Beckham - britan va irland sportchilari orasida eng badavlati

Image copyright PA
Image caption Bekham yaqinda Pari San Jermen klubi tarkibida o‘ynamaslikka qaror qildi va Kaliforniyadagi klubi bilan shartnomasini yangiladi

Deyvid Bekham Buyuk Britaniya va Irlandiyadagi sport arboblari orasida eng badavlat shaxs deya topilgan.

Londonda chop qilinuvchi Sunday Times ro‘znomasiga binoan, 37 yoshli LA Galaxy klubi futbolchisi Bekhamning boyligi 160 million funt sterling, ya‘ni 258 million dollarga teng.

Jahondagi eng badavlat sportchilar ro‘yxatida esa janob Behkam 10-o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rinda 869 million dollar egasi - golьfchi Tayger Vuds.

Eng badavlat ayol sportchilar orasida esa reklama va targ‘ibot ishlaridan katta mablag‘ oladigan tennischi Mariya Sharapova birinchi o‘rinni egalladi.

Britaniya va Irlandiyaning eng badavlat 100 sportchisidan 48 nafari futbolchilardir.

Janob Bekhamdan so‘nggi ikkinchi o‘rinda Leeds Rhinos regbi klubining egasi, ko‘chmas mulk korchaloni Pol Kaddik.

London Olimpiadasi yaqinlashib kelar ekan, bironta ham britan yo irland atletlari, masalan velopoyga, yugurish yo suzish bo‘yicha bellashuvchi atletlar eng yuqori yuztalikka kirmagan.

O‘tgan yili janob Bekham 306 million dollar sohibi bo‘lmish Vigan futbol klubi raisi Deyv Uilandan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Bu yilgi badavlat sportchilarning global ro‘yxatida janob Vudsdan keyingi o‘rinlarni olmoniyalik Formula One haydovchisi Maykl Shumaxer va basketbol yulduzi Maykl Jordan egalladi.