O‘sh voqealari haqida hujjatli film muallifi militsiya nazoratida

Image caption Abdulaziz Mahmudov o‘zbek militsiyasi nazoratiga tushishi sababini O‘sh haqidagi hujjatli filmiga bog‘laydi

Qirg‘iziston janubida 1990 va 2010-yilda yuz bergan etnik mojarolarga bag‘ishlangan "O‘tmish va kelajak oralig‘ida" nomli hujjatli film muallifi Abdulaziz Mahmudov Toshkent shahar Mirobod militsiyasi tomonidan nazorat ostiga olingan.

Bu haqda bugun kinorerjissyorni militsiya idorasiga suhbat uchun chaqirgan zobit ma‘lum qilgan.

Janob Mahmudov suratga olgan hujjatli filьmning O‘zbekiston hududida namoyish qilinishi shu yil mart oyida "O‘zbekkino" Milliy Agentligi tomonidan taqiqlab qo‘yilgan edi.

"O‘tmish va kelajak oralig‘ida" filmini ko‘rikdan o‘tkazgan "O‘zbekkino" mutasaddilari uni qayta ishlashni tavsiya qilganlar.

Ularga ko‘ra, "nuqsonlar" mavjudligi va o‘zbek tomoshabini uchun "xos emasligi" bois film ta‘qiqlab qo‘yilgan.

Qariyb bir soatlik hujjatli filmda Qirg‘iziston janubida yuz bergan qonli hodisalar yuzasidan siyosatchilar, ekspertlar, tarixchilar va mutaxassislar fikri o‘rin olgan.

"Erkin matbuot"

Abdulaziz Mahmudovning aytishicha, aynan "O‘zbekkino" ekspertlari u olgan film borasida O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga xabar berishgan.

"Ular tegishli organlarga yozib berishgan. "Shunaqa-shunaqa odam, shunaqa kino qildi, bu bizing siyosatimizga noloyiq, degan ma‘noda yozib berganga o‘xshaydi. Shuning uchun shunaqa harakatlar boshlandi", - deydi kinorejissyor.

Janob Mahmudov so‘zlariga ko‘ra, Mirobod tuman militsiyasi zobiti shuningdek undan nima uchun o‘zbek muxolifati haqida filmlar olganini so‘ragan.

"Bu mening professional burchim edi va u payti (90-yillar) har xil manbalarning muxbiri edim. Shuning uchun ularni suratga olganman, deb javob berdim", - deydi Abdulaziz Mahmudov.

Kinorejissyor Mirobod tuman militsiyasi tomonidan ro‘yxatga olinishi borasida hozicha "biror bir gap aytish qiyin" ekanini bildirdi.

"Menimcha, kimdir "buni jilovini tortib qo‘yinglar", degan ma‘noda gapirganga o‘xshaydi. Va O‘zbekistonda erkin matbuot umuman yo‘qligining isbotida bu. Hammasi ishkanjada", - deya ilova qiladi janob Mahmudov.

"Maxsus ro‘yxat"

Toshkentlik huquqbon Suhrob Ismoilov kinorejissyor va militsiya zobiti uchrashuvida janob Mahmudov vakili sifatida ishtirok etgan.

"Kim nazoratga olish va ro‘yxatga qo‘yish bo‘yicha buyruq berdi, nima asoslarga ko‘ra, qaysi huquqbuzarliklar uchun va bu buyruqni qanday qilib bekor qilsa bo‘ladi, deb qayta-qayta so‘rasak ham, savollarimizga javob olmadik", - deydi Suhrob Ismoilov.

Uning militsiya zobiti e‘tirofiga iqtibosan aytishicha, O‘zbekistondagi ma‘lum shaxslar uchun maxsus ro‘yxat mavjud.

"Barcha muxolifat faollari, huquq himoyachilari va jurnalistlar ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot organlari maxsus ro‘yxatida turilar ekan", - deydi Suhrob Ismoilov.

BBC Abdulaziz Mahmudov bilan Mirobod tumani ichki ishlar idorasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida so‘radi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi