Fransua Olland Frantsiya prezidenti etib saylangan

Image copyright AFP
Image caption Fransua Olland Fransua Mitterandan 17 yil o‘tib saylangan sotsialist prezident bo‘lgan

Frantsiya ichki ishlar vaziri Klod Gean sotsialist Fransua Ollandni Frantsiyaning yangi prezidenti etib saylanganini rasman e‘lon qilgan.

Olland Frantsiyaning amaldagi prezidenti Nikola Sarkozidan ikkinchi bosqichda ustun kelib, prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan.

Saylovlarda Fransua Olland 51,13 foiz, Nikola Sarkozi esa 48,87 foiz ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lishgan.

Nikola Sarkozi Frantsiya davlat telekanalida rasmiy murojaat bilan chiqib, o‘z mag‘lubiyatini tan olgan.

"G‘alaba uchun qo‘lidan kelgan barcha harakatni qilgan"ini aytgan janob Sarkozi Frantsiyaning yangi dahbariga muvaffaqiyat tilagan."Fransua Olland - Frantsiya prezidenti, uni hurmat qilish kerak", - degan Nikola Sarkozi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Olandning g‘alabasi butun yevrohududga jiddiy ta‘sir o‘tkazishi mumkin.

Saylovoldi kampaniyada o‘sib borayotgan ishsizlik darajasi va yevro hududidagi inqiroz ustunlik qilgan.

Janob Sarkozi retsessiyaning oldini olib qolganini aytib, "mustahkam Frantsiya"ni saqlab qolish yo‘lida kurashishni va‘da qilgan.

Lekin, janob Olland mamlakat "jiddiy inqiroz" qa‘riga botganini aytib, o‘zgarishlar zarurati haqida gapirgan.

Frantsiyaning yangi saylangan sotsialist prezidenti Fransua Olland o‘z hukumatini shakllantirish ishlarini boshlagan.

Sotsialistlar rahbari allaqachon Nikola Sarkozi va Germaniya kantsleri Angela Markel qabul qilgan byudjet tartibi haqidagi Yevropa shartnomasini qaytadan ko‘rib chiqishni taklif qilgan.

G‘alabani sharaflab

Fransua Ollandning tarafdorlari Parijning Bastiliya maydoniga g‘alabani nishonlash uchun yig‘ilishgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, maydonda yig‘ilganlar shampan vinosi ichib bayram qilishgan va "Sarko, hammasi tugadi!", deb qichqirishgan.

Sotsialistlar rahbarining g‘alabasini nafaqat iqtisodiy loyiha, balki prezident Sarkoziyning omma oldidagi uncha yuqori bo‘lmagan mavqei ham ta‘minlab bergan.

Janob Olland Frantsiyaning prezidenti sifatida so‘zlagan dastlabki nutqida odamlarda umid uyg‘ota olganidan faxrlanishini aytgan.

Fransua Olland aytishicha, uning qiladigan birinchi ishi Ovro‘po Ittifoqining byudjetni qisqartirish siyosati bo‘yicha Ovro‘po liderlari bilan muzokaralarni boshlash bo‘ladi.

Frantsiyaning yangi prezidenti o‘z navbatida, yirik korporatsiyalar va yiliga 1 million yevrodan ko‘p pul topadigan fuqarolarga solinadigan soliq darajasini oshirishni va‘da qilgan.

U shuningdek, eng kam maoshni oshirish, 60 ming qo‘shimcha o‘qituvchilarni yollash va nafaqa yoshini ba‘zi ishchilar uchun 62dan 60ga tushirishini aytgan.

Olland 1981 va 1995 yillar orasida ikki muddat prezidentlik vazifasini bajargan Fransua Mitterandan 17 yil o‘tib, Frantsiya prezidenti bo‘lgan birinchi sotsialistdir.

Fransua Mitteranning 14 yillik rahbarlik davri Frantsiya tarixidagi eng uzoq prezidentlik sanaladi.

Saylovoldi chiqishlarida endilikda sobiq prezident Nikola Sarkozi mag‘lubiyatga uchrasa, siyosatda qolmasligini aytgan.

15 may kuni Fransua Olland Fransiyaning yangi prezidenti sifatida qasamyod qabul qiladi.

Iyun oyida Frantsiyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi.