O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkentda otishma bo‘lganini rad qilgan

"Fergana.ru" saytida 4 may, juma kuni O‘zbekiston poytaxtining chetida mahbuslarni temir yo‘l poyezdiga o‘tqaziladigan payt favqulodda hodisa yuz bergani xabar qilingan edi.

Xabarda aytilishicha, temir yo‘l vagonida olib ketilayotgan mahbuslar isyon ko‘targan, qurbonlar bo‘lgan.

O‘zbekiston davlat matbuoti bu haqda hech qanday xabar tarqatmagan.

Yana "Fergana.ru" saytining ma‘lum qilishicha, O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirligi mamlakat poytaxtida mahbuslarning qo‘zg‘olon ko‘targani haqidagi xabarni rad qilgan.

RIA Novosti tarqatgan xabarga ko‘ra,"O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi shanba kuni Toshkentning Shimoliy vokzalida "antiterroristik o‘quv mashqi" o‘tkazilganini bildirgan.

"O‘quv mashqlari davomida terroristlar tomonidan poyezning qo‘lga olinishi, garovga olinganlarni jangarilardan ozod qilish sahnasi mashq qilingan",- deb aytgan Favqulodda vaziyatlar vazirligidagi manba RIA Novostiga.

4 may kuni Fergana.ru"ga Toshkentdan xabar bergan noma‘lum manbaning aytishicha, kecha Yakkasaroy tumanida kunning ikkinchi yarmida otishma boshlanib ketgan.

Voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan militsiya xodimlari katta maydonni o‘rab olishgan.

Guvohning aytishicha, "Korzinka" do‘konining ro‘parasidan o‘tgan temir yo‘l ustida otishma juda uzoq davom etgan.

"Temir yo‘l ustida jasadlarni ko‘rish mumkin edi. Odamlar qochdi, yana otishmalar boshlandi. Keyin BTRda kelib vagonlarni o‘qqa tutishdi. Hozir qorong‘i tushdi. Qurshovni olib tashlashgan. Hodisa aynan mahbuslar bilan sodir bo‘lganiga balki adashayotgandirman. Lekin ularning hammasi bir xil mahkumlar kiyimiga o‘xshagan kiyimda edi",-deb aytgan nomini oshkor etmagan guvoh.

Ismini ochiqlamagan shahar huquq-tartibot idoralaridagi manbalar bergan, biroq rasman tasdiqlanmagan ma‘lumotlarga qaraganda, mahbuslar qo‘riqchilarga hujum qilishgan va poyezdni yoki bir necha vagonni qo‘lga olishgan.

Qo‘zg‘olon maxsus xizmatlar tomonidan shafqatsiz bostirilgan.

Mahbuslarni olib ketayotgani gumon qilingan poyezd hamon yo‘lda turgani, voqea sodir bo‘lgan joyda ko‘plab militsiya xodimlari tezkor-qidiruv ishlari boshlashgani aytilgan.

Qurbonlarning aniq soni ma‘lum emas. Biroq guvohning "Fergana.ru"ga yuborgan fotosuratlariga qaraganda kamida 4 kishi o‘lgan.