Pokiston mahkamasi bosh vazir Yusuf Rizo Giloniyni aybdor deb topdi

Image copyright AP

Pokiston Oliy mahkamasi esa, Bosh vazir Yusuf Rizo Giloniyni o‘zlariga hurmatsizlikda aybdor, deb topgan, ammo unga rostmana jazo bermagan.

Mahkama jarayoni uch oy davom etdi va janob Giloniyga yarim yillik qamoq jazosi hamda o‘z vazifasidan iste‘fo berish xavfi tahdid solayotgandi.

Pokiston Oliy mahkamasi qarorining matni e‘lon qilinganicha yo‘q, biroq muxbirlarga ko‘ra, Bosh vazir Yusuf Rezo Giloniy mahkama binosiga kirib kelganidan ko‘ra ketishida yanada mavqeini mustahkamlab ketdi.

Mahkama qaroriga binoan, janob Giloniy mahkamaga bo‘ysunmay hurmatsizlik ko‘rsatgan, ammo buning uchun ko‘zda tutilgan jazo u mahkama binosida bo‘lgan vaqtga teng ramziy jazo.

Oliy Mahkamaga ko‘ra, janob Giloniy mahkamaga hurmatsizlik ko‘rsatgan, uning hukumati Pokiston mahkamasining Prezident Osif Ali Zardoriyga nisbatan jinoyat ishi ochish talabini bajarmagan.

Pokiston mahkamasi Bosh vazir Yusuf Rizo Giloniy hukumati Shveytsariya hukumatiga murojaat qilib, Prezident Osif Ali Zardoriyga qarshi korruptsiya ayblovlari bilan jinoyat ishi ochishni so‘rashi lozim, degan mavqeni egallagan.

Biroq janob Giloniyga ko‘ra, Prezident Osif Ali Zardoriy davlat rahbari sifatida jinoiy javobgarlik daxlsizligiga ega, shuning uchun unga nisbatan jinoyat ishi ochilmasligi kerak.

Mahkama qarori ortidan muxolifat bosh vazir iste‘fosini talab qilib chiqdi.

Bundan oldin mahkama janob Giloniyni aybdor deb topsa, u hokimiyatdan ketishi mumkinligi xabar qilingandi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Pokistonning fuqaroviy hukumatidagi siyosatchilarga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atish tashabbusi ortida mamlakatning qudratli armiyasi turipti, ayniqsa, o‘tgan yili mayida Usoma bin Lodin Pokiston hududida o‘ldirilganidan keyin harbiylar bilan fuqaroviy hukumat o‘rtasidagi taranglik kuchaygan.

Orada Bosh vazir Giloniy armiya davlat to‘ntarishini rejalayotganidan ogohlantirgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, lekin janob Giloniyning o‘zi bu xabarlarni asossiz, deya rad etgandi.