Farg‘ona vodiysiga Qamchiq dovoni osha temir yo‘l rejasi - iqtisodmi yo siyosat?

Image caption Qamchiq dovoni (Rasm ferghananews.com sahifasidan)

O‘zbekiston mulozimlari Qamchiq dovoni osha Angren shahrini Farg‘ona vodiysi bilan bog‘laydigan temir yo‘l qurilishi rejasi haqida e‘lon etar ekan, ayrim mutaxassislar bu kabi loyihaning samaradorligiga shubha bilan qaramoqdalar.

Millionlab dollar sarmoya talab qiladigan ayni rejani ortidagi asosiy sabab, aksariyat sharhlovchilarga ko‘ra, mamlakatning iqtisodiy talabu ehtiyojlari emas, balki asosan O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari o‘rtasidagi sovuq munosabatlardir.

BBC Markaziy Osiyo masalalarida sharhlovchi John Maccarthy bilan bog‘lanib, Qamchiq dovoni osha quriladigan temir yo‘l rejasining iqtisodiy va siyosiy omillari haqida so‘ragan.

John Maccarthy: Ayni loyihani qurish juda qimmatga tushadi. Ayniqsa, ayni temir yo‘lning bu qadar tog‘li bir mintaqada qurilishi katta mablag‘ talab etadi. Zotan, bu temir yo‘lning ma‘lum qismi allaqachon qurilib bo‘lgan. Masalan, Angrenga qadar temir yo‘l bor va bu asosan ko‘mir koni uchun yotqizilgandi. Tog‘ osha Farg‘ona vodiysida esa tayyor temir yo‘l tizimlari bor. Ammo hamma gap shundaki, bu ikki mintaqani bog‘lovchi yo‘l dengiz sathidan ikki ming metr tepaga o‘rlashi kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham tog‘li mintaqalarda temir yo‘l yotqizilishi juda qimmatga tushadigan loyihalardan sanaladi.

BBC: O‘zbekiston mulozimlari bu loyihani "mamlakat iqtisodiy rivojlanishi uchun hayot-mamot masalasi" qabilida ko‘klarga ko‘tarishlari turgan gap, shunday emasmi? Ammo bu yerda gap iqtisoddan ham ko‘ra ko‘proq siyosat haqida bormayaptimi?

John Maccarthy: Bu mutlaqo siyosat bilan bog‘liq. Ya‘ni, boshqa bir davlatga kirmasdan o‘z hududlarini bog‘lay oladigan temir yo‘l qurilishi tabiiyki, siyosat bilan bog‘liqdir. Bundan o‘n yilcha avval shunga o‘xshash loyiha amalga oshirilgan edi. O‘zbekiston o‘z g‘arbiy hududlarini Turkmanistonni chetlab o‘tib bog‘laydigan temir yo‘l qurgan edi.

BBC: Bu temir yo‘l qurilishi ortida siyosiy sabablar turadimi va yo qo‘shnilar bilan an‘anaviy yomon munosabatlarmi, nima bo‘lsa ham, Qamchiq dovoni osha bu temir yo‘l qurilishi alal oqibat mamlakat iqtisodiga foyda keltiradimi?

John Maccarthy: Bilasizmi, ayni loyiha mening nazarimda birinchidan qimmatga tushadi va bu kabi mintaqada quriladigan temir yo‘ldan tashiladigan yuklarning og‘irligi cheklangan bo‘ladi. Ikkinchidan esa ayni temir yo‘ldagi qatnov jadal bo‘lmaydi. Ya‘ni, og‘ir vagonlarni tepaga chiqishi ham pastga tushishi ham oson bo‘lmaydi. Menimcha, tanlov imkoniyati yaratilsa tijoriy shirkatlar baribir Tojikiston osha temir yo‘lni tanlashadi. Bu ham tezroq va qulayroq yo‘ldir. Ehtimol, arzonroqqa ham tushar...