Rashid Holiqov: "Darvozabon Shukur akamni ko‘rib, kulgimni tutib turolmadim"

Image copyright olam.uz
Image caption Rashid Holiqov o‘zbek estradasi yulduzlari jamoasiga murabbiy bo‘ldi

Toshkentning JAR sport maydonida "Kelajak ovozi" yoshlar tashabbuslari markazi, hamda o‘zbek estradasi, kino va teatri yulduzlari ishtirokida futbol matchi bo‘lib o‘tgan.

23 aprelda o‘tkazilgan mazkur o‘yin ayollar ko‘krak saratoniga qarshi kurashga bag‘ishlangan hayriya tadbiri bo‘ldi.

"Shahzod" guruhi solisti Rashid Holiqovning BBCga aytishicha, match boshlanishidan avval tomoshabinlarga to‘la maydonda Rayhon, Jahongir Poziljonov, Ziyoda, Munisa Rizayeva va boshqa mashhur qo‘shiqchilar o‘z qo‘shiqlarini ijro etdilar.

"JAR stadioni tomoshabinlar bilan to‘lib toshib ketdi. Judayam katta bayram bo‘ldi. JAR maydoni xizmatchilari rostakam futbolda ham bunchalik matbuot bo‘lmaydi deb aytishdi", - deydi tadbirda ishtirok etgan taniqli xonanda Rashid Holiqov.

Image copyright olam.uz
Image caption Hajvchi Shukrullo Isroilovning darvozabonligidan ko‘plar mamnun bo‘ldilar

Rashid Holiqov tadbirda o‘zbek estrada yulduzlari jamoasining murabbiysi rolida qatnashdi.

Shukrullo Isroilov va Valijon Shamshiyev kabi hajvchilarning tadbirga jalb etilishi o‘yinning yanada qiziqarli kechishiga olib keldi.

Matchning birinchi taymi "Kelajak ovozi" va o‘zbek estradasi yulduzlari orasida o‘tdi. Unda "Kelajak ovozi" estrada yulduzlarini 4-1 hisobida mag‘lub etdi.

Ikkinchi taymda esa estrada yulduzlari kino va teatr yulduzlariga maydonga tushib, bu taymda ham 2-1 hisobida yutqazib qo‘yishdi.

Lekin, Rashid Holiqov o‘z jamoasi yutqazib qo‘yganidan hafa emas. Uning aytishicha, maqsad bu o‘yinda g‘alaba qozonish emas, balki tomoshabinlar uchun qiziqarli tomosha qo‘yish edi.

Image copyright olam.uz
Image caption Shukrullo Isroilni darvozaga qo‘yish fikri Rashid Holiqovdan chiqqan

"Men matchning boshidan aytdim, kim yutsa ham, yutqazsa ham, baribir do‘stlik g‘alaba qozonadi. Eng kerakli narsa odamlarga katta shou, bayram qilib berish edi. Shu sport-shou amalga oshdi", - deydi xonanda.

Match nihoyasiga yetay deb qolganda maydondan kino va teatr yulduzlari murabbiysi Muhammadiso Abduxairov qizil kartochka bilan chiqarib yuborilgan. Bunga uning maydonga yugurib chiqib o‘z futbolchilarini do‘pposlashga uringani sabab bo‘lgan.

"O‘yindan oldin aytolmas edik, lekin endi hozir bu narsani aytsak bo‘ladi - buning hammasi 10 kun davomida sahnalashtirildi. Stsenariy yozilganda aytildiki, men jiddiy, bosiq murabbiy bo‘laman, Muhammadiso aka esa buning teskarisi, qiziqqon, baqirib yugurib ketadi va borib o‘yinchilarini urib ketadigan murabbiy bo‘lishi rejalandi", - deydi Rashid Holiqov.

Xonanda darvozabon roliga hajvchi Shukrullo Isroilovni o‘zi tavsiya qilganini va uning maydondagi "o‘yin"idan ko‘p zavqlanganini aytadi.

Image copyright olam.uz
Image caption Tajovuzkor murabbiyni hakam Ravshan Irmatov maydondan chiqarib yubordi

"Mening xotiramga muhrlanib qolgan joyi Shukur akam 11 metr tepishganda, koptokni ushlab qoldilarda, o‘rtaga tushib shunaqa o‘ynadilar darvozaning yonida, men kulgumni ushlab turolmay yomon kuldim, uni ko‘rib xalq baravariga kuldi", - deydi u.

Matchga xalqaro va o‘zbek futbol doiralarida nom chiqargan, va Londondagi Olimpiada o‘yinlarida hakamlik qilishi kutilayotgan hakam Ravshan Irmatov hakamlik qilgan.

Odatdagi professional matchlardan keskin farq qilgan o‘yin yulduz hakamga ham yoqib tushdi.

"Men o‘yin tugagandan keyin Ravshan akam bilan gaplashib, "Ravshan aka, bunaqa futbolni ko‘rmagan bo‘lsangiz kerak-a?" desam, "Yo‘q" deb rosa kuldilar. Ravshan Irmatovni biz har doim jiddiy futbol o‘yinlarida ko‘rganmiz, ular juda jiddiy hakam. Lekin, kechagi o‘yinda ularning yuzlaridan tabassum arimadi", - deydi Rashid Holiqov.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Xonanda bu kabi hayriya shou tadbirlari yana amalga oshirishi mo‘ljallanganini aytadi.