AQSh Davlat Departamenti turkman jurnalistlarini ozod etishni talab qildi

AQSh Davlat Departamenti qoshida o‘tkaziladigan matbuot anjumanida turkmanistonlik jurnalistlar Anagurban Amonqilichev va Sapardurdi Xojiyevlarni ozid qilish talabi yangradi.

Davlat Departamenti xodimi Mark Toner turkman rasmiylarini 2006 yilda hibsga olingan bu ikki jurnalistni zudlik bilan ozod qilib, fuqarolarning so‘z erkinligi huquqlarini hurmat qilishga da‘vat qildi.

Amnesty International inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotiga ko‘ra, Anagurban Amonqilichev va Sapardurdi Xojiyevlar 2006 yil iyun oyida yana bir hamkasblari Ogulsapar Murodova bilan birgalikda hisbga olinganlar.

Ogulsapar Murodova o‘sha yili sentyabr oyida hibsxonada olamdan ko‘z yumgan.

Xorijiy diplomatlar hamrohligida Murodova jasadini o‘likxonada borib ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan oila a‘zolarining aytishlaricha, uning peshonasida kattagina o‘yiq jarohat bor edi. Shuningdek, badani va bo‘ynida jarohat izlari mavjud bo‘lgan.

Anagurban Amonqilichev va Sapardurdi Xojiyevlar esa qalbakilashtirilgan ayblovlar asosida yetti yillik qamoq jazosiga hukm etilganlar.

Hibsga olingan vaqtlari bu ikki jurnalist o‘sha vaqtda prezident bo‘lgan Saparmurod Niyozovni tanqid ostiga oluvchi hujjatli film yaratuvchilari bilan birga ishlayotgan edilar.

Ishonilishicha, ular hozirda Turkmanboshi shahridagi qamoqxonada jazo muddatini o‘tamoqdalar.