Moskva: "Toshkent va Dushanbe muloqot boshlashi kerak"

Image copyright BBC World Service
Image caption Sergey Lavrovning gapiga qaraganda, Moskva hozir Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi mojaroga aralashmoqchi emas

Tojikistonga kelgan Kreml vakili Dushanbe va Toshkentni o‘zaro muloqot boshlashga da‘vat etdi.

Lekin Markaziy Osiyodagi bu ikki qo‘shni orasida yuzaga kelayotgan masalalarda Rossiya qanday yo‘l tutishi borasida biron gap aytmadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Rossiya vazirining gapini "o‘rtadagi masalalarni o‘zaro hal qilaveringlar, Moskvaning bunga aralashish niyati yo‘q" tarzida ham talqin qilish mumkin.

"Agar vositachilik qilish niyati bo‘lsa, unda Dushanbedagi matbuot anjumani chog‘i aytardi", - deydi Dushanbedagi BBC muxbiri Iskandar Feruz.

Oldinroq esa Tojikiston rahbariyati o‘z hududida Rossiya harbiy bazasi muddatini uzaytirishga ruxsat berish evaziga Rog‘un GESi bobida Moskvadan qo‘llov istaydi, degan bashoratlar bor edi.

Biroq Rossiya bazasi taqdiri borasida biron yangilik aytilmadi. Shuningdek, Rog‘un haqida ham gapirilgani yo‘q.

"Tojikiston o‘z hududidagi baza uchun Rossiyadan yiliga 300 million AQSh dollari so‘ragan, degan tasdiqlanmagan xabar bor edi, uni rad etishdi" - deydi Iskandar Feruz - "Rossiyaning haq to‘lash istagi yo‘q".

"Rossiyaning o‘ylashicha, o‘z askarlarining Tojikistonda qolayotgan butun Markaziy Osiyo xavfsizligini kafolatlab turadi".

Kuzatuvchilarga ko‘ra, hozirda Rossiya Tojikistonga yoqilg‘i mahsulotlarini soliqsiz sotishni taklif qilmoqda. Ana shunda yoqilg‘i mahsulotlariga tashna Tojikiston ularni 50% arzonroq olishi mumkin bo‘ladi.

Rog‘un, muhojirlar va bir dollarlik baza

2004 yili erishilgan kelishuvga muvofiq, Rossiya Tojikistondagi harbiy bazadan foydalangani uchun Dushanbega har yili bir dollardan ramziy haq to‘lab keladi. Ko‘rinishicha, Tojikiston bundan rozi emas.

Dushanbe Rog‘un GESi borasida O‘zbekiston bilan yuzaga kelgan ziddiyat borasida tashqaridan kuchli dastak istaydi. Rossiya - shulardan biri. Ammo Toshkent va Dushanbe o‘rtasida yuzaga chiqqan muammolarda Kremlning kimga qayishishi aniq emas.

Chunki Rossiya qashshoq va tashqi dunyoga chiqish uchun asosan O‘zbekistonga bog‘lanib qolgan Tojikistonda o‘z manfaatlarini osonlik bilan himoya qila olishiga ishonadi. O‘zbekistonda esa bu ancha qiyin masala.

Image copyright Reuters
Image caption Rossiya qo‘lidagi Tojikistonga qarshi qo‘llaydigan vositalardan eng kuchlisi - o‘z hududidagi bir yarim millionlik tojik muhojirlari

Biroq Rossiya rahbariyati Tojikistonning manfaatlarini himoya qilaman, Markaziy Osiyo aholisining yarmi yashaydigan, mintaqadagi eng yirik armiyaga ega va kuchliroq O‘zbekistonga qarshi borishni ham istamaydi.

Ayni damda, O‘zbekiston o‘zini Rossiyaga sodiq va yaqin ittifoqchi sifatida ko‘rsatavermaydi. Shu asno, Toshkent tarafini olib, Dushanbedek yaqin ittifoqchisini xafa qilish ham Rossiya uchun maqbul yo‘l emas.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev 2010 yili O‘zbekistonga safari mobaynida gidroinshootlar borasida Toshkentning mavqeini qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi. Bu esa o‘z navbatida Tojikiston rahbariyatida qattiq norozilik uyg‘otgan.

"Lekin Rossiya va Tojikiston muloqotlarida Moskvaning qo‘lida kuchli va ko‘proq vositalar bor", - deydi Iskandar Feruz - "Rossiyadagi bir yarim milliondan ko‘proq mehnat muhojiri vataniga yiliga 4 milliard dollar pul jo‘natadi".

"Ushbu mablag‘ Tojikistonning ijtimoiy va iqtisodiy barqarorligi kafolatidir. Buni bilgan Rossiya, shaksiz, o‘z shartlarini ilgari surishda davom etadi, Tojikiston ham ularga ko‘nishga majbur".

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi keskinlikni yumshatishdan Rossiya o‘zi uchun biron naf ko‘rayotgani yo‘q. Shu bois jim turib, kuzatishni afzal bilmoqda.

"Ammo O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tanglikni yumshatish maqsadida boshqa davlatlar aralashuvini ham istamaydi", - deydi Dushanbedagi muxbirimiz -"Agar Eron va yoki Xitoy bosh qo‘shishga kirishsa, ana unda Rossiya ham faollashib qoladi".