Frantsiya: Sarkozi va Olland saylovning ikkinchi bosqichi arafasida

Image copyright AFP
Image caption Sarkozi saylovning ikkinchi bosqichida ham mag‘lub bo‘lishi kutilayapti

Nikola Sarkozi va uning raqibi Fransua Olland Frantsiya yangi tarixidagi eng dramatik deya baholanayotgan prezidentlik saylovlari doirasida saylovchilar ovozlari uchun kurashning oxirgi bosqichiga kirganlar.

Ommaviy fikr so‘rovlaridan ayon bo‘lishicha, amaldagi prezident o‘zidan ilgari ketayotgan Olland bilan o‘rtasidagi farqni biroz qisqartirishga muvaffaq bo‘lgan. Lekin, u baribir sotsialistlar nomzodidan olti foiz ortda qolmoqda.

Tahlilchilar fikrida, saylovlarning ikkinchi bosqichiga ikki kun qolar ekan, Sarkoziga faqat mo‘‘jiza yordam berishi mumkin.

U juma kuni bergan radiointervьyusida, agar saylovda g‘olib chiqsa, 48 soat ichida yangi vazirlar mahkamasini tayinlashini bildirgan.

Birozdan so‘ngra u Frantsiyaning g‘arbiy qirg‘og‘idagi Le-Sabl-d'Olon shahrida nutq so‘zlashi kutiladi.

Ayni damda Olland Marselga yo‘l olgan. U Marseldagi chiqishidan so‘ng Perige shahriga borib saylovchilar bilan oxirgi uchrashuvini o‘tkazadi.

Saylovoldi targ‘ibot ishlari mahalliy vaqt bilan shanba kuni yarim tunda rasman yakuniga yetadi.

Prezident saylovlardan oldin ham mag‘lub bo‘lgandi

Payshanba kuni Olland markazchilar lideri Fransua Bayruning dastagini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Saylovning birinchi bosqichida Bayru 9.1% ovoz bilan beshinchi o‘rinni egallagandi. Agar uning saylovchilari o‘z ovozlarini Ollandga berishsa, bu Sarkozi kampaniyasiga qattiq shikast yetkazadi.

Bayru bir vaqtlar Sarkozi qo‘li ostida o‘ng qanot hukumati a‘zosi bo‘lib ishlaganiga qaramay, oxirgi paytda Sarkozi siyosati o‘ngga o‘ta og‘ib ketganini aytmoqda.

U o‘z saylovchilariga hech qanday tavsiya bilan murojaat etmayotganini aytdi, biroq Sarkozini Ovro‘po qadriyatlaridan voz kechishda va ulьtra o‘ng qanot partiyalari bilan muhojirlik masalalarida yaqinlashishda aybladi.

Amaldagi prezident o‘ta o‘ng qanot partiyasi rahbari Marin Le Penning tarafdorlari ovoziga ko‘z tikmoqda, lekin Le Pen xonimning o‘zi Sarkozi yo uning raqibiga ovoz berishdan ko‘ra, qutiga bo‘sh qog‘ozni tashlashni afzal ko‘rishini aytgan.

Birinchi bosqichda 6,4 million frantsuzlarning ovozini olgan Le Pen saylovlar nihoyasiga yetganini bildirdi, chunki, uning ta‘birida, Sarkozi "allaqachon mag‘lub bo‘ldi".

Chorshanba kuni Sarkozi va Olland o‘rtasidagi qizg‘in va ehtiroslarga boy teledebatni 17,9 million frantsuz tomosha qilgan.