Qozog‘iston: ishtonsiz chiqishlar va "qatl qilingan panda" muallifiga nima bo‘ldi?

Image caption Rassom qozoq hududlarining Xitoyga sotilishiga qarshi noroziliklar doirasida o‘yinchoq pandaning boshini tanasidan judo qilgandi

Qozog‘iston Sotsialistik Harakati taniqli rassom va muxolifat faoli Qanat Ibragimov qamoqda quruq ochlik e‘lon qilgani va o‘z joniga qasd qilishni rejalayotganidan xavotir bildirgan.

O‘zining performans art uslubidagi aksil-hukumat tomoshalari bilan nom chiqargan janob Ibragimov 28 aprel kuni Norozilar mitingida hibsga olinib, 15 kechayu kunduzga qamoqqa olingandi. Qanat Ibragimovning bu yilgi norozilik chiqishlariga dekabr oyida Janao‘zen shahrida yuz bergan qonli voqealar sabab bo‘lmoqda.

Sotsialistik Harakatga noma‘lum kishi qo‘ng‘iroq qilib, Ibragimov oldiga tezroq matbuot vakillari kiritilmasa va "uning do‘pposlanishi"ga munosabat bildirilmasa, u o‘zini o‘ldirishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Muxolifat "do‘pposlanish" deganda aynan nima nazarda tutilayotgani - ya‘ni Qanat Ibragimovni qamoqda do‘pposlashayaptimi yoki 28 aprel kuni qo‘pol ravishda hibsga olinishi chog‘ida yetkazilgan jarohatlar haqida gap ketayaptimi - buni aniq bilmaydi.

28 aprelda Norozilar harakatining Olma-ota shahrida o‘tgan ruxsatsiz namoyishida 400ga yaqin odam qatnashgandi. Bir soat davom etgan bu namoyish militsiya tomonidan tarqatilib, Qanat Ibragimov boshqa muxolif faollari, Larisa Boyar va Baxitjon Toregojinlar bilan 15 sutkaga qamoqqa olingandi.

Bu Qanat Ibragimovning birinchi marta hibsga olinishi emas. U shu yil 24 martda Norozilar mitingida chiqish qilgani uchun ham 15 kunga qamalib chiqqan. O‘shanda u "militsiya va mahkama o‘zboshimchaligiga qarshi" deya ochlik e‘lon qilgandi.

Qatl qilingan baliq va pandalar

Image caption Rassomning protest-tomoshalari o‘z rang-barangligi bilan jamoatchilik diqqatini tortadi

Qanot Ibragimov o‘zining sensatsion protest-tomoshalari bilan nom chiqargan.

Masalan, 2009 yilda u Respublika gazetasi jurnalistlariga qarshi Turan-Alem bankining mahkama ishi, hamda Alem-Art jamg‘armasi san‘atkorlaridan besh yarim million dollarni qaytarib olish qarorlariga qarshi ravishda namoyish o‘tkazib, matbuot va namoyishchilar oldida ichki ishtonini yechgandi.

U bu bilan san‘atkor va jurnalistlarning bisotidagi bor mulki tortib olinayotganini aytmoqchi bo‘lgan.

2010 yilda esa Qanat Ibragimov Qozog‘iston yerlarining Xitoyga sotilishi borasidagi hukumat qarorlariga qarshi chiqib, Olma-Ota markazida o‘yinchoq panda ayig‘ining boshini tanasidan judo qilgan.

Ayni yil o‘tkazgan yana bir tomoshasida Qanat Ibragimov shahar markaziga chiqib, baliqning boshini tanasidan judo qilgan. U baliqning boshini chopib tashlashdan avval "Baliq boshidan chiriydi" deya qichqirgan va bu bilan Prezident Nursulton Nazarboyevning mamlakatdagi siyosiy ahvol va korruptsiyaga javobgarligiga ishora qilgan.

E‘tibor

Rassomning protest-tomoshalarini kuzatib boruvchi Olma-otada ishlaydigan jurnalist Joanna Lillisga ko‘ra, Qanat Ibragimovning rang-barang tomoshalari odatda "muzlab qolgan" deya tasvirlanadigan siyosiy sahnada jamoatchilikning e‘tiborini tortishga muvaffaq bo‘lib kelayapti.

Image caption Ibragimov 2009 yilda prezident qizi uyushtirgan matbuot forumini ham qisqa vaqtga izdan chiqardi

"Men oxirgi marta u bilan Prezident Nazarboyevning qizi Dariga Nazarboyeva tashkil qilgan nufuzli matbuot forumida uchrashdim, unda Qanat yonida kuy chalayotgan skripkachi ayol yoniga turib olib, "Slova na veter", ya‘ni "Bu bo‘lmag‘ur gap so‘zlar" deya qichqirib, forum ishtirokchilariga qarata dordan osilgan odam rasmi chizilgan varaqalarni otdi. Men undan nimaga bunday qilganini so‘raganimda, u Qozog‘istondagi matbuoat ahvoli o‘ta yomon bo‘lib qolayotgan bir vaqtda bu kabi dabdabali matbuot forumiga chet ellardan jurnalistlar ataylab olib kelinganiga qarshi namoyish qilayotganini aytdi", - deydi jurnalist.

Qanot Ibragimovning bu yilgi norozilik chiqishlariga o‘tgan dekabr oyida Janao‘zen shahrida yuz bergan qonli voqealar va ular ortidan o‘tkazilayotgan, uning ta‘biridagi, adolatsiz mahkama ishlari turtki bo‘layapti.

Rassom o‘zini shu vaqtgacha siyosiy faol deya tasvirlashdan bosh tortib kelgan bo‘lsada, uning so‘nggi namoyishlari tobora siyosiy tus olmoqda.

Norozilar harakatining hibsga olingan a‘zolari va ularning ahvoli borasidagi ma‘lumot matbuotga berilmayapti.

Ayni damda Qozog‘iston Sotsialistik Harakati rassomning o‘zini o‘ldirishi haqidagi ogohlantirishni maxsus xizmatlar ataylab to‘qib chiqarayotgan bo‘lishi, va bu bilan maqsad uning ruhiy nosog‘lom ekanini namoyish qilish bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmayapti.