Turkiyada O‘zbekistonni o‘zgartirish niyatida anjuman o‘tkazildi

Image copyright Reuters
Image caption O‘zbekistonda bir paytlar o‘zbek muxolifati boshpana topgan Istanbulni "ilonlar uyasi" deb ham atashgan

Turkiyadagi "Erkin O‘zbekiston" anjumani tashabbuskorlari O‘zbekistonda o‘zgarishlar qilish va mamlakatni taraqqiyparvar o‘lkalar qatoriga qo‘shishni maqsad qilishganini aytishmoqda.

Hozirgi tadbir esa, avvalo, O‘zbekistondagi ahvoldan Turkiya va jahon jamoatchiligini yanada kengroq boxabar qilishni ko‘zda tutadi.

"Albatta, ilk o‘rinda tinch yo‘llar bilan o‘zgarishlar va islohotlarga erishish maqsad qilingan" - deydi ishtirokchilardan O‘zbekiston Xalq Harakati vakili Namoz Normo‘‘min -"Aks holda hozirgi tuzumdan xalq juda charchagan va o‘z-o‘zidan to‘lqinlanib ketishi mumkin. Ammo o‘shanda biz buni qo‘llashimizni bayon etdik".

Anjuman tashkilotchilari, asosan, "Erk" Demokratik Partiyasi va O‘zbekiston Xalq Harakatidir.

Biroq muhojirotdagi barcha o‘zbek muxolifati guruhlari vakillari qatnashganlari yo‘q.

O‘zbekistonda tijorat yuritgan va keyinroq chiqib ketishga majbur bo‘lgan, o‘z sarmoyalarini yo‘qotganini aytayotgan turk ishbilarmonlari ham ushbu tadbirga chaqirilganlar.

"Ular O‘zbekistonga yordam bermoqchi bo‘lgan odamlar va anjumanga kelib, mamlakatdagi ahvol haqida o‘z fikrlari va takliflarini aytishdi", - deydi Namoz Normo‘‘min.

Ishtirokchilarga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy islohotlar o‘tkazish ham juda dolzarb turibdi.

Xorijdagi muxolifat vakillari shu kunlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuz ming odamga "Erkin Yurt" gazetasini yetkazishayotganin aytmoqdalar.

"Ko‘plab o‘zbeklar bugun tashqarida. Birgina Rossiyada 3 million o‘zbek bor. Demak bu odamlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma‘lumotga erishmoqdalar.

O‘zbek-Turk sovuq aloqalari

Biroq kuzatuvchilarga ko‘ra, ushbu anjuman ortidan shundoq ham tarang o‘zbek-turk aloqalari yana yomonlashib ketishi mumkin.

O‘zbekistonda hozir turk maktablari yopilgan, qator turk tijoratchilari yo chiqib ketishgan, yo hibsga tashlanganlar. Shuningdek, O‘zbekiston Nurchilar guruhini yoshlarga ta‘sir o‘tkazganlikda ayblaydi.

Turkiya hozir O‘zbekiston vatandoshlari uchun vizasiz tizim joriy etgan. Biroq O‘zbekiston turklardan viza talab qiladi va turklar bu vizani olish o‘ta qiyinligini aytishadi.

Shuningdek, O‘zbekiston turk dunyosi tadbirlarida ko‘shma tadbirlarida ham deyarli qatnashmaydi.

Ayrim o‘zbeklar esa vizasiz borish imkoni bo‘lsa-da, Turkiyaga dam olish uchun borishga qo‘rqishlarini aytishadi.

"Tinch yuraylik, bir haftalik dam olish deb O‘zbekistonga qaytgach, baloga qolmaylik".