FIFA Bosh qarorgohiga millionlab ishqibozlarni jalb etmoqchi

Image copyright AFP

Xalqaro Futbol Uyushmasi butun dunyodan futbol ishqibozlarini Tsyurixdagi qarorgohiga jalb etish uchun qariyb 200 million AQSh dollariga yerosti muzeyi qurmoqchi.

FIFA Prezidenti Zepp Blatterning aytishicha, "jahon futboli millionlab muxlislari uchrashadigan joyga ega bo‘lishining naq payti yetgan".

Xalqaro tashkilot web sahifasida chop etilgan bayonotdan ma‘lum bo‘lishicha, muzeyda 3D(uch o‘lchamdagi) filmlar, turli xil o‘yinlar bo‘ladi va kuboklar ham namoyishga qo‘yiladi.

FIFAning bildirishicha, ijroiy qo‘mitasi yangi loyihaga ketadigan sarf-xarajatlarni ham ma‘qullagan.

Ammo yangi reja ijrosiga kirishilishidan avval Tsyurix shahar mas‘ullarining ham roziligi lozim bo‘ladi.

Bo‘lajak muzey sabab, FIFA Bosh qarorgohi xodimlarining soni ham 380 tadan 500ga ortadi.

O‘tgan yil e‘lon qilingan yillik hisobotiga qaralsa, FIFA bir milliard dollardan oshiqroq naqd pul zaxirasiga ega.

Shuning uchun ham, yangi muzeyga yuzlab million dollar mablag‘ sarflashi xalqaro tashkilot uchun muammo bo‘ladigan ko‘rinmaydi.