Tojikiston janubiy hududlarini yana chigirtka bosdi

Image copyright BBCpersian.com

Tojikiston janubidagi Xatlon viloyatining yetti tumanidagi ekinzor va yaylovlarni chigirtka bosgan.

Xatlon viloyati qishloq xo‘jalik boshqarmasi xabariga ko‘ra, "marokash chigirtkasi" galalarining yopirilib kelishi oqibatida yangi unib chiqqan ekinlardan tortib yaylovlardagi o‘tlargacha katta zarar yetkazilgan.

Hozircha chigirtka keltirgan umumiy zarar hisoblab chiqilgan emas. Lekin rasmiylar bu zararning o‘n minglab somoniy (5 somoniy 1 AQSh dollariga teng) ekanligini taxmin qilishmoqda.

Tojikistonlik mutaxassislar fikriga ko‘ra, chigirtka ko‘proq qo‘shni Afg‘oniston va O‘zbekistondan o‘tib keladi. Ular bunga qo‘shni mamlakatlarning chegaraoldi tumanlarida chigirtkaga qarshi yetarli kimyoviy kurash olib borilmayotgani sabab deyishmoqda.

Ayni bir paytda mahalliy dehqonlar va chorvadorlar Tojikistonning o‘zida ham chigirtkaga qarshi kurash uchun zarur vositalar yetarli emasligini aytishadi.

Mutaxassislarning aytishlaricha, "marokash chigirtkasi" yuzdan ortiq chigirtka turlari orasida issiqqa eng chidamli va xavflisi hisoblanadi.

"Chigirtka bosqini bizda uch-to‘rt yildan beri davom etmoqda, - deydi tog‘ yonbag‘ridagi Ayri qishlog‘ida yashaydigan dehqon. - Biz chigitkalar yoprilgandan so‘ng urug‘lik va yer haydash, ekin ekish uchun sarflangan yonilg‘iga, mehnatimizga kuyib qolyapmiz."

Qo‘shni Mastchoh tumanidagi dehqon xo‘jaliklaridan biri boshlig‘ining aytishicha chigirtkaga samarali kurash olib borish uchun daxldor tashkilotlar tomonidan yetarli tayyorgarlik ko‘rilmaydi.

Tojkiston qishloq xo‘jalik vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra esa, mamlakatda 2015 yilgacha mo‘ljallangan chigirtkaga qarshi kurash dasturi ishlab chiqilgan. Bu dastur doirasida mamlakat byudjetidan chigirtkaga qarshi kurash uchun deyarli 10 million AQSh dollariga teng mablag‘ ajratilgan.

Lekin ajratilgan bu mablag‘ chigirtka xavfini aritish uchun yetarli bo‘lmayotir.

Xalqaro tashkilotlar, jumladan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik dasturlari tojikistonlik dehqonlarga ko‘rsatayotgan yordam ham chigirtkaning tez ko‘payib ketishi oldini ola olmayotir.

Bu yil hali ekin-tikin mavsumi boshlanmasidan oldin BMT chigirtkaga qarshi kurash uchun Tojikiston Qishloq xo‘jalik vazirligiga sun‘iy yo‘ldosh vositasida aloqa qilish texnikasi, bir necha maxsus moslama, 20 ta qo‘l yordamida ishlov berish jihozi va boshqa maxsus texnikalar, shuningdek maxsus ish kiyimlar yetkazib bergan.

Kuzatuvchilar fikricha chigirtka bosqinidan faqat Tojikiston emas, Afg‘oniston va O‘zbekiston dalalari, bog‘ va yaylovlari zararlanayotgani hisobga olinsa, qo‘shni mamlakatlarning kuchlarni birlashtirishlari va bir paytda kurash olib borishlari zararli hasharotni yo‘qotishda samara beradi.