Qonli qirg‘in qissasi

Image copyright CECILIA HUE
Image caption Feras Kilanining qirg‘in xotiralari

Liviyadagi isyon vaqtida Muammar Qaddofiy kuchlari tomonidan hibsga olingan BBC jurnalisti Feras Kilani yana qamoqxonaga qaytdi.

Maqsad bu yerda hibsda bo‘lganlar va qamoqxona nozirlarini topish, dahshatli qirg‘in haqida hikoyalarni yig‘ish edi...

2011 yilning 8 martida men BBC Arab televizionining Liviyadagi muxbiri edim.

Tripoli yaqinida tekshiruv-nazorat nuqtasida yana ikki hamkasbim bilan harbiylar tomonidan qo‘lgan olindim.

Bizni hibsda kaltaklashar va soxta qatl qilish jarayoniga solishardi.

Ammo biz omadlilardan edik. 22 soatlik bandilikdan keyin bizni ozod qilishdi.

Bir necha oydan keyin isyonkorlar poytaxt tomon harakat qilishar ekan, o‘shanda biz bilan birga bo‘lgan aksariyat mahbuslar o‘ldiriladi.

Qo‘riqchilarga mahkumlarni otib tashlash buyuriladi.

Qamoqxonaning men turgan bo‘lgasida eng ayovsiz qirg‘in kechgani ma‘lum.

Husayn Al Lafi va uning uch birodarlari doxil 50 mahbus qo‘riqchilar hujum qilgan payti kichik bir omborxonada bo‘lishgan.

"Biz ularni granatalarni irg‘itayotganini ko‘rdik", deb xotirlaydi Husayn.

Granatalarning biri g‘uj bo‘lib jon saqlayotgan mahbuslar o‘rtasiga kelib tushgan.

Keyin u bu shafqatsiz o‘lim askarlariga kim boshchilik qilganini aytadi.

"Ikkinchi va uchinchi granata tushganidan keyin Ibrohim Tajuriy keldi va o‘t ochdi", deydi u.

Husayn qanday qilib o‘z jigarbandlarini chaqirgani va ulardan hech kim omon qolmaganini qon bo‘lib hikoya qiladi.

"Otishma tugaganidan keyin men jasadlar orasidan turtilib surtilib chiqdim”.

Husaynning birodari Jamolning jasadi qurbonlardan paydo bo‘lgan do‘nglik ustida yotardi.

"Men Jamol, Jamol, Jamol deb baqirardim. Uning ko‘zlari ochiq qolgandi. Jamol javob bermas edi", deb hikoya qiladi Husayn.

Uning ikkinchi birodari Usama esa yuragidan va yelkasidan o‘q yegandi.

Bir oyog‘i yo‘q edi.

Uning yana bir birodari Muhammad esa devor ostida yotardi.

"Uning bir oyog‘i yo‘q edi. Menga tezroq ketishimni va butun dunyoga bizni qandoq qirg‘in qilishganini aytishimni so‘rar edi".

Portlashlar va otishmalar ichida taloto‘p vaqti Husayn boshqa bir necha mahbuslar qatorida qochishga muvaffaq bo‘ladi.

Ortda qolganlar esa ...omon qolmaydi. Askarlar omon qolganlarni va yaradorlarni birma bir otib o‘ldirishadi va qamoqxonaga o‘t qo‘yishadi.

"Mahbuslarni o‘ldir"

Qirg‘indan bir necha kun o‘tib Ibrohim Tajuriy isyonkorlarga taslim bo‘ladi.

O‘shandan beri u qamoqxonada.

U faqat tepadan kelgan buyruqni bajarganini aytadi.

"Isyonkorlar Tripoliga kirishganidan keyin qamoqxona qo‘mondoni aristonlarni otishga buyruq berdi. U hibsxonaga kelib bizga barcha qamoqdagilarni o‘ldirishimiz kerakligini aytib o‘zining quroli bilan po‘pisa qildi. Biz bir necha granatalarni oldik va mahbuslarga qarata otdik", deydi Tajuriy

Men undan hozir ko‘nglingizdan nimalar kechadi deb so‘rayman.

"Men afyundori ta‘siri ostida edim. Nima qilayotganimni bilmasdim. Mening vijdonim qiynaladi...gunohlarim ko‘p. Men tavba qilaman, meni kechirishlarini so‘rayman..."

Tajuriyning ayni hujumdagi amallarini yana bir mahbus ko‘rgan.

U ham mana shu omborxonada bo‘lgan.

Bashir Al Sodiqga ko‘ra, Tajuriy ichkariga kirgach avtomatining uchta o‘qdonini (magazin) bo‘shatgan.

Husayn va Bashir ana shu qirg‘indan keyin ilk bor Ibrohim Tajuriy bilan yuzma yuz ko‘rishgani rozi bo‘lishdi.

Bashir Tajuriyga qarata, "Sen kirib kelding va bir guruhni otib o‘ldirding. Ular orasida Shayx Muhammad Allafiy bor edi. U tiz cho‘kkan holda o‘tirar edi. Sen uni orqasidan otib o‘ldirding. Bu odam mening birodarim edi”, dedi.

"Keyin esa sen misrliklar va qariyb saksonga kirgan falastinlik chol bo‘lgan guruh tomon o‘girilding. Sen qariyb to‘rtta o‘qdonni bo‘shatding..."

"Eslolmayman", der edi Tajuriy, "Men afyundorilar ta‘siri ostida edim..."

Men Tajuriydan bu jabrdiydalarga aytadigan gapingiz bormi deb so‘rayman...

"Meni kechirsinlar...shuni so‘rayman...Bu dunyo va narigi dunyoda...meni kechirsinlar..."

Ammo uch birodaridan ajralgan Husayn, "agar qo‘limda qurolim bo‘lsa edi, uni o‘ldirar edim", deydi.

Sobiq mahbuslar Tajuriyga o‘xshagan insonlar to adolat hukmiga havola etilib jazoga tortilmas ekan, murosaga erishib bo‘lmasligini aytishadi.

Tajuriy esa hamon hibsda saqlanmoqda.