"Super Oy" samoga qalqib chiqdi

Image caption "Super Oy" odatdagidan 14% kattaroq va 30% yorug‘roq namoyon bo‘ladi

Oy Yer sayyorasiga yaqinlashib kelar ekan, jahon bo‘ylab "Super Oy" samoga qalqib chiqqani borasida xabarlar tarqagan va toshqinlardan ogohlantirishlar yangragan.

To‘lin oy perigeyi deb ataluvchi bu fenomen, Oy Yerdan eng uzoq masofada bo‘lishi bilan sotishtirganda, 14 foizgacha kattaroq ko‘rinishi va 30 foizgacha yorug‘roq bo‘lishini anglatadi.

Perigey Oy orbitasining Yerga eng yaqin nuqtasidir.

Oyning Yerga eng yaqin ko‘rinishi soat Grinvich vaqti bilan tonggi 03:30da sezilgan.

Britaniyadagi Qirollik Munajjimlar Jamiyatining a‘zosi Doktor Robert Massining aytishicha, Oyning hajmidagi o‘zgarish uning yorug‘ligidagi o‘zgarishdan osonroq seziladi.

"Insonning ko‘zi tabiatdagi yorug‘likka moslashishga o‘rgangan, shunday ekan Oy yorug‘ligidagi o‘zgarishni uncha ilg‘amaymiz", - dedi u.

Image caption "Super Oy" Sankt-Peterburgdagi Avliyo Isoq cherkovi uzra ko‘tarilmoqda

Oy eng katta ko‘ringanida u Yerdan 356,400 kilometr uzoqlikda bo‘ladi. Odatda Oy va Yer orasidagi masofa 384,000 kilometrga tengdir.

"Oy Yerga yaqinlashganida, u to‘lin yo hilol bo‘lishiga qaramay, ummonlardagi to‘lqinlar tortilishi kuchayadi, chunki Oy va Quyoshning tortilish kuchi tenglashadi", - deydi Doktor Massi.

"Oy hamisha go‘zaldir, to‘lin oy yerga yaqinlashsa yanada dramatik namoyon bo‘ladi", - deydi u.

Olimlar Oyning Yerga yaqinlashishi toshqinlarni keltirib chiqarishi yoki insonlarning lixantropiya kasaliga chalinishiga yetaklashi borasidagi g‘oyalarni rad etganlar. Lixantropiya ruhiy kasallik bo‘lib, unga chalingan odam o‘zini hayvonga aylangandek his qilishi mumkin.

Xalq og‘zaki ijodida Oyning Yerga yaqinlashishi insonlar orasida lunatizm, ya‘ni oyparastlikni keltirib chiqarishi aytiladi. Oyparastlikka mubtalo bo‘lgan odam uyqusida ham uyg‘oqdek yuradi.