Gulnora Karimova jamg‘armasi bilan hamkorlikning nimasi yomon?

Image copyright AP
Image caption Forum jamg‘armasi va Gulnora Karimova xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg‘otgan.

Toshkentda ayollar ko‘krak saratoniga qarshi kurashga ko‘mak maqsadida xayriya marafoni uyushtirilgan, xorijda esa ushbu tadbir tashkilotchilaridan bo‘lgan AQShdagi Syuzan Komen nomidagi jamg‘armasi hamda Luvr muzeyi Forum jamg‘armasi bilan hamkorliklari uchun tanqidga tutilganlar.

Toshkent shahri va undan oldin O‘zbekiston viloyatlarida tashkil etilgan yugurish tadbirlarida Forum jamg‘armasi xabar qilishicha, 40 mingga yaqin kishi ishtirok etgan.

To‘plangan mablag‘ 1 milliard 50 million so‘mni tashkil etgani va ular ayollarda ko‘krak saratonini aniqlash va davolashga sarflanishi xabar qilingan.

Ayni paytda Eurasianet web-sayti xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi Forum jamg‘armasi bilan hamkorliklariga bag‘ishlangan maqola e‘lon qilgan.

Maqola "O‘zbekiston: Karimovaning saxovatpeshaligi xavotirlarni uyg‘otmoqda" deb nomlangan.

Forum jamg‘armasi va Gulnora Karimova xalqaro miqyosda katta qiziqishni uyg‘otgani yozilgan maqolada jamg‘arma 19 aprel kuni mashhur Luvr muzeyi bilan sheriklikni boshlagani haqida e‘lon qilgani xabari berilgan.

"Bunga qo‘shimcha Komen jamg‘armasi 1 mayda Toshkentda ko‘krak saratoni tadqiqotlari uchun mablag‘ to‘plashda Karimova bilan ittifoqchilik qilayotgani bois so‘nggi kunlarda tanqid ostiga qoldi", deyiladi maqolada.

"Luvr muzeyining O‘zbekistondagi inson haqlari poymol etilayotganiga ko‘z yumayotgani uyatlidir", deb aytgan Eurasianet veb-sahifasi bilan suhbatida Londonda istiqomat qiladigan o‘zbekistonlik jurnalist Shohida To‘laganova.

Shohida To‘laganova, O‘zbekiston mustaqil nohukumat notijorat tashkilotlarining faoliyat yuritishlariga izn bermaydigan mamlakat, deydi.

Bunday vaziyatda tibbiyot sohasida yoki xotin-qizlar salomatligi yo‘nalishida ishlamoqchi bo‘lgan faollar yo‘li to‘siladi, deydi Shohida To‘laganova.

"Nega Forum jamg‘armasi ayollar sterilizatsiyasi yo ayollar o‘rtasidagi kamqonlik yoki jinsiy xastaliklar muammolari bilan shug‘ullanmaydi", deya savol qo‘yadi jurnalist.

"Undan tashqari, nega bu jamg‘arma Madaniyat vazirligining funktsiyalarini o‘ziga olgan", deydi u.

O‘zbekiston madaniyati va va san‘ati forumi jamg‘armasi iste‘dodli odamlarga o‘z imkoniyatlarini ochishga yordam berayotgani, xunarmandlarga moddiy va texnik yordam berayotgani, o‘zbek san‘atkorlari, rassomlari va boshqa ijodkorlarining ijodlarini tashqariga olib chiqishga yordamlashayotgani xabar qilinadi.

Biroq Shohida To‘laganovaning aytishicha, O‘zbekistonda san‘atkor bo‘ladimi, rassom yoki dizayner, bu jamg‘arma bilan hamkorlikka rozi bo‘lmasa, o‘zicha "hech narsaga erisha olmaydi".

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi