Andijon xunrezligi shohidi bo‘lgan mustaqil jurnalistga savol bering

Image copyright none
Image caption Aleksey Volosevich - Andijon xunrezligi shohidi va O‘zbekistonda qolayotgan kam sonli mustaqil jurnalistlardan biri

Jurnalist Aleksey Volosevich - Andijonda norozilik namoyishiga chiqqan odamlar o‘qqa tutilganiga shohid bo‘lgan.

Uning Andijon voqealari va undan keyin bir necha hafta davomida o‘z ko‘rganlari asosida yozgan xabarlari o‘sha payti aslida nimalar sodir etilgani haqida tashqi dunyoni xabardor etgan edi.

Ayni damda, O‘zbekistonda bugun faoliyat olib borayotgan o‘ta kam sonli mustaqil jurnalistlardan biri hamdir.

Jurnalist hozir o‘zi guvoh bo‘lib turgan voqeliklarni tasvirga olishga ham harakat qiladi. Ammo O‘zbekiston sharoitida jurnalistlik bilan shug‘ullanish o‘ta qiyinligini ta‘kidlaydi.

"Qayerga bormay, militsiyadan tortib mahalla faollarigacha qarshilik qilishadi, surishtiradi" - deydi Aleksey - "Har safar kamida 2-3 soat vaqtim isrof bo‘ladi".

Aleksey Volosevich o‘z faoliyati tufayli O‘zbekistonda bir necha bor qo‘lga ham olingan.

Masalan, 2010 yili O‘sh qirg‘ini payti Qirg‘izistonlik o‘zbek qochqinlari ahvolini o‘rganmoqchi bo‘lganida, O‘zbekiston huquq tartibot idoralari uni qariyb 3 kun Andijonda hibsda ushlab turishgan.

Lekin jurnalistga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda qo‘lga olinmagan jurnalistlar o‘zi kam qolgan.

"O‘zbekistonda eng qiyin masala - axborot olish" - deydi u.

Shunga qaramay, Aleksey Volosevich O‘zbekistonda faoliyatini davom ettirish va o‘z mamlakati haqida dunyoga haqiqatni yetkazish niyatida.

Andijondagi 2005 yilgi xunrezlik shohidi va O‘zbekistonda qolayotgan o‘ta kam sonli mustaqil jurnalistlardan biri Aleksey Volosevichga savollaringizni pastdagi maxsus forma orqali yo‘llang.

Elektron pochta orqali savol bermoqchi bo‘lsangiz, manzilimiz: uzbek@bbc.co.uk

Jurnalist bilan suhbatni kelasi dam olish kungi dasturlarimizda tinglab, websahifamizda o‘qiy olasiz.

Savollaringizni kutamiz.