"Real" ham hal qiluvchi uchrashuvni boy berdi, finalda "Chelsea" va "Bavaria"

Image caption Bu gal maqtalgan Krishtianu Ronaldu o‘z jamoasiga pand berdi

11 metrlik jarima to‘plari hisobiga Ispaniyaning yana bir nahang jamoasi Chempionlar ligasining yarim finalini Olmoniyaning "Bavaria"siga boy berib qo‘ydi.

"Real"(Madrid)ning mag‘lubiyati ortidan, bu yilgi Chempionlar ligasining finalida Londonning "Chelsea" va Olmoniyaning "Bavaria"si to‘p suradigan bo‘lishdi.

"Chelsea" kecha ikki uchrashuv natijasiga muvofiq, Ispaniyaning "Barcelona"sini sensatsion bir ravishda mag‘lubiyatga uchratgandi.

Ispaniyaning qirollik klubi esa, shu paytga qadar Ovro‘po Chempionlar ligasida 11 metrlik jarima to‘plari hisobiga yengilgan emasdi.

Hal qiluvchi bellashuv yana "Santyagu Bernabeu" stadionida bo‘lib o‘tdi.

O‘yinning asosiy va qo‘shimcha vaqtlarida hisobning o‘zgarishsiz(2:1) qolishi g‘olibning taqdirini jarima to‘plari hukmiga qoldirdi.

Chunki bir hafta oldin "Bavaria" o‘z maydonida ispaniyalik raqibini xuddi shu hisobda mag‘lub etgandi.

Image caption Joze Mourino o‘zining rekord o‘rnatish orzusini yana kamida bir yil ortga suradigan bo‘ldi

Ammo xuddi shu lahzalarda "Real"(Madrid)dan omad yuz o‘girdi.

Taqdirning hazilini qarangki, bu gal maqtalgan Krishtianu Ronaldu va Kaka Noyyerning darvozasini zabt eta olishmadi.

Ustiga ustak, jarima to‘pini raqib darvozasidan oshirib tepgan Serxio Ramos ham jamoasiga eng muhim daqiqalarda pand berdi.

Kecha "Barcelona" va "Chelsea" o‘rtasida bo‘lib o‘tgan birinchi yarim final bellashuvida uch karra "Jahonning eng zo‘r o‘yinchisi" Lionel Messi ham xuddi shunday kuyga tushgandi.

Toni Kroos va Filipp Lam ham Iker Kasilyasni alday olmagan bo‘lishsa-da, kiritolgan to‘plaridagi bitta farq "Bavaria"ni finalga olib chiqdi.

Image caption Shvaynshtayger hal qiluvchi 11 metrlik jarima to‘pini sovuqqonlik bilan raqib darvozasiga aniq yo‘lladi

So‘nggi Jahon chempionatida o‘zini yaxshigina ko‘rsatgan Shvaynshtayger uchrashuv qahramoniga aylandi.

Ovro‘po Chempionlar ligasining bu yilgi final uchrashuvi 19 may kuni Olmoniyaning Myunxen shahrida bo‘lib o‘tadi.

"Bavaria" esa, Chempionlar ligasi tarixida final uchrashuvini o‘z maydonida o‘tkazgan ilk jamoaga aylanadi.

Joze Mourino esa, uchta turli klub bilan uch bor Ovro‘po Chempionlar ligasida g‘olib chiqib, rekord o‘rnatish orzusini kamida bir yilga ortga suradigan bo‘ldi.

Ispaniyaning Qirollik klubi o‘tgan yil oxirlarida O‘zbekistonda o‘zining Markaziy Osiyodagi ilk futbol akademiyasini ochish rejasida ekanini ham ma‘lum qilgandi.