Jahon bo‘ylab oziq-ovqat narxlari oshdi. O‘zbekistonda manzara bir xil emas

Jahon Bankining oziq-ovqat narxlari borasida chiqargan oxirgi hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yil dekabr oyidan beri narxlar o‘rtacha 8 foizga oshdi.

Jahon Bankiga ko‘ra, oziq-ovqat narxlarining oshishiga asosiy sabab neft bahosining ko‘tarilishidir.

O‘zbekistonda esa narxlar manzarasi bir xil emas. Poytaxt Toshkent va janubiy hududlarda oshgan, ammo Farg‘ona viloyatida tushgan.

Toshkentlik nafaqaxo‘r Abdurazzoq Sodiqovga ko‘ra, o‘simlik yog‘iga narx erkin savdoda o‘tgan yil bilan solishtirganda taxminan 40 foizga oshgan.

Rasmiylar ko‘rsatmasi bilan mahallalarda arzonlashtirilgan narxda, talon asosida o‘simlik yog‘i sotish yo‘lga qo‘yilgan, lekin bu narxlar ham o‘tgan yilga qaraganda 15-20 foizga ko‘p.

Qo‘y go‘shti narxi Toshkent shahar bozorlarida 25 ming so‘mga qadar, mol go‘shti esa 17-18 ming so‘m.

Abdurazzoq Sodiqovning o‘z shaxsiy xarajatlaridan kelib chiqib aytishicha, uning uchun oziq-ovqat uchun sarfiyatlari oxirgi yil mobaynida 30-40 foizga qadar oshgan.

Bundan tashqari yo‘lkira va kommunal to‘lovlar uchun narxlarning oshgani aholi farovonligiga anchayin katta ta‘sir ko‘rsatmoqda.

Hukumat tomonidan maosh va nafaqalarning mutassil ravishda oshirib kelingani esa narxlar ko‘tarilishi tufayli oshgan sarf-harajatlarni qoplamay, aksincha narxlarning yanada oshishiga turtki bermoqda.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ayon bo‘lishicha, poytaxt Toshkentdan farqli o‘laroq Farg‘ona viloyatida asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga narxlar aksincha tushgan.

Masalan mol go‘shti narxi o‘tgan yili 17-18 so‘m ming bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 15 ming so‘m atrofida. Qo‘y go‘shti narxi o‘tgan yili 20 ming so‘m edi, bu yil esa 15 ming so‘m.

Farg‘ona vodiysida narxlarni o‘rgangan Bahodir Eliboyevga ko‘ra, go‘sht narxlarining tushishiga sabab O‘zbekiston janubiy hududlarida kuzatilgan qurg‘oqchilik oqibatida o‘t-o‘lan kamayib ketganligi tufayli ko‘plab chorva mollarining shimoliy hududlarga olib kelinganidir. Bir mintaqada chorva mollari soni ko‘paygani esa bevosita go‘sht narxiga ta‘sir ko‘rsatgan.

Ho‘l mevalarga ham narxlar tushgani aytiladi. Masalan bir yil avval bir kilogramm olma narxi 5 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 1 yarim ming so‘m.

Buning sababi sifatida qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegaralar yopilgani, deya aytilmoqda. Chegara osha meva-sabzavot savdosi to‘xtab qolganligi tufayli viloyatda ushbu mahsulotlar miqdori ko‘payib ketgan.

Lekin huddi shu sababli So‘x anklavida meva-sabzavot narxlari oshib ketgan.

Bahodir Eliboyevning aytishicha, ayni vaqtda Farg‘ona viloyatida shu kecha-kunduzda kartoshka, sabzi singari sabzavotlar narxi oshgan, lekin bu holat har yili yangi mavsum mahsulotlari bozorga chiqishi oldidan yuz berishi kuzatiladi. Yangi mavsum mahsulotlari bozorga chiqishi bilan narxlar yana tushadi.

Farg‘ona viloyatida makkajo‘xori kabi dukkakli mahsulot va ba‘zi quruq mevalarga narxlar oshgani kuzatilgan xolos.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston janubidagi Qashqadaryo viloyatida esa aholining asosiy yeguligi bo‘lgan unga narxlar o‘tgan yilga qaraganda tushgan.

Bir qop Qozog‘iston uni o‘tgan yili 90-100 ming so‘m atrofida edi, bu yil esa 50-60 ming so‘m.

Huquq faoli Gulshan Qorayevga ko‘ra, viloyatda ayniqsa shakar narxi oshganligi yaqqol seziladi. Bir yil avval bir kilogrammi 1 ming 200 so‘m bo‘lgan shakarning narxi bu yil 5 ming so‘m. Bu shakar narxi 400 foiz oshganligini anglatadi.

Non mahsulotlari narxi 40-50 foizga qadar oshgan. Sut mahsulotlari ham qimmatlashgan. Go‘sht ham deyarli ikki barobarga oshgan. Meva-sabzavotlar bahosi ham deyarli huddi shu darajada qimmatlagan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi