Rossiya Amerika va NATOni ogohlantirgan

Image copyright bbc
Image caption Rossiya Amerika va NATOdan aniq va lo‘nda javobni talab qilgan

Rossiya Mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukovga ko‘ra, Ovro‘poda raketadan mudofaa tizimini o‘rnatish borasida AQSh bilan olib borilayotgan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

U bu haqda Moskvada Amerika rasmiylari bilan muzokara boshida gapirgan.

Shu oyning oxirida NATO hozirda amalda bo‘lgan o‘z loyihasining davomini e‘lon qilishi kutilmoqda.

Agar AQSh va NATO ko‘zlayotgan loyihalar Rossiya tinchligiga xavf soladigan bo‘lsa, Moskva Ovro‘podagi raketadan mudofaa tizimi ob‘ektlariga ogohlantiruvchi zarba berish rejasini qabul qilishi mumkin,- deb aytgan Rossiya Bosh Shtabi raisi Nikolay Makarov Moskvada ochilgan Raketadan Mudofaa Tizimi bo‘yicha o‘tgan xalqaro anjumanda.

Ayni paytda Rossiya tomoni voqeaning bunday rivoji bo‘lmasligini , vaziyatga optimistik nuqtai nazardan qarayotgani, hamkorlikdagi RMTni tuzish maqsadga muvofiqligini aytgan.

"Ovro‘poda hamkorlikdagi raketadan mudofaa tizimini yaratish yer yuzidagi qaysi mamlakat bo‘lishidan qat‘iy nazar xavfsizligini mustahkamlagan va barqarorlikni ta‘minlagan bo‘ladi",- deb aytgan Rossiya Xavfsizlik Qo‘mitasining raisi Nikolay Petrushev.

Ayni paytda NATO bosh kotibi o‘rinbosari Aleksandr Vershbou Rossiya va NATOning raketadan mudofaa tizimida hamkorlik qilmaslik xato bo‘lishini, biroq bu hamkorlikda albatta siyosiy asos bo‘lishi lozimligini ta‘kidlagan.

Rossiya NATO va AQShning raketadan mudofaa tizimida hamkorlik qilishdan oldin, bu tizim o‘ziga qaratilmagani haqidagi kafolatni talab qilmoqda.

AQSh bunday garantiyani qog‘ozda berolmasligini bildirgan.

Amerika maxsus vakili Eplen Tosherning aytishicha, Rossiya bilan bu masalada rivojlanishga erishilmagan bo‘lsa ham, muzokaralar olib borilishi ko‘zda tutilgan.

"Biz xozircha Rossiya ilgari surayotgan talablar bois bir qarorga kelolmayapmiz. Biz Rossiya talab qilgan yuridik kafolat bizning qo‘shinlarimiz va o‘zimizning xavfsizligimizni chegaralaydigan bo‘lsa, biz bu kafolatni berolmaymiz",- deb aytgan janob Tosher anjuman ochilishidan oldin.

"Bu anjuman Rossiya uchun katta imkoniyat. Biz bu borada ko‘p ma‘lumotlarni to‘pladik. Katta ish olib bordik.

Agar hozir Amerikani o‘z rejalarini o‘zgartirishga erisholmasak, keyin qiyin kechadi.

Biz amerikaliklarga o‘ylash uchun muhlat beramiz va aniq javob kutamiz",- deb aytgan Rossiya tomoni.

Oldinroq 19 aprelda Bryusselda bo‘lib o‘tgan Rossiya-NATO kengashi yig‘ilishida Tashqi Ishlar Vaziri Sergey Lavrov Moskva Ovro‘poda raketa tizimi yo‘nalishi Rossiyaga qaratilmaganiga to‘liq ishonch hosil qilmaganini aytgan edi.

"Bizga aniq va lo‘nda kafolat kerak. Amerika va NATOning raketadan mudofaa tizimi hech bir Ovro‘po davlati, jumladan Rossiyaga qaratilmagani, mamlakatimizning xavfsizligiga tahdid solmasligiga ishonch hosil qilishimiz lozim.

Aks holda juda jiddiy qadamlar qo‘yishimizga to‘g‘ri keladi",- deb ta‘kidlagan Sergey Lavrov.