Londonda asos solingan o‘zbek teatri ijodkorlariga savol bering

Image caption Ikki ijodkor O‘zbekistonda ham teatr va kino sohasida faoliyat yuritgan

Londonda asos solingan Orzu Arts o‘zbek teatr guruhi shu kunlarda o‘zining "Darvesh" nomli ilk spektakli namoyishini yakunladi.

Guruhga o‘zbekistonlik san‘atkorlar Yo‘ldosh Jo‘raboyev va Rashid Shadat (Rashid Shodiyev) asos solishgan.

Qirq minutlik tomoshada spektaklning bosh va yagona qahramoni Rashid Shadat nafaqat darvesh yo ertakchi rolini, balki so‘zlayotgan ertaklaridagi qahramonlari rolini ijro etadi.

Tomosha dutor va doira sadolari, zarchoponlaru dubulg‘a va boshqa rang-barang sahna bezaklari bilan yanada boyitilgan.

Spektaklni kelib ko‘rgan britan teatr tanqidchilari uning o‘ziga xosligini olqishladilar. Jumladan tanqidchi Hovard Lokston g‘arbona teatr usuli orqali hikoya qilingan o‘zbek afsonasi tomoshabinlarga o‘zbek madaniyatini tatib ko‘rish imkoniyatini yaratganini aytadi.

"Tomosha bevosita murojaat, turli qahramonlar kostyumlari, aktyor kuylagan qo‘shiq, doira va dutor sadolarining qarishmasidir. Bu oddiy lekin boy tomosha", - deydi janob Lokston.

Image caption Spektakl Londonning Giant Olive teatrida bo‘lib o‘tdi

Yo‘ldosh Jo‘raboyev va Rashid Shadat 2000 yilda Toshkent Davlat San‘at institutining drama teatri va kinoaktyorlik fakultetini tamomlashgan.

"Darvesh" spektaklini sahnalashtirgan Yo‘ldosh Jo‘raboyev 1997 va 2007 yillar orasida Toshkentning qator teatrlarida turli rollarni ijro etgan. U 2000 yilda olmon teatr ijodkorlari tashabbusi bilan o‘tkazilgan "Buyuk Ipak Yo‘li" teatr festivalida "Qobil ila Hobil" asaridagi Hobil roli uchun Grand pri mukofotini qo‘lga kiritgan.

Rashid Shadat 1997 yildan Toshkentdagi Respublika Yosh Tomoshabinlar teatrida ishlay boshlagan. U 2000 yildan, teatrdagi faoliyati bilan bir qatorda, Hamroh avtoradiosida boshlovchilik qilgan. U O‘zbekistondagi ijodiy faoliyati davomida 30dan ortiq spektakllardagi rollari, film va videokliplardagi obrazlari bilan tanilgan.

Yo‘ldosh Jo‘raboyev o‘z ustozlari qatorida Hamida Mahmudova, Shuhrat Abbosov, Olimjon Salimov, hamda "Ilhom" teatrining marhum rejissyori Mark Vaylni eslaydi.

Ikkala ijodkor ham bugunda Londonda istiqomat qiladilar.

Yo‘ldosh Jo‘raboyev va Rashid Shadatga savol yo‘llamoqchi bo‘lsangiz, matn ostidagi formani to‘ldiring, yoki uzbek@bbc.co.uk manzilimizga maktub yo‘llang.

San‘atkorlar bilan suhbat matnini juma kuni web sahifamizda o‘qiy olasiz. Suhbatning audio versiyasi esa shanba kuni daraklar dasturimizda efirga uzatiladi.