AQSh tujjorlari Obamani Karimov bilan uchrashishga chorlashmoqda

Image caption Barak Obama hali biron marta ham O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashmagan

O‘zbek-Amerika savdo palatasi bayonotiga ko‘ra, Barak Obamaning O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashishi - O‘zbekistonda Amerika tijoratini rivojlantirish uchun o‘ta muhim.

Bayonot AQSh Davlat kotibi Hillari Klintonga yo‘llangan va unda O‘zbekistonda ish olib boradigan muhim shirkatlar normlari keltirilgan.

Bular orasida, xususan, Boeing va General Motors shirkatlari nomlari qayd etilgan.

"Sammit chog‘i uchrashish, zaxiralarga boy O‘zbekistondek mamlakatda AQSh tijoriy manfaatlarini mustahkamlaydi", - deyiladi Amerika-O‘zbekiston Savdo palatasi maktubida.

Ammo bu uchrashuv oson kechmasligi ham ta‘kidlanmoqda.

"Mamlakat o‘z fuqarolariga yomon munosabatda bo‘layotgani haqida xabarlar yana tarqalib turgan paytda Karimov bilan qo‘l berib ko‘rishish Obamani noqulay ahvolga qo‘yadi" - deb yozadi "Eurasianet. org" web-sahifasi.

Andijon xunrezligi ortidan sovuqlash AQSh-O‘zbekiston munosabatlari zimdan yana iliy boshlagani haqida farazlar bor.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, G‘arb mamlakatlarining Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish harakatlaridan rasmiy Toshkent o‘zining nomini yaxshilab olish maqsadida foydalanmoqchi.

Olmoniya matbuotida O‘zbekiston prezidentining Olmoniya kantsleri Angela Merkel bilan uchrashishga harakat qilayotgani haqida maqolalar e‘lon qilingan.

Britaniyadagi manbalar Afg‘onistondagi o‘z texnikasini olib chiqishda berajak ko‘magi evaziga rasmiy Toshkent Bosh vazir Devid Kamerunning Toshkentga safar qilishini, Prezident Islom Karimovni esa Londonga taklif qilish hamda Gulnora Karimovani O‘zbekistonning Londondagi elchisi qilib yuborish so‘rovini yuborgani haqida xabar qilgandilar.