Qozoq hukumati "Borat"dan minnatdor

Image copyright Getty

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi mamlakatiga sayyohlarning qiziqishini nihoyatda oshirib yuborgani uchun vaqtida o‘zi namoyishini taqiqlab qo‘ygan "Borat" filmidan minnatdor ekanini bildirgan.

Vazir Yerjan Qazixanovning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, film namoyishi ortidan, Qozog‘iston chet elliklarga berayotgan vizalarning soni o‘n marotabaga ortib ketgan.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri yana bu haqda parlament majlisi chog‘ida bayon qilgan.

Janob vazir buning uchun britaniyalik hajvchi Sasha Baron Koenga o‘z "minnatdorchiliklarini izhor etgan".

"Borat: Amerika bilan madaniy tanishish sharafli Qozog‘iston xalqi uchun foydalidir" filmi 2006 yilda ishlangan.

Mazkur film tanqidchilar tomonidan katta shov-shuv bilan kutib olingan.

Unda Qozog‘istondagi qishloq hayoti va bosh qahramon - qozoq jurnalistining Amerikadagi hayoti hajviy bir tarzda hikoya qilinadi.

Ammo film syujeti qozoq jamoatchiligining keskin noroziligiga sabab bo‘ladi.

Buning ortidan, Qozog‘istonda "Borat" filmi namoyishi taqiqlanadi.

Mas‘ullar, hatto, mamlakatda Sasha Baron Koenning web sahifasiga imkoniyatni ham cheklab qo‘yishadi.

O‘shandan buyon film nomining qayerdadir yangrashi ham, qozog‘istonlik mulozimlarning g‘ashlariga tegib kelardi.

O‘tgan oy Qozog‘iston "Borat" filmi bilan bog‘liq mashmasha bois Osiyo Olimpiya Qo‘mitasiga rasman shikoyat xati bilan ham chiqqan.

Bunga Quvaytda bo‘lib o‘tgan sport musobaqasi chog‘ida qozog‘istonlik g‘oliba sharafiga davlatniki emas, filmdan olingan madhiyaning yangrashi sabab bo‘lgan.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirining o‘zi esa, filmga falsafiy yondashganini aytadi.

"Borat"

Sasha Baron Koen yangi filmi uning Amerika Qo‘shma Shtatlariga qilgan safariga asoslangan.

Filmda qozog‘istonlik soxta jurnalist Boratning biror bir narsadan shubhalanmayotgan amerikaliklar bilan muomalalari tasvirga tushirilgan.

Amerikaliklar oldida Borat atayin jinsiy, irqiy tahqirlaydigan gaplarni aytadi, yahudiylarni, besoqolbozlarni so‘kadi.

Ayrim sharhlovchilar Boratning yangi komediyasini "odam o‘zini kulgidan to‘xtatolmaydigan" va "yilning engi kulgili filmi" deya baholadilar.

Biroq hamma ham britan hajvchisining yangi filmini hazil sifatida qabul qilishmaydi.

Ayniqsa, Qozog‘iston rasmiylariga o‘z mamlakatining o‘ta qoloq bir mamlakat sifatida taqdim etilayotgani ma‘qul tushmaydi.

Biroq boshida Sasha Baron Koenning soxta qozoq jurnalisti sifatidagi chiqishini og‘riqli qabul qilgan Qozog‘iston rasmiylari bugunga kelib toqatli munosabat qilayotganlarini kuzatish mumkin.