Partiyasiz Putin kim?

Image copyright AP
Image caption Vladimir va Lyudmila

Bundan ikki hafta avval Prezident Putin "Yagona Rossiya" partiyasi rahbarligini topshirgan edi.

Garchand bu haqda qonunchilikda hech narsa deyilmagan bo‘lsa ham, Rossiyada prezidentning partiyasiz bo‘lishiga doir o‘ziga xos an‘ana shakllangan.

Putin o‘z amalini shunday tushuntirdi.

"Konstitutsiya prezidentning biror bir partiyaga a‘zo bo‘lish bo‘lmasligini taqiqlamaydi. Ammo bizda siyosiy hayotda prezident barcha siyosiy kuchlar va fuqarolar uchun birlashtiruvchi kuchdir", deb aytdi Putin.

Rossiyaliklarda, ayniqsa sho‘rolar davrini unutmagan demokratik qarashdagi ruslarga "partiya" so‘zi qichitqi o‘tdan ta‘sirga ega.

O‘z vaqtida Vladimir Putinning bepartiyaligi unga o‘z ilkida qudratli va katta kuch to‘plashiga yordam qilgandi.

Ammo Amerika va yo Fransada prezidentlarning ma‘lum partiyaga a‘zo bo‘lishlari tabiiy sanaladi.

Demokratiyaning bor yo‘qligi ham shakliy tashqi ko‘rinishdan emas, balki zehniyat bilan belgilanadi.

"Partiya a‘zosimi va yoki yo‘q – bu ikkinchi darajali masala. Muhimi jamiyatda qonun oldida tenglik va muloqot madaniyati bor yo‘qligida", deydi siyosatshunos Dmitriy Oreshkin.

"Hammaning prezidenti" degan qo‘lbola formulani esa ko‘pchilik ayyorona deb biladi.

Siyosatchi hammaga yoqadigan yuz rubllik pul emas.

Yaponiya Imperatori millatni birlashtiruvchi kuch o‘laroq ta‘rif qilinadi, sabab u mamlakat fuqarolarining hayotiga umuman ta‘sir qilolmaydi.

Rossiyada prezident esa xalq hayotiga bevosita ta‘sir o‘tkazadi, u nima qilmasin, baribir qaysi bir qatlam norozi bo‘laveradi.

"Amerikada ham Prezident odatda amerikaliklarning ma‘lum bir qismi manfaatlarini taqdim etadi, ammo u yerda siyosiy kurash ancha taraqqiyparvar o‘tadi va qonun barcha uchun barobardir", deydi siyosatshunos Aleksey Vorobyov.

Partiya "qo‘riqlari"

Image copyright AFP
Image caption Qasamyod

Demokratiya nisbatan shakllangan mamlakatlarda siyosiy arboblar va partiyalar bir birlariga "bog‘lanib" qolgan bo‘lishadi.

Partiyalarga muvaffaqiyat qozonishlari uchun istarasi issiq va ommabop rahbarlar kerak, boshqa tomondan bu kabi rahbarlar bir o‘zlari biror narsaga erishishlari ham dargumon...

Rossiyada partiyalar haqida so‘z ketsa, "dala" so‘zi ishlatiladi, ya‘ni "bo‘sh joy" va bu yerda nimadir o‘sib chiqishi nazarda tutiladi.

So‘nggi yigirma yil ichida partiyalar yomg‘irdan keyin potirlab chiqqan qo‘ziqorinday paydo bo‘lishar va shu tezlikda yana g‘oyib bo‘lishardi.

Buning ustiga partiyalar pastdagi qatlamning manfaatlarini himoya qiladigan kuch sifatida emas, balki tepadan, biror bir rahbarning "hokimiyat dasturlarini" olg‘a yurg‘izadigan omil o‘laroq tuzilar edi.

Tahlilchilar shu o‘rinda Rossiya kommunistlaridan ovozlarni "olib qochadigan" "Adolatli Rossiya" partiya tuzilgani, ammo bu partiya qaytaga "Yagona Rossiya"ning saylovchilarini o‘ziga jalb qila boshlaganini aytishadi.

Natijada Kremldagilarning "Adolatli Rossiya"ga qiziqishlari ham susaydi.

Unda masala mohiyatini milliy ongdan qidirgan ma‘qulmikan?

Asrlar davomida shakllangan "odil va saxiy podshohga ishonch" masalasi ham bor...

Ba‘zida esa ayrimlar, rossiyaliklar aqalli navbatga turishni bilishmaydi, albatta kimdir ularga o‘shqirib berishi kerak deyishadi.

Ehtimol o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari hali fuqaroviy jamiyat juda ojizligi va keyinroq uning rivojlanishi ataydan sustlashtirilgani sababmikan bugungi holatga?

"Biz hamma narsani mentalitetga ag‘darishni juda yaxshi ko‘ramiz, albatta milliy o‘ziga xosliklar albatta bor. Yaponiya hech qachon Fransa bo‘lmaydi, Olmoniya esa Italiya...Ammo hamma davlatlar uchun umumiy fundamental tamoyillar bor. Rossiyada hamma narsa tez o‘zgaradi. Biz avvalgi rahbarlikka tayangan partiya tizimi jamiyatga mos kelmay borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz... partiyaning ichida o‘zgarishlar sodir bo‘lishi, bahsu munozara kechishi shart, aks holda siyosiy hayotning sur‘atiga mos tushmay qoladi", deydi Dmitriy Oreshkin.

Uning aytishicha, o‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligida saylovlarda ehtiroslar ustivorlik qilgan, bugungi kunda esa manfaatlar saylovni belgilamoqda.

So‘nggi mogikan?

Image caption Putin So‘nggi mogikanmi?..

Hokimiyat uchun kurashning yagona yo‘li demokratiyada qonuniy saylovlardir, saylovlarning esa ana shu kurashning mexanizmi bo‘lmish partiyalarsiz tasavvur qilish mushkul.

Dunyoda boshqa muqobil yo‘l o‘ylab chiqilmagan.

Namoyishlar, bloglar, ijtimoiy tarmoqdagi guruhlar va yo "mutaxassislar jamiyati" kabi ko‘rinishlar faqat yordamchi asboblar bo‘la oladi, xolos.

Aynan partiyalar siyosiy jarayonlarlarni tartibga soladi, manfaatlar o‘rtasida muvozanatni saqlaydi, rahbarlarni o‘rtaga keltiradi va ularni elita hamda xalq qarshisida ma‘suliyatini ta‘minlaydi.

Partiyalarsiz demokratiya bo‘lishi mumkin emas.

"Siyosiy jarayonlarga direjyorlik qilishning samarali va yo samarasiz harakatlari davom etadi. Kreml muxolifatning jig‘iga tegib keyin hokimiyatni topshirishini tasavvur qilish qiyin. Ammo hech narsa bo‘lmaydi deb ham o‘ylash ham xato. Partiyalar haqidagi yangi qonun Rossiyada imkoniyatlar darichasini ochib qo‘ydi", deydi Aleksey Vorobyov.

Nima bo‘lganda ham agar Rossiyada umumjahon qonunchilik sal bo‘y ko‘rsatadigan bo‘lsa, unda Vladimir Putin ehtimolki, Rossiyaning so‘nggi partiyasiz "milliy rahbari" bo‘lib tarixga kirar...