Misr: Islomni "haqorat qilgan" aktyor uch oyga qamaldi

Image copyright BBC World Service
Image caption Misrning eng mashhur hajvchi aktyori Odil Imom endi 3 oy qamoqda o‘tirishi mumkin

Qohiradagi mahkama o‘z filmlarida Islom "dinini haqorat qilgan" hajvchi aktyorni uch oyga qamashni ko‘zda tutgan hukmni o‘z kuchida qoldirgan.

Odil Imom yana 170 AQSh dollariga teng miqdorda jarima ham to‘laydi.

71 yashar aktyor hali o‘tgan fevralda sirtdan mahkamaga tortilib, Islomni haqoratlashda aybdor, deb topilgandi.

Misrda Islomni haqorat qilishga oid ayblar bilan ilk jarayon kechayotgani yo‘q.

Yil boshida qibtiy nasroniy ishbilarmon shakkoklikda ayblangan, ammo keyinroq mahkama ishi to‘xtatilgandi.

O‘shanda nasroniy misrlik bo‘lmish Naguib Saviris AQSh mutlfilmlaridagi mashhur Mikki Mausga soqol qo‘yilgan, urg‘ochi sichqon Mini Mausga esa hijob o‘ralgan akslarni internetga qo‘ygandi.

Aktyor Odil Imomga qarshi ayblarni esa Islomiy guruhlarga aloqadaor huquqshunos Asran Mansur olib chiqdi. Uning aytishicha, hajvchi san‘atkor o‘z chiqishlarida Islom dini va uning ramzlarini masxara qilgan.

Odil Imomning filmlari Misrda juda ommaviy. Ammo da‘vogar tarafga ko‘ra, San‘atkor bosh rolni o‘ynagan "Terrorchi" va Yaqin Sharqdagi rahbarlarni hajv qilgan "Rahbar" filmlari juda haqoratomo‘z ishlangan.