J.Roberts: "Turkman gazini O‘zbekiston orqali Tojikistonga yetkazishning imkoni bor"

Image caption Eron gazi Tojikistonga qachon keladi?

Tojikiston axborot agentliklarining xabar berishlaricha, Tojikiston va Qirg‘iziston yaqin orada Erondan gaz import qilish borasida muzokaralarni boshlaydilar.

Aytilishicha, Eron gazini Afg‘oniston orqali Tojikiston va nihoyat Xitoyga qadar olib borish loyihasi borasida shu yil mart oyida Dushanbeda bo‘lib o‘tgan oliy darajali uchrashuvlar mobaynida kelishib olingan. Markaziy Osiyo orqali o‘tuvchi bu yangi gaz quvuri loyihasi haqida nimalar ma‘lum? Ayni yirik loyihani amalga oshirish qanchalar real? BBC O‘zbek xizmati ana shu savollar bilan gaz va neft masalalarida mutaxasis Jon Robertsga murojaat qilgan.

Jon Roberts: Ma‘lum bo‘lgani shuki, Eronning Tojikistondagi elchisi Ali Asqar Sherdo‘st shu oy boshlarida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar haqidagi suhbatida bu kabi gaz quvuri qurilishi mumkin degan gapni aytdi. Unga ko‘ra, mart oyida Dushanbeda Afg‘oniston, Eron va Tojikiston rahbarlari sammiti mobaynida Erondan boshlab qolgan ikki mamlakat orqali o‘tib Xitoyga qadar boradigan yo‘l qurilishi haqida bitim imzolangan. Bu bitim, bizning fikrimizcha, Markaziy Osiyoda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalardan biridir. Lekin elchining ilova qilib aytishicha, agarda bu kabi yo‘l qurilsa, shunisiga e‘tibor qarating, u "agar" deb aytdi, demak, agardaki bu kabi yo‘l quriladigan bo‘lsa, ayni yo‘l bilan birga Erondan gaz va neft tashuvchi va evaziga Tojikistondan Eron hamda Fors ko‘rfazi davlatlari tomon suv quvurini qurish ehtimoli ham o‘rtaga chiqishi mumkin. Xullas, yo‘l qurilishi haqidagi bitim bir ma‘noda quvur yo‘li qurilishi haqidagi bitim singari jaranglay boshadi.

BBC: Bu kabi quvur yo‘lini qurish bugun ne qadar real loyiha?

Jon Roberts: Bu kabi loyiha bir qator sababli tufayli reallikdan uzoq deyish mumkin... Eng asosiy sabab - Eronga qarshi xalqaro jazo choralari. Bu jazo choralariga ko‘plab mamlakatlar qo‘shilgan va ular orasida Xitoy ham bor. Agarda Xitoy bu kabi gaz importiga rozi bo‘lmasa,Tojikistonning o‘zigagina gaz yetkazish uchun bu kabi ulkan loyihani qurish moliyaviy jihatdan o‘zini oqlamaydi. Bundan tashqari Afg‘onistondagi vaziyatning mavhum qolayotgani... Tojikistonning O‘zbekistondan yetarlicha gaz olmayotgani mamlakatni juda noqulay ahvolga solmoqda. Tojikiston va Qirg‘izistonning gaz va neft evaziga taklif qila oladigan boyliklari faqatgina suv. Xullas, Markaziy Osiyoda suv va gaz borasida juda uzoq davom etib kelayotgan muammoli vaziyat hanuz davom etmoqda.

BBC: Siz aytgan sabablarni nazarda tutsak, Erondan gaz quvuri o‘tkazish loyihasi amaliy bir taklifdan ko‘ra, siyosiy bir izhorot, shunday emasmi?

Jon Roberts: Menimcha, bir ma‘noda shunday desak bo‘ladi. Tojikiston uchun eng amaliy yechim mavjud quvur yo‘llari orqali gaz olish ko‘paytirishga erishish. Tojikistonning muammosiga yechim eng jo‘n bo‘lishi mumkin, ya‘ni O‘zbekistondan keladigan gaz hajmini oshirish. Lekin ikki o‘rtadagi ishonchsizlik, suv taqsimoti yuzasidan xavotirlar bunga to‘siq bo‘lmoqda deb o‘ylayman.

BBC: Yaqinda Tojikiston Turkman gazini O‘zbekiston orqali keltirishni so‘ragan vaqti Toshkent texnik jihatdan buning imkoni yo‘q, deya javob bergandi... Haqiqatdan ham shundaymi?

Jon Roberts: Men Turkmaniston gazini Tojikistonga yetkazish texnik jihatdan imkonsiz ekanligiga sabablarni ko‘ra olmayapman. Buning uchun lozim bo‘lgan quvur yo‘li tizimi mavjud. Balki bu quvur yo‘llarini ta‘mirlab, ba‘zi jihatlarini rivojlantirish talab qilinar va buning uchun qandaydir mablag‘ ham kerakdir. Lekin texnik jihatdan Turkman gazini O‘zbekiston orqali Tojikistonga yetkazish albatta imkonli deb bilaman.