"O‘zbekistonga qashshoqlik emas, semizlik xavf soladi"

Image copyright BBCUZBEK.COM

Birlashgan Millatlar Tashkilotining aytishicha, 2030 yilga borib, Markaziy Osiyoda qashshoqlik emas, semizlik va yurak-qon tomir xastaliklari kabi aholining turmush tarzi bilan bog‘liq kasalliklar asosiy muammoga aylanadi.

Bu haqda xalqaro tashkilot Qishloq Xo‘jalik va Oziq-ovqat dasturi idorasining yangi hisobotida aytiladi.

Hisobotga ko‘ra, bunga nochorlik bilan bir qatorda, hozirga kelib odamlar ovqatlanish va turmush tarzlarining o‘zgarib borayotgani ham sabab bo‘ladi.

Xalqaro tashkilotning ogohlantirishicha, aholining non o‘rniga ko‘proq go‘sht va sut mahsulotlari iste‘mol etishga o‘tishi mintaqada surunkali va yuqumli bo‘lmagan xastaliklarning ortishiga olib keladi.

O‘zbekistonlik shifokor Dilmurod Irgashev ham xalqaro tashkilotning bashoratlariga qo‘shilishini aytadi.

"Olib borayotgan izlanish va kuzatuvlarimiz so‘nggi yillarda aholi orasida metabolik sindrom juda kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Shu metabolik sindromning orqasidan semizlik, qandli diabet, qon-tomir xastaliklari,..kelib chiqadi", deydi shifokor:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistonlik shifokor ham bunga eng avvalo kun sayin hayot tarzining o‘zgarib borayotgani, jismoniy ishlarning kamayib, odamlarning asosan o‘tirib ishlashlari, ovqatlanish tartibining buzilganligi, ko‘proq tez tayyorlangan (fast food)taomlarning iste‘mol etishga o‘tilishi, yog‘liq ovqatlar va shirinliklarning ko‘p yeyilishi sabab bo‘layotganini aytadi.

"Chunki odam kun bo‘yi ishda bo‘lgandan keyin, o‘rniga kelib yotadi, yana o‘rnidan turib, ishga ketadi. Uning ovqat qilishga ham, boshqasiga ham, hech narsaga vaqti bo‘lmaydi. Kun bo‘yi och yuradi. Qorni ochganda, bitta yaxshilab ovqatlanib oladi. Undan keyin yuraveradi, yuraveradi, yana qorni ochgandan keyin kechqurun soat o‘n ikki-birda ovqat yeydi. Semira boshlagandan keyin, bu ishtahaning ochilishiga olib keladi. Ya‘ni bitta boshlangan muammo o‘z-o‘zida aylanma bo‘lib, semizlik, metabolik sindromga bo‘lgan moyillik ham oshaveradi", deydi u.

Xalqaro tashkilot hisobotida mintaqa davlatlarida shakllanayotgan bu kabi vaziyat anchayin qashshoqlari sog‘liqni saqlash tizimlarini katta bosim ostiga qo‘yishi aytiladi.

Ammo o‘zbekistonlik shifokor Dilmurod Irgashevga ko‘ra, shu kasalliklarning oldini olishga qaratilgan davlat dasturlari tuzilib, hamma mutaxassislar unga jalb etilishsa, bemorlarga ko‘rsatiladigan yordamlar maxsus yordamlar bo‘ladigan bo‘lsa, buning oldini olish uchun hozirdan harakat qilinsa, kelasi 10-20 yil ichida ularning ko‘payib ketmasligiga erishish mumkin.

Qashshoqlik?..

Joriy paytda Markaziy Osiyo va Qofqozning aksariyat hududlarida kambag‘allik keng quloch yoygan.

Ammo Birlashgan Millatlar idorasining bashoratlariga qaralsa, 2030 yilga borib, bu mintaqalarda qashshoqlik darajasi 9 foizdan 2 foizga tushib ketadi.

Xalqaro tashkilot, o‘z o‘rnida, Sharqiy Ovro‘po, Qofqoz va Markaziy Osiyoning qishloq hududlaridagi kichik fermerlar joriy paytda o‘z imkoniyatlaridan 30-40 foiz past g‘alla hosili olishayotganini aytadi.

Ularga ko‘ra, dehqon daromadining oshishi nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta‘minlaydi, balki qishloq hududlarida kambg‘alallikning kamayishiga ham olib keladi.

Yangi hisobotning o‘zi esa, xalqaro tashkilotning o‘tgan hafta Bakuda bo‘lib o‘tgan mintaqaviy sammiti chog‘ida dunyoning ellikdan ortiq davlati vakillari ishtirokida muhokama qilingan.

Oliymaqom yig‘in chog‘ida hisobotda so‘z borayotgan mamlakatlardagi vaziyatni o‘zgartirish uchun qishloq xo‘jaligida qanaqangi siyosatlar olib borilishi masalasi ham muhokama etilgan.

Iqtisodi qishloq xo‘jaligiga asoslangan O‘zbekistonda ham aholi qambag‘al qatlamining katta qismi qishloq aholisi hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston hukumatining qishloq xo‘jaligiga oid siyosati esa, yillarki mahalliy va xalqaro mutaxassislar tomonidan tanqidlar ostida qolib keladi.

O‘zbekistonlik muxolifat faoli Hazratqul Xudoyberdi O‘zbekiston qishloq xo‘jalik sohasida shakllangan bugungi vaziyatni o‘zgartirish eng avvalo iqtisodiy erkinliklar, bu esa, boshqaruvda o‘tirgan insonlarning istak-irodalariga bog‘liq ekanini aytadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi