O‘zbekiston: Janubdagi uch qishloqni suv bosgan

Image copyright
Image caption Qashqadaryodagi uch qishloqda yuz bergan suv toshqini borasida ko‘p tafsilotlar aniq emas

Janubiy Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi uch tog‘li qishloq suv ostida qolgani aytilmoqda.

Xavbarlarga ko‘ra, ular tog‘dagi ovloq qishloqlar bo‘lib, hozir aholini ko‘chirish ishlari ketmoqda.

"Deyarli barcha uylarga va aholi mulkiga suv toshqini ta‘sir qilgan, yo‘llar suv ostida qolgan" - deydi xabarni o‘rgangan Toshkentdagi "Ezgulik" guruhidan Abdurahmon Tashanov - "Faqat baland qirlarda joylashgan yakka-dukkam uylarga toshqin yetib bormagan".

Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, insoniy talofotlar yo‘q va aholi xavfsiz joylarga ko‘chirilmoqda.

Ammo nechta xonadon ko‘chirilgani va ularga qayerdan boshpana berilgani haqida tafislotlar yo‘q.

O‘zbekiston favqulodda holatlar vazirligi Shahrisbazdagi sel va uning oqibatlari borasida ma‘lumot bermadi.

Qashqadaryolik faol Gulshan Qorayevaning aytishicha, matbuot ham bu borada xabar tarqatmagan.

"Lekin ancha paytlardan beri tog‘dagi qishloqlarni ko‘chirishayotgan ekan, degan gap-so‘zlar yurgandi. Chunki hali yaqin-yaqingacha ham juda ko‘p qor yog‘di va, ayniqsa, tog‘larga juda qalin qor tushgan edi".

Endi kunlar tezda isib ketib, qorlar jadal erimoqda va sellar kuchaygan.

O‘zbekistonning tog‘li hududlarida har bahor sel kelib turishi tabiiy. Ammo qishloq yo‘llari va odamlarning hovlilarini bosish darajasida katta suv toshqinlari kam kuzatiladi.

Faollarga ko‘ra, ko‘p hollarda matbuot bu borada xabar bermagani tufayli, suv toshqinlari va tabiiy ofatlar tafsilotlari ko‘p hollarda ma‘lum bo‘lmay qoladi.

Shahrisabzda ham ko‘pchilik tog‘ qishloqlarni suv bosgan, degan xabarlarni eshitmaganini aytadi.