Alisher Usmonov bu yil ham Britaniyadagi ikkinchi eng boy odam

Image copyright AP
Image caption Alisher Usmonov Britaniyadagi boyligi eng tez ko‘payayotgan insonlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan.

Britaniyadagi Sunday Times ro‘znomasi mamlakatdagi eng boy odamlarning ro‘yxatini e‘lon qilgan.

Ro‘znomaga ko‘ra, iqtisodiy pasayishga qaramasdan, puldor insonlarning boyligi yanada ko‘paygan.

Sunday Timesning o‘z tadqiqotlari asosida ma‘lum qilishicha, Britaniyadagi 1000 ta eng badavlat odamning jami boyligi so‘nggi bir yil mobaynida 4,7 foizga ko‘paygan va 414 milliard funt sterling yoki 673,5 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan.

Bu degani puldorlarning umumiy boyligi global iqtisodiy inqiroz boshlangan 2008 yildagi darajadan ortgan va yangi rekordni o‘rnatgan.

Britaniyadagi eng boy odamlarning ro‘yxatida sakkizinchi yildirki, 61 yoshli hindistonlik po‘lat korchaloni Lakshmi Mittal yetakchilik qilib kelmoqda, hozirgi paytga kelib uning boyligi 12,7 milliard funt sterlingni tashkil etgan.

Ikkinchi o‘rinda O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan va biznesi Rossiyada joylashgan Alisher Usmonov, janob Usmonov 2011 yilda ham Britaniyaning ikkinchi boy odami deb e‘lon qilingandi.

58 yoshli Alisher Usmonov asosiy daromadini metallurgiya sohasidan topgan.

Sunday Timesga ko‘ra, Alisher Usmonovning boyligi 12,32 milliard funt sterlingni tashkil etgan.

Ro‘znoma bu ikki puldor insonning oxirgi yildagi yo‘qotishlari haqidagi raqamlarni ham e‘lon qilgan, Lakshmi Mittal hamda uning oilasi po‘lat shirkatlarining aktsiyalari narxi tushib ketishi oqibatida boyligining 27 foizini yo‘qotgani xabar qilingan.

Alisher Usmonovning bir yilgi yo‘qotishi 1 foizni tashkil etgan.

Janob Usmonov Londondagi "Arsenal" futbol klubining hissadorlaridan biri hisoblanadi.

Yaqinda Bloomberg agentligi Alisher Usmonovni Rossiyaning eng boy odami deb topgandi.

Bloomberg Alisher Usmonov boyligining 20 milliard AQSh dollaridan oshganini aytgan, biznesmenning zamonaviy texnologiya sohasiga o‘z vaqtida sarmoya kiritishga muvaffaq bo‘lgani boyligi yanada ortishiga sabab bo‘lgani aytilgan.

Agentlik ma‘lumotlariga ko‘ra, Alisher Usmonovning Facebook Inc dagi ulushining qiymati qariyb 4 milliard dollarga yetgan.

Rossiyalik milliarder, yana shuningdek, Twitter Inc, Groupon Inc va Alibaba Group Holding Ltd. da ham o‘z hissalariga ega.

Alisher Usmonov Britaniyadagi boyligi eng tez ko‘payayotgan insonlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan.

Sunday Timesning yangi ro‘yxatining uchinchi o‘rnini rossiyalik neft magnati va "Chelsi" futbol klubining sohibi 45 yoshli Roman Abramovich egallagan.

Roman Abramovich hisobidagi mablag‘larning 9,5 milliard funt sterlingni tashkil etgani aytilgan.

Yana bir Rossiyada tug‘ilib o‘sgan korchalon Leonid Blavatnik Britaniyaning 10 ta eng boy odami ro‘yxatiga kirgan, neft, kimyo sanoati hamda 2011 yilda Warner Music musiqa yozish shirkatini sotib olgan janob Blavatnikning boyligi 7,5 milliard funt sterlingga yetgan.