Musulmon dunyosi qochqinlar masalasini muhokama etmoqchi

Image copyright AP

Islomiy Hamkorlik Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Turkmaniston poytaxti Ashxobodda yig‘ilib, a‘zo davlatlardagi qochqinlarning o‘z ona Vatanlariga ko‘ngilli ravishda qaytishlari uchun lozim shart-sharoitlarni yaratish masalasini muhokama etishmoqchi.

Britaniyada joylashgan Urush va Tinchlikni yoritish instituti tarqatgan xabarlarga ko‘ra, "Musulmon dunyosidagi qochqinlar" nomli xalqaro anjuman Birlashgan Millatlar Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi bilan hamkorlikda uyushtirilmoqda.

Yig‘in chog‘ida eng asosiy e‘tibor Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo davlatlaridagi qochqinlar bilan bog‘liq vaziyatga qaratilishi aytilmoqda.

Institut keltirgan ma‘lumotlardan ayon bo‘lishicha, butun Markaziy Osiyo nazarda tutilganda, bugun mintaqadagi qochqinlar va siyosiy boshpana izlovchilarning soni 10.000 ga yetgan.

Ulardan aksariyatining afg‘onlar, chechenlar va uyg‘urlar ekani aytiladi.

Inson Huquqlari va Qonun Ustivorligi xalqaro byurosidan Denis Jivaganing ta‘kidlashicha, xavfsizlik - Markaziy Osiyodagi qochqinlar to‘qnash kelayotgan asosiy muammodir.

"Biz barcha xalqaro konventsiyalarga zid ravishda, qiynoqlar va boshqa noinsoniy munosabatlarga mahkum etib, tuzumning ta‘qibidan qochib yurgan insonlarning ortga qaytarilishi hodisalariga guvoh bo‘lganmiz", deydi faol.

Janob Jivaganing aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari qochqinlar muammosiga insonparvarlik emas, balki siyosiy masala sifatida qaraydi.

"Shu bois ham, qochqinlar uchun hech qanday real kafolat yo‘q", deydi u.

O‘zbekistondagi ahvol

Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqilligi ortidan muhojiratga yuz tutgan fuqarolarning soni bir necha yuz mingdan, bir necha millionga yetgan.

Kimlaridir tirikchilik, boshqalari esa jon qayg‘usida o‘z vatanlarini tark etgan o‘zbekistonliklarni bugun dunyoning deyarli har bir qit‘asida uchratish mumkin.

Va o‘tgan yillar mobaynida ularning saflari talabadan tortib, shifokor, o‘qituvchidan tortib, yozuvchi-shoirga qadar rang-baranglashib ulgurgan.

2005 yil 13 may oyidagi Andijon qirg‘ini esa, mamlakatda qolgan deyarli barcha erkin fikrli ziyolilar, mustaqil jurnalistlar, inson huquqlari faollari va muxolifat a‘zolarini oilaviy bo‘lib O‘zbekistonni tark etishlariga majbur qilgan.

O‘zbekistonlik taniqli shoir Yodgor Obid yigirma yildan buyon muhojiratda yashaydi.

Hozir Avstriyadan boshpana topgan shoir siyosiy ta‘qiblar tufayli O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan va siyosiy qochqin maqomiga ega.

Yodgor Obid, "Bu kabi xalqaro anjumanlar biror bir amaliy natija berishiga ishonmasa-da, aynan musulmon davlatlari tomonidan qochqinlar masalasining ko‘tarilayotganini muhim voqea deb hisoblashi"ni aytadi.

Ammo, unga ko‘ra, "yig‘in ishtirokchilari qanday qaror qabul qilishmasin, bugungi mavjud rejimni o‘zgartirib, shaxsan o‘zining O‘zbekistonga qaytishiga sharoit yaratib berisholmaydi.

"Bunaqa takliflar menga hukumat tarafidan ko‘p bo‘lgan. Lekin natija butunlay boshqacha bo‘lib chiqqan. Shuncha voqealar bo‘lib o‘tgandan keyin ham, O‘zbekistonda ham, Turkmanistonda ham, umuman, sobiq Sovet Respublikalarida hech qanaqa o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Siyosiy o‘zgarish yoki odamlar, fuqarolar, vatandoshlarga nisbatan hech qanaqa o‘zgarish bo‘lgani yo‘q", deydi shoir.

U, "O‘zbekistondagi bugungi tuzum tubdan o‘zgargan taqdirdagina, ortga qaytajagi"ni aytadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘shlik qochqinlar qanday fikrda?

Qirg‘iziston janubida 2010 yil iyun oyida yuz bergan qonli nizolar ham o‘n minglab kishilarning muhojiratga yuz tutishlariga sabab bo‘lgan.

Aksariyati o‘zbeklardan iborat qochqinlar butunboshli oilalari bilan o‘z uy-joylarini tark etishga majbur bo‘lishgan.

Ulardan aksariyati bugun Rossiya yoki Turkiyadan boshpana topishgan.

Mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar orasida kelib chiqqan o‘sha to‘qnashuvlar yuzlab insonlarning umrlariga zomin bo‘lgandi.

Minglab uy-joy va tijoratlarga o‘t qo‘yilgandi. Yuz minglab odamlar esa, darbadarlikka yuz tutishgandi.

Orada kechgan vaqt davomida qochoqlardan aksariyati ortga, o‘z uylariga qaytishgan.

Ammo, xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga qaralsa, ulardan 60.000 ga yaqini hanuz Qirg‘iziston va dunyo bo‘ylab darbadarlikda hayot kechirishmoqda.

Qochoqlardan aksariyatining o‘zbeklar ekani aytiladi.

Ikki yildirki, Turkiyadan boshpana topgan ana shunday qochoqlardan biri biz bilan suhbatda, "Qirg‘izistonda tinchlik bo‘lib, biroq kelib, bezovta qilmasa va haqiqat bo‘lgan taqdirdagina" ortga qaytgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Lekin, unga ko‘ra, shunda ham ona Vataniga bir umrga qaytish istagi yo‘q.

"Qirg‘izistonda, misol, kechki soat olti, yettilardan keyin dadil, bemalol boshingizni ko‘tarib, yurolmaysiz. Borib, kelganlar hayot tinch, yaxshi, ammo baribir ham odamlarning yuragida qo‘rquv saqlanib qolgan, deyishyapti. To‘g‘ri, Vatan, qumsaysiz, ketgingiz keladi, ammo yuz bergan voqealarni eslagandan keyin, fikringizdan qaytasiz. Endi, hazilakam narsa bo‘lmadi-da. Qo‘rqinchli, dahshatli hodisalar bo‘ldi", deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Musulmon dunyosidagi qochqinlar" masalasiga qaratilgan xalqaro anjuman esa, shu yilning 10-11 may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Yig‘inda Islomiy Hamkorlik Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlaridan tashqari, o‘nlab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari va yigirmadan ortiq davlat kuzatuvchilarining ishtirok etishlari kutilmoqda.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, musulmon davlatlaridan aksariyat qochqinlar shu paytga qadar asosan Ovro‘po mamlakatlaridan boshpana olishgan.