Mitt Romney Prezident Obamani Oq Uydan chiqarishga ahd qildi

Image copyright Getty
Image caption Mitt Romney prezidentlik saylovida Respublikachi partiya nomzodligini qo‘lga kiritganini aytmoqda

"Yana biroz sabr qiling. Bu tun Amerika yaxshilikka eltuvchi yo‘l boshiga yetib keldi".

Prezidentlik saylovi uchun Respublikachilar nomzodi bo‘lganini e‘lon qilgan Mitt Romney kelasi amallarini ana shu jumlalarda ifodaladi.

O‘tgan tunda beshta shtatda osongina g‘alaba erishgan bu siyosatchi, shaksiz, Respublikachilarning prezidentlik saylovidagi bosh umidiga aylanadi.

Hali yana 14 shtatda ovoz olishi kerak, lekin ulardagi natijalar ko‘p narsani o‘zgartirmasligi aytilmoqda.

Janob Romney kelasi saylovda demokratlarni mag‘lub etishga qattiq kirishgani takrorlayotir.

"O‘tgan yillar Barak Obama qo‘lidan kelgan eng zo‘r ishlarni qildi, biroq bular Amerika uchun yetarlicha zo‘r ishlar emasdi".

Janob Romneyga ko‘ra, Prezident Obama o‘z va‘dalarini bajara olmadi va undan saylovchilarning hafsalasi pir bo‘lgan.

"O‘rtahol amerikalik hamon iqtisodiy inqiroz zarbasini his qilib yashamoqda", - dedi o‘z so‘zlarini asoslashga intilgan siyosatdon - "Hammasi iqtisodga borib taqalishini bilib turibmiz... Biz axmoq emasmiz".

Ayni damda Barak Obama ta‘lim-tarbiyaga qaratilgan siyosatini yetkazish niyatida bir nechta shtat bo‘ylab safar qilmoqda.

Janob Obama o‘zining kelib chiqishiga urg‘u qaratib, barcha oddiy amerikaliklar uchun ta‘lim olish imkoniyatini yaratishga harakat qilmoqchi.