Suriya: 70 insonni o‘ldirgan ulkan portlash qanday sodir bo‘lgan?

Image copyright BBC World Service
Image caption Internetda Hamadagi portlash vayronalari aks etgan video e‘lon qilingan

Suriyaning Hama shahridagi kuchli portlash 70 inson umriga zomin bo‘lgani haqida xabarlar olinmoqda, muxolifat hukumat kuchlarini aholi yashash joyini bombardimon qilishda ayblamoqda, rasmiylar qo‘lbola bomba zavodi portlab ketganini aytmoqdalar.

Portlash Hamaning Masha at-Tayyar tumanida ro‘y bergan, oqibatda bir necha uylar vayron bo‘lgan.

Suriya davlat matbuoti portlash natijasida 16 inson halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgan, televideniye shifoxonadagi jarohatlangan bolalarni namoyish etgan.

Suriyalik faollar Internetga Hamadagi portlash sahnasi tasvirga olingan videolarni qo‘yishgan, ularda vayronalar ostidan insonlar jasadlari qazib olinayotgani aks etgan.

Suriyadagi zo‘ravonliklar hamda hukumatning mamlakat ichkarisida xorijiy jurnalistlarning faoliyatini cheklagani tufayli videoning haqiqiyligini tekshirish imkoni yo‘q.

Faollar portlash Suriya hukumati armiyasining aholi yashaydigan uyni bombardimon qilgani yoxud Scud raketasi kelib tushgani oqibatida ro‘y bergan bo‘lishi mumkin, deb aytishgan.

Muxolifat halok bo‘lganlar orasida 13 bola, 15 ayol borligini aytishgan.

Hukumatga ko‘ra, "terrorchi guruhlar" uylardan birini qo‘lbola bomba yasash zavodiga aylantirishgan va u yerda portlovchi modda to‘satdan portlab ketgan.

Suriyada shu oy boshida otashkesim e‘lon qilingani va ayrim shaharlarda BMT kuzatuvchilari joylashtirilganiga qaramasdan qon to‘kilishi to‘xtayotgani yo‘q.

Suriya hukumati BMTning maxsus elchisi Kofi Annan taklif qilgan zo‘ravonliklarni to‘xtatish rejasini qabul qilgan, bu rejada aholi istiqomat qiladigan hududlardan hukumat qo‘shinlari va og‘ir qurollarni olib chiqib ketish ko‘zda tutilgan.

Aholi yashash joylaridan hamon qo‘shinlar olib chiqilmagan, BMT Xavfsizlik Kengashida 25 aprel kuni gapirgan janob Annan Suriya hukumatining bu amalini keskin qoralagan.

Frantsiya esa BMT qo‘llab-quvvatlagan Kofi Annanning tinchlik rejasi ish bermasa, Xavfsizlik Kengashi Suriya hukumatiga qarshi kuch qo‘llash masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgan.

BMTga ko‘ra, demokratiya talabi bilan norozilik namoyishlari boshlangan 2011 yil martidan buyon Suriyada 9000 inson halok bo‘lgan.

Suriya hukumati esa ushbu raqamni inkor etadi, o‘tgan yildan buyon mamlakatda 3800 ortiq kishi halok bo‘lgan, ularning qariyb 2500 nafari tinch fuqarolar, 1300 dan ortiq xavfsizlik kuchlari xodimlari ekanini aytadi.