Barak Obama: "Afg‘onistonda boshlagan ishimizni oxiriga yetkazamiz"

AQSh prezidenti Barak Obama Afg‘onistonga safari mobaynida Amerika xalqiga murojaat bilan chiqib urush harakatlari oxiriga yetkazilishini aytdi.

Janob Obamaning Afg‘onistondagi harbiy bazalardan birida qilgan murojaati to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQShga olib ko‘rsatildi.

AQSh Prezidentining bu galgi safari Afg‘oniston-Amerika munosabatlarining kelajagi borasidagi bitimni imzolash maqsadiga ega edi.

Janob Obamaning nutqidan bir necha soat o‘tmay Kobulda hujum uyushtirilib, yetti kishi qurbon bo‘ldi.

Afg‘on rasmiylariga ko‘ra, poytaxt sharqidagi xorijiylar uchun mo‘ljallangan mehmonxonani ikki xudkush hujumchi nishonga olganlar.

Qurbonlardan to‘rt nafari shu yaqin atrofdagi maktabning o‘quvchilari ekanligi ma‘lum qilingan.

Tolibon harakati ushbu hujumda mas‘uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

Milliy xavfsizlik muammosi

AQSh Prezidenti Kobulda prezident Homid Karzay bilan uchrashuvini "tarixiy", deya ta‘rifladi.

Muxbirlarga ko‘ra, janob Obamaning Afg‘onistonga safari va televideniye orqali nutqi ikki mamlakat xalqining urush harakatlaridan toqatlari toq bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri keldi.

AQShga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatilgan nutqida janob Obama Chikagoda o‘tkzilajak NATO sammitida "afg‘on kuchlarining kelgusi yil mamlakatdagi harbiy amaliyotlar uchun mas‘ul bo‘lishlari" masalasi ko‘rib chiqilishini bildirdi.

Image copyright AP
Image caption Barak Obama Afg‘onistonga safari mobaynida Amerika askarlariga minatdorchilik bildirdi.

NATO Afg‘onistondan xorijiy kuchlarni 2014 yil oxiriga qadar olib chiqib ketishni rejalagan.

Janob Obamaning aytishicha, Amerika askarlarini ular uchun xavfli bo‘lgan sharoitda keragidan bir kun ortiq ham ushlab turmaydi.

"Lekin biz Afg‘onistonda boshlagan ishimizni oxiriga yetkazishimiz va bu urushga mas‘uliyatli yo‘lda nihoya yasashimiz kerak", dedi AQSh Prezidenti.

Hozirda Afg‘onistonda 88.000 xorijiy askar mavjud. Ulardan 23.000 nafarini shu yil yoz oylariga qadar olib chiqib ketish rejalangan.

Afg‘on-Amerika munosabatlari kelajagi

AQSh Prezidenti o‘z nutqida prezident Karzay bilan erishilgan bitim tafsilotlariga ham to‘xtab o‘tdi.

Amerika Prezidenti safarini kuzatgan BBC muxbiriga ko‘ra, ushbu bitim deyarli ikki yillik muzokaralar samarasidir.

Bitimga erishidan avval tungi reydlar va maxbuslarni Afg‘on Xavfsizlik Kuchlariga topshirish masalalari ustida qattiq tortishuvlar ro‘y bergan.

Janob Obamaga ko‘ra, bitimda Afg‘on kuchlarini tayyorgarlikdan o‘tkazish va terrorizmga qarshi choralarni qo‘llab quvvatlash, shuningdek, afg‘on tomonining oshkoralik va hisob berish tamoyillariga sodiqlik masalalari ham o‘z o‘rnini topgan.

Prezident Obama Toliblar bilan "tinchlik muzokaralariga"ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, agarda Toliblar "Al-Qoida" bilan aloqalarini uzib, tinchlik yo‘liga o‘tsalar yarashuvga erishish mumkin bo‘ladi.