov aksi emas, balki namoz o‘qiyotgan odam shakli ramzlantirmoqda.

Shundoq Domodedovo uchish maydonchasiga qaragan oynaband dahlizda esa ko‘zingiz "Shumbola" filьmidagi kabi xomsuvoq devorlarga tushadi. Bu - "Uzbechka" restorani. Kiraverishda tandir. Unda elektr yo gaz emas, aynan ko‘mirda non yopishadi. Chorsuning eng arzon obi nonlaridek kichik kulchalarning har biri olti dollarcha turadi. Bir nimkosa palov esa 20 dollar atrofida.

Moskva havo qo‘nalg‘asidan chiqmasdanoq turli ishlarni qilayotgan ko‘plab muhojirlarga ko‘zingiz tushadi

Metroga tusharkansiz, yo‘lagu stantsiyalarda guruh-guruh bo‘lib yurgan o‘zbeklarga ko‘zingiz tushishi mumkin. Ular qishda ko‘cha supurishmaydi, qurilishda ham ishlashmaydi. Balki yangi kelgan hamyurtlariga "ro‘yxat qog‘ozi" sotishadi. Sekin kelib "qog‘oz sotamiz", deb qolishadi. Ammo bu qog‘ozlar qanchalik haqiqiy - aniq emas.

Tilla tishli o‘rtakashlar

Aftidan, mahalliy ruslar bugun har qadamda uchraydigan markaziy osiyoliklarga ko‘zlari ko‘nikkan. Vokzalu yirik bekatlarda sirli suhbatlar qurib, pichirlashib turgan bu muhojir yoshlarga hech kim qiyo ham boqmaydi.

O‘zbekistondan endi kelgan, egnidagi yengil sport kiyimida sovuqda diqillab turgan yoshlarni Qozon vokzalida og‘zi to‘la tilla tishli o‘zbek kelinoyi kutib oladi. Kutib oladi-da, "falonchi joyga borasan, sanga qog‘oz qilib berishadi, maoshing 700 dollar bo‘ladi", deb jo‘natib yuboradi. Orada yotar-turar joyi va oziq-ovqati haqida ham ma‘lumot berib o‘tadi.

Keyin guldor ro‘molli, yupungina palьto kiygan o‘zbek opoqilar va kelinoyilar poyezdlardan tushadilar. Ularni ham atrofdagi "qog‘oz" sotib yurgan o‘zbek yigitlari va uddaburon kelinoyilar kutib olishadi. Poyezd yo‘lovchilari hali vokzaldan chiqib ulgurmay, Moskva militsiyasi ham vokzal ichkarisiga tashrif buyuradi.

Qatorda xato qilmay, yangi kelganlarni olib ketishadi. "Hoynaxoy, haqlarini olishadi" - deydi moskvadagi hamkasbimiz.

Moskvada adashib qolsangiz, har qadamda yo‘l ko‘rsatuvchi o‘zbeklarni topa olasiz.

Vokzallardan chiqishda turli ishlar bilan band markaziy osiyoliklar ko‘p. Birov qor kuragan, kimdir ro‘yxatnoma sotgan, boshqasi qo‘l telefoni kartochkasiga xaridor kutadi. Omadlilar oshxona yo do‘konlardan ish topadilar. Hunarlilar esa qurilishdami, biron korxonadami ishlaydilar.

Til bilmasang ko‘cha supur yo tom kura...

Ammo yangi kelganlar, rus tilini bilmaydigan va yoki hunarsizlar eng og‘ir ishlarni qilishadi.

Bugun aholisi kamayotgan Rossiyaga 10 milliondan ko‘proq muhojir kelgan. Rossiya matbuotiga ko‘ra, har ikkinchi muhojir - o‘zbek.

Shu boismi, Moskvada o‘zbekcha oshxonalar ham ko‘paymoqda. To‘g‘ri, har qadamda oldingizdan chiqadigan, maxsus brendga aylangan "Chayxona" (ruscha talaffuzga moslab, "choy" so‘zi "chay" deb yozilmoqda) cho‘ntagi baquvvatlarga mo‘ljallangan. Muhojirlar esa o‘zlari uchun kichik-kichik somsaxonayu oshxonalar ochishgan.

Yangi kelgan, tanishi yo‘q va yo ruscha bilmaydigan muhojirlar ko‘cha supurish, tomlarni kurash kabi eng og‘ir ishlarni qilishadi

"Ruslarning restoraniga borsak, unchalik yoqtirishmaydi, bizni endi o‘zlaridan past ko‘rishadi-da" - deya taqdirga tan beradi Novoslobodskaya mavzesidagi O‘zbek oshxonasida biz gaplashgan farg‘onalik quruvchi.

U uzoq yillar dalada ishlagan. "O‘zbekistonda yer odamni boqolmay qoldi. Endi ilojimiz yo‘q, qishda bo‘sh paytimiz kelib, qurilishda ishlaymiz. Qizimni chiqardim, o‘g‘lim ham katta bo‘layapti" - deydi suhbatdoshim sovuqda qabarib, qotib qolgan qo‘lida paxta gulli piyolani tutganicha.

Lekin muhojirlarga nisbatan ruslarning fikri ham o‘zgarayotgan ko‘rinadi. Irqchilik hujumlari so‘nggi yillari kamaygan. Bugun hatto muhojirlarga qarshi fikrdagi ruslar ham qandaydir darajada ularga ehtiyoj borligini tan oladilar.

"Shu muhojirlar yerto‘lalarda yashashadi va sharoitlari og‘ir. Hozir kam maosh berib, ularni deyarli qullardek yashashga majburlashmoqda" - deydi rus millatchilaridan biri.

O‘ng‘aysiz savol-javob

Rossiya gazetalarini ochsangiz, jinoiy guruh tuzgan qofqozligu, kontrabandachi o‘zbeklar yoxud giyohvand modda sotuvchi tojiklar haqida bitilgan maqolalarni topish mushkul emas.

Shunga qaramay, odamlar Rossiyaga kelishdan to‘xtashayotgani yo‘q. Tinchlik prospekti metrosidan chiqaverishda gulqog‘oz sotib turgan o‘rta yashar kishi e‘tiborimizni tortadi.

Qirg‘izistonlik suhbatdoshim vataniga qaytib ketishni istaydi, ammo u yerda ish topa olmay, yana Rossiyaga qaytib kelishi ehtimoli kattaligini aytadi

Suhbatga tortishga intilsangiz, bizni yomonlamaysizmi, deya qiynalib o‘zbekcha javob beradi. O‘zbekistonlik lo‘lilardan ekan. U masjid yaqinida turib, namozxonlarga bir bora ishlatiladigan gulqog‘oz-joynamoz sotib pul topadi.

Muhojirlar o‘zlariga nisbatan matbuotning salbiy munosabatini yaxshi biladilar. Shu bois ko‘pchilik gapirishni istamaydi.

"Bolangiz bormi?" - deydi qo‘lidagi qog‘oz joynamozlarni yonidagi quti ustiga qo‘yib suhbatdoshim - "Hech qachon farzandlarimga bugun qanday ovqat topib beraman, sovuqda ustlariga nima kiydiraman, deb o‘ylaganmisiz?"

Moskvaning 30 darajali sovug‘ida eski jemperda yurgan bu hamyurtimiz savoliga javob topish mushkul. Ortida yer chizib turgan xotini va onasing etagiga yopishib turgan tetapoya qizalog‘idan sekin uzoqlashishdna boshqa chora yo'q. Boshqa savol so‘rash - o‘ng‘aysiz.

Tabiati sovuq, istarasi issiq yurt

Rossiya hozir faqat kambag‘alga qayishmayapti. Markaziy Osiyodan kelib, o‘rta va yirik tijoratlarni yuritayotgan odamlar kam emas.

"O‘zbekiston yo Tojikistonda bir so‘m topsangiz, bu yerda o‘n so‘m topasiz" - deydi restoranda ishlovchi dushanbelik Mahmud.

Moskvada qator muhojirlar uchun hatto ruscha gapirishga unchalik hojat ham yo‘qdek ko‘rinadi.

Rossiya qo‘nalg‘a va vokzallarida o‘zbek tilida avtomat-mashinalar ishlaydi, bu yerlarda cherkov topolmassiz, ammo masjid bor

Ko‘chada qo‘l telefoni kartochkasini sotib o‘tirgan asakalik yigit yoniga shahrisabzlik qiz keladi-da, to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zbek tilida "telefonimga falonchi kartochka kerak, pistonchi narsasini to‘g‘rilab berasizmi?" - deb so‘raydi.

Moskvadagi muhojirlar orasida hozir xotin qizlar ham tobora ko‘payotganini ilg‘ash mumkin.

Bir necha xonadon bolalariga qaraydigan Qirg‘izistonlik Cho‘lpon eri bilan birga Moskvada ishlaydi. Endi Qirg‘izistonga qaytib ketmoqchi.

"Lekin kim biladi, yana qaytib kelishimiz mumkin. Har gal bo‘ldi endi, o‘z yurtimda yashayman, deb borasanu, biroq pul topish imkoni yo‘qligini ko‘rgach, ilojsiz, qayerdasan Rossiya, deb yana shu sovuq o‘lkaga qaytib kelasan. Rossiya tabiati sovuq yurt, ammo vaqt sayin istarasi issiq tuyula boshlagan" - deydi Cho‘lpon.

Darhaqiqat, bu sovuq o‘lka bugun ko‘plab o‘zbek, tojik va yo qirg‘izning ko‘ziga issiq ko‘rinsa ehtimol. Tanish odamlar, o‘z tiling va madaniyating, ruslarning nisbatan ko‘nikayotgani va o‘zbek taomlari...

Londonda turib, ahyon-ahyon o‘zimizga savol berib qolamiz: "Balki biz ham Rossiyada yasharmidik?"

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.