Freedom House: "Arab inqilobi ayrim davlatlarda matbuot erkinligini chekladi"

Image copyright BBC World Service
Image caption "Arab bahori" avtoritar hukumatlarni xavotirga solgan

Freedom Housening jahonda so‘z va matbuot erkinligiga doir yangi yillik hisoboti avvalgilaridan keskin farq qilmaydi.

Ammo Birma, Misr, Liviya va Tunisdagi demokratik to‘lqinlar matbuot erkinligi uchun ijobiy ta‘sir qilgani urg‘ulanadi.

Shu bilan birga o‘tmishda matbuoti erkin bo‘lgan qator davlatlarda yuz bergan chekinish umumiy manzarani o‘tgan o‘n yil ichida abgorlashtirgan.

"Arab bahori" atalmish inqiloblardan ruhlangan qator matbuot nashrlari erkinroq nafas olishi bilan birga, Suriya va Bahraynda ommaviy axborot vositalariga qarshi hukumatning bosimlari oshdi.

Freedom Housening hisobotiga ko‘ra, Xitoy, Rossiya, Eron va Venesuela erkin matbuotni jilovlash yo‘lida bir necha usullarni ishga solishgan.

Ommaviy axborot vositalarini yopib qo‘yish va jurnalistlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘ash ana shular jumlasidandir.

Muqaddam matbuoti erkin va yo qisman erkin deb tanilgan Chili, Mojariston, Ekvador, Makedoniya, Malavi, Uganda va Ukrainada ham vaziyat yomonlashgani urg‘ulanadi.

Arab inqilobidan kim qo‘rqadi?

Image copyright Getty
Image caption Aksariyat avtoritar davlatlar, bular qatorida O‘zbekistonda ham "Arab bahori" haqida rasmiy matbuot "mum tishlagan"...

Qator avtoritar sanalgan hukumatlar o‘tgan yil ro‘y bergan "Arab bahori" atalmish inqiloblardan jiddiy tashvishga tushishgan.

Arab inqilobining mahalliy matbuotda yoritilishi jiddiy cheklangan.

Xitoy, qator Afrika va Yaqin Sharqdagi davlatlarda jurnalistlarga nisbatan bosimlar ortgan.

Tanqidiy chiqishlar jiddiy cheklangani kuzatilgan.

Hindiston, Isroil, Italiya, Janubiy Afrika va Janubiy Koreya kabi demokratik sanalgan mamlakatlarda ham matbuot erkinligi qadriyatlaridan ma‘lum chekinishlar ko‘zga tashlangan.

Tinch okeani hafzasi davlatlari qatorida eng abgor vaziyat Shimoliy Koreyada ekani aytiladi. Ammo mintaqaning eng yirik davlati Xitoyda ham matbuot erkin emas. Birmadagi siyosiy islohotlar matbuotning bir qadar ozodroq bo‘lishiga yetaklagan omil o‘laroq ko‘riladi.

Hisobotda kutilmagan, ammo qiziq bir holat G‘arbiy Ovro‘po davlatlariga berilgan baholar bilan bog‘liqdir.

Italiyadagi matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat Bosh vazir Berluskonining ketishi bilan yaxshilangani qayd etiladi.

Buyuk Britaniyada kechgan isyon va betartibliklarga aloqador ko‘rilgan cheklovlar esa mamlakatda matbuot erkinligi vaziyatiga daxl qilgani aytiladi.

Turkiya hukumatga tanqidiy munosabatda bo‘lgan jurnalistlarni tahqirlashi va qamoqqa tashlashi ortidan matbuot erkinligi darajasidan bir pog‘ona pastga tushgan.

"Yomonlar yomoni..."

Image caption O‘zbekiston kabi davlatlarda matbuot faqat hukumat va rahbarlar manfaatiga xizmat qiladi

Matbuot erkinligi eng abgor holatda bo‘lgan sakkiz davlat – Belarus, Kuba, Ekvatorial Gviniya, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Turkmaniston va O‘zbekiston.

O‘zbekiston ham bir necha yildan beri "yomonlar yomoni" qatorida mustahkam o‘rnashgan ekan, sanalgan barcha davlatlarda mustaqil matbuot deyarli yo‘qligi urg‘ulanadi.

Bu mamlakatlardagi matbuot asosan mavjud rejimlarning manfaatlariga xizmat qiladi.

Fuqarolarning erkin axborot olish imkoniyatlari o‘ta cheklangan.

Mustaqil va hukumatga tanqidiy qarashda bo‘lgan jurnalistlar qamoqqa tashlanadi, qiynoqqa solinadi va tahqirlashning boshqa usullariga giriftor etiladi.